Tarbiya — har bir pedagogning vazifasi
O‘quvchilarga madaniyatli bo‘lishni o‘rgatar ekan, avvalo, o‘qituvchining o‘zi ularga o‘rnak bo‘la olishi kerak. Ularda madaniyatni shakllantirish uchun salomlashish odobiga, toza va orasta kiyinish odobiga, nutq madaniyatiga e’tibor berishimiz kerak.
Bolalar ongiga axloqiy fazilatlarni singdirish, milliy qadriyatlarni o‘rgatish, milliy ruhda tarbiyalash asosiy vazifamizdir. Kiyinish madaniyati — insonning tashqi ko‘rinishi, ma’naviy dunyosi, axloqiy sifatlari va salohiyatini ochib beradi. Kiyinish madaniyatiga bo‘lgan qarash insonning go‘zallik, nafosat, odob borasidagi ko‘z qarashlarini ifoda etadigan omil hamdir. Demak, eng avvalo, ota-ona o‘z farzandining kiyinishiga e’tibor berishi, doimiy nazorat qilishi kerak. Nutq madaniyati tarbiyasi bilan maktabdagi hech bir istisnosiz, barcha o‘quv fanlari o‘qituvchilari ham bilvosita shug‘ullanishi kerak. Matematika bo‘ladimi, tarix bo‘ladimi o‘qituvchi o‘z nutqiy madaniyati bilan namuna ko‘rsatishi, tegishli fan sohasining tugal tilini namoyish etishi va shu yo‘l bilan o‘quvchidagi so‘z sezgisiga kuch berishi maqsadga muvofiq.
Aziza BEKMIRZAYEVA, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 44-maktab o‘qituvchisi