Savol bermayaptimi? Demak, fikrlamayapti!
Oilada kenja farzandman. Akam mendan o‘n, opam esa sakkiz yosh katta. Institutda o‘qib yurgan kezlarim ularning farzandlari allaqachon ertak eshitadigan yoshda edi. Tunda bolalar uxlashi uchun hovlidagi katta so‘riga qator joy solinardi. To‘shaklariga o‘rnashib olgan bolalar bobosidan ertak aytib berishini so‘rab injiqlik qilardi.
Bolalarning o‘rtasida yotgan dadam ularga ertak aytib berardi. Shunda jiyanlarim butun borliqni unutib, ertaklar olamiga g‘arq bo‘lardi. Bu ertaklar shunchalik qiziqarli, ibratli va jozibali ediki, biz kattalar ham bolaligimizda ularni eshitgan bo‘lishimizga qaramay, bolalar uyquga ketgunicha barcha ishimizni to‘xtatib, ertak tinglardik.
Otamning o‘ttizga yaqin ertagi bo‘lardi. Bolalar talashib-tortishib, o‘zlariga yoqqanini, ikki-uch kun avval aytilgan bo‘lishiga qaramay, takror aytib berishni so‘rashar, xuddi yangisini eshitayotgandek diqqat bilan tinglashardi. Har bir ertakdan so‘ng dadam bolalardan qanday xulosa chiqarish kerakligini so‘rar, ular esa talashib-tortishib o‘z fikrini bildirardi.
Bolalar tarbiyasida ertaklarning o‘rni nechog‘lik muhimligini, ertak tanlay bilish va uni maromiga yetkazib aytib bera olish ham mahorat ekanini o‘sha paytlarda anglab yetganman. Vaqt o‘tib o‘zim ham oila qurdim. Ikki o‘g‘lim ketma-ket tug‘ildi. Ularni dadamning ertaklarini aytib katta qildim. O‘g‘illarimning kattasi 9, kichigi 7 yoshga yetganda qizim tug‘ildi. Qizim uch yoshga kirib, ertak eshitadigan bo‘lganda, uch jildlik “O‘zbek xalq ertaklari” (“O‘qituvchi” nashriyoti, 2015-yil, uchinchi nashri, tuzuvchilar: M.Afzalov, X.Rasulov, Z.Husainova) kitobini sotib oldim.
Kitobni sotib olayotganda odatdagidek kirish so‘zini o‘qib ko‘rdim: “Bolalikni inson umrining eng beg‘ubor va oltin davri, deyishadi. Orzular osmonida parvoz etuvchi baxtiyor bolalikni esa xalq badiiy tafakkurining dahosi yaratgan go‘zal ertaklarsiz tasavvur etish qiyin. Bola ertakdagi jasur qahramonlardan o‘rnak oladi... Ertaklar olami bilan tanishgan kishi avvalo ma’naviy barkamollik chashmalaridan bahra oladi...”.
Bu so‘zlarni o‘qib, bolalarimga eng kerakli kitobni sotib olganimga amin bo‘ldim. Kichik o‘g‘lim kitobning birinchi, kattasi ikkinchi jildini olib, o‘qishga tushib ketdi. O‘n besh daqiqalardan so‘ng katta o‘g‘lim kitobni ochilgan holda olib kelib:
— Oyijon, “xushtor” nima degani? — deb so‘rab qoldi.
Kitobga qarasam, o‘g‘lim “Besh qiz” degan ertakni o‘qiyotgan ekan. U “xushtor” so‘zi bor gapni ko‘rsatdi. Mana, o‘sha jumla: “Amakimning o‘g‘li xo‘ja Tursun shahzoda o‘z singlisi To‘lg‘anoyga xushtor bo‘lib qoldi”.
Bu gapning mazmunini o‘g‘limga tushuntirishim imkonsiz edi. Unga hozircha boshqa ertakni o‘qishi, bu ertakni esa o‘zim o‘qib chiqib, so‘ng ularga aytib berishni va’da qildim. Hali katta o‘g‘lim yonimdan ketib ulgurmay kichik o‘g‘lim kitobini ko‘tarib kelib:
— Oyijon tuzoqqa tushgan qushlar uni ko‘tarib ucha oladimi? — deb so‘radi.
— Har qanday tuzoq, qopqon albatta biror daraxt yoki qoziqqa mahkamlangan bo‘ladi, — deb javob berdim.
— Mana bu ertakda kaptarlar tuzoqni ko‘tarib uchib ketibdilar, — dedi o‘g‘lim.
Kitobga ko‘z yugurtirdim. Bu to‘plamdagi birinchi ertak bo‘lib, uning nomi “Ovchi, Ko‘kcha va Dono” ekan. Ertak bir gala kaptar Ko‘kchaning gapiga kirmay, tuzoqqa tushgani bilan boshlanadi. Ko‘kcha tuzoqdagi kaptarlarga:
— Bir so‘zim bor, agar ayt desangiz, aytayin. Zora-mora qutulib qolsak, — deydi. Kaptarlar Ko‘kchaga u nima desa, bajarishga va’da beradilar. Ertak shu yerga kelganida Ko‘kcha kaptarlarga tuzoqdan qutulish uchun nima taklif bergani matndan tushib qolgan. Ertak esa kaptarlarning tuzoqni ko‘tarib uchib ketayotgani bilan davom etadi. Bu holat meni lol qoldirdi. Axir har o‘g‘llarim birinchi ertakni o‘qiyotganidayoq ularda turli savollar paydo bo‘ldi. O‘ylab qoldim: balki bu kitob savol bermaydigan bolalar uchun yozilgandir? Darhol kitob muallifi va muharrirlari kimligi bilan qiziqdim. Olti kishidan iborat tahrir hay’ati, uch tuzuvchi va yetti kishidan iborat muharrirlar kitobni nashrga tayyorlabdi. Shunday katta kitobni nashrga tayyorlashday mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan muharrirlar kasbiy majburiyatlarini oqlashlari, maoshlarini halollab olishlari uchun hech bo‘lmaganda kitoblarning yarmigacha bo‘lsa ham o‘qib chiqishlari kerak emasmi?! Bu — kitobning uchinchi nashri bo‘lishiga qaramay, shuncha yillar davomida birinchi ertakdagi xatoning takrorlanib kelishi kishini o‘yga toldiradi.
Yuqoridagi savollar va bu ertaklardagi “nozik” jihatlar menga bolalarga o‘qib berishdan avval ertaklarni o‘qib, saralab olishim lozimligini anglatdi. O‘qishni albatta “xushtor” so‘zi bor “Besh qiz” ertagidan boshladim. Ertak Karomatxonning ertalab bozorga borib, olgan mahsulotlarini eltib berishi uchun hammol yollashidan boshlanadi. Qizlar yarim soatlik ishi uchun hammolga “u bir yilda ishlab topadigan pul” — ya’ni ikki tilla beradilar. Vaholanki, uylarida “bir tugmachani bosganda chiqadigan uch barzangi” xizmatkorlar bor ekan. Kun kech bo‘ladi. Bu uyga uch ko‘r, undan ham kechroq esa podshoh va uning vaziri yotishga joy so‘rab keladi. Mehmonlarga kechki ovqat tortiladi. Ahamiyat bersak, taomlanayotgan mehmonlar qatorida ertalab kelgan hammol ham o‘tiribdi. Ertakda mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan bunday holatlar juda ko‘p. Birgina ikkinchi ko‘rning hikoyasidagi otasi yo‘ldosh qilib bergan 500 askar bilan kemada Hirot shahriga borgani va ularga qaroqchilar hujum qilib, hamma askarni o‘ldirgani haqidagi gapning o‘zida uchta mantiqiy xato bor. Avvalo, afg‘on yurtida dengiz bo‘lmagani uchun ular 500 kishini ko‘taradigan kema qurmaydilar. Ikkinchidan, Hirot atrofida kema yuradigan daryoning o‘zi yo‘q. Uchinchidan esa barchaga yaxshi ma’lumki, askarning asosiy mashg‘uloti jangda dushmanni o‘ldirish. Qaroqchi esa quroldan himoyasiz odamlarni qo‘rqitib mol-mulkini talashda foydalanadi. 500 navkarni yengish uchun qaroqchilar kamida 700 kishi bo‘lishi kerak. Buncha qaroqchining bir jamoa bo‘lib ishlashi esa aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Aslini olganda, bu ertak voqealari boshdan oyoq “Ming bir kecha” ertaklarining o‘zbekcha talqinidan boshqa narsa emas.
Yaxshi bilamizki, Shahrizodaning “1001 kecha”da podshohga aytib bergan bu ertaklari bolalar uchun emas. Kitobda mantiq buzilishidan tashqari o‘nlab ertaklarda bir xil syujetning takrorlanishi, hayvonlarning yashash tarzi va tabiatini qo‘pol tarzda buzib tasvirlash, estetik zavq, bilim, tarbiya bermaydigan ko‘plab ertaklarning to‘plamga kirib qolgani kishi ta’bini xira qiladi. Daraxt tepasidan kadini olib tushadigan kiyik, otning taqasida yozilgan vasiyatni o‘qiydigan bo‘ri, baland daraxtga chiqib olib, yirtqich hayvonlarni qo‘rqitish uchun pastga gumburlab yiqiladigan ho‘kizlar haqidagi ertaklarni o‘qigan kishida ularni “Xalq badiiy tafakkurining dahosi yaratgan”iga shubha uyg‘onadi. Kitobning kirish so‘zida mualliflar tomonidan mukammal ertak sifatida keltirilgan, darsliklarda, bir qancha ertak to‘plamlaridan joy olgan mashhur “Uch og‘ayni botirlar” ertagida ham ko‘plab xatolar mavjud.
Bu ertaklarni to‘plagan folklorshunos olimlar yurtimizning eng chekka qishloqlarigacha piyoda borib, juda katta va juda muhim ishni bajarganlari bor gap. Ular to‘plagan bu material ilmiy jihatdan bebaholigi ham aniq. Lekin bolalarga taqdim etishdan avval ertaklarni adabiyotshunos olimlar o‘rganib chiqishlari, saralashlari, tahrir qilishlari va mukammal holga kelgandagina nashrga berishlari lozim emasmidi?! Shunda bolalarimiz xatolarga to‘la, tushunarsiz bo‘lgan 1000 ta ertak o‘rniga badiiy jihatdan mukammal, qiziqarli va ibratli 200 ta ertakni o‘qish baxtiga muyassar bo‘lar edi.
Prezidentimiz hammamizni kitobxonlikka da’vat etib kelmoqda. Chunki kitob o‘qiydigan, ilmga chanqoq xalqgina yuksaklarga parvoz qilishi mumkin. Bolalarimizning kitobga qiziqishi ertaklar dunyosi orqali shakllanishini hisobga olsak, ularga tavsiya etadigan ertak kitoblarimiz jahon adabiyotining yuksak talablariga javob beradigan darajada bo‘lishi talab etiladi.
Bu ulkan va mas’uliyatli ishni qanday amalga oshirish borasida o‘z mulohazalarim bilan o‘rtoqlashsam. Respublika miqyosida yozuvchilar, psixologlar, o‘qituvchilar, zoologlardan iborat bir ijodiy jamoa tuzilishi va bu jamoa biz muhokama etayotgan kitoblardagi barcha ertaklarni o‘rganib, saralab, tahrir qilib, xatolarini tuzatib, yangi bir ertaklar to‘plamini nashrga tayyorlasa. Bosmaga topshirishdan avval esa kamida 100 nafar turli yoshdagi va kasbdagi odamlarga o‘qib chiqish va fikr bildirish imkoniyatini berish kerak. Bu fikrlarni o‘rganib chiqib, ko‘rsatilgan xatolarni bartaraf etib, berilgan jo‘yali takliflarni hisobga olgandan keyingina nashr etilsa.
Bu jamoadan boy fantaziya, ijodkorlik va bolalar psixologiyasini yaxshi bilishlari talab etiladi.
Maqola boshida otamning ertaklariga ko‘p urg‘u berdim. Farzandlarim ulg‘ayib, ularga ertak aytib berishni boshlaganimdagina dadamning ertaklari, mavjud ertaklarning xatolari tuzatilib, bolalar psixologiyasiga mos qilib tahrirlangan varianti ekanini angladim.
Yuqorida ko‘p bora tilga olingan “Ovchi, Ko‘kcha va Dono” ertagi bolalar uchun qiziqarli va tarbiyaviy ahamiyati katta bo‘lgan ertak. Bu ertakdagi asosiy xato tuzoqning bog‘lanmagani va kaptarlarning tuzoqni ko‘tarib “cho‘l-u biyobonlar ustidan o‘tib, tog‘lardan oshib” uchishlaridir. Bu xatoni juda oson bartaraf etish mumkin. Ertakning shu joyini “Daraxtga to‘rtta kaptar kelib qo‘ndi. Uchtasi donlagani pastga tushdi. Ulardan biri chilvirdan qilingan tuzoqqa oyog‘idan ilinib qoldi. Uni qutqarish uchun Ko‘kcha sichqon do‘sti Dononi changalida olib keldi”, deb o‘zgartirish kifoya.
Uch jildlik “O‘zbek xalq ertaklari” oliy o‘quv yurtlarida ona tili va adabiyot mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiyotgan talabalarga kurs yoki diplom ishi sifatida berilib, ulardan ertakni tahlil qilib, yutuq va kamchiliklarini aniqlash, xatolardan xoli mukammal ertak shakliga keltirish talab etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Maktablarda esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bolalarning yoshiga mos biror ertakni aytib, undagi xatolarni topishni taklif qilishi kerak. Bu narsa bolalarga ma’lumotni tanqidiy tahlil qilish, mantiqiy fikrlashni o‘rgatadi. O‘qituvchi esa o‘quvchilarining dunyoqarashi, fikrlash doirasini, fantaziyasi qay darajada boyligini bilib oladi. O‘qituvchilar bunday darslarda bolalarning ko‘zlari va berilayotgan ma’lumotga qanday reaksiya bildirayotganiga jiddiy e’tibor berishlari kerak. Ertak tinglayotganida ko‘zlari yonib turmagan, savollar bermagan bolalar o‘qituvchini tashvishga solishi lozim. Chunki bola savol bermayaptimi? Demak, ular fikrlamayapti.
Sitora ISAMUTDINOVA, Sirg‘ali tumanidagi 285-maktab o‘qituvchisi