Behbudiy o‘gitlari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “...2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida ma’rifat mash'alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi. Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, deya alohida ta’kidladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning ulkan ilmiy va adabiy merosi, hikmatli o‘gitlari bir asrdan oshdiki, xalqimizning ma’naviy hayot yo‘lini yoritib kelayotgan mayoqlardandir. Ayniqsa, bu durdonalar yoshlar tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega.
Masalan, ulug‘ ma’rifatparvarning “Teatr — bu ibratxonadir” degan fikrini olaylik. Chindan ham teatr inson tafakkurini yuksaltirishda, xususan yoshlarni ezgulikka chorlash, ularda Vatanni sevish, ota-ona, oila va do‘stlikni qadrlash, o‘z kasbiga fidoiylik tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Ya’ni, u insonga hayotiy saboq beradi. Binobarin, joylarda yoshlarni teatrlarga ko‘proq jalb qilish, zamon qahramoni obrazi aks etgan spektakllarni ko‘proq yaratish, qolaversa, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning ayanchli oqibatlarini kelajagimiz sohiblariga sahna asarlari orqali yetkazishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Negaki, hamma yoshlar ham qonunchilik normalarini o‘qish yoki eshitish bilan qaysidir noqonuniy xatti-harakatning mohiyatini teran anglamasligi mumkin. Ammo real voqealarga asoslangan spektakllarda ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat yoshlar, balki kattalarning ham qalb tubiga yetib boradi.
Behbudiyning fikricha, ma’rifat uchun faqat maktab kifoya qilmaydi. Millat uchun oyna kerak, toki unda o‘z qabohatini ham, malohatini ham ko‘ra olsin. Mana shu haqiqat u kishini teatr tashkil etish, ular uchun asarlar yaratishga undagan. O‘zbek dramaturgiyasining ilk namunalaridan biri sanalgan “Padarkush” asari shu tufayli yuzaga kelgan.
Yoki bugungi hayotimizning og‘riqli nuqtalaridan biriga aylangan to‘y va marosimlar masalasini Behbudiy hazratlari ham kuyunchaklik bilan tilga olgan. Jumladan, “To‘y va aza kabi ikki qattol dushman oyog‘imizga tushov bo‘lib turibdi. To‘y va ta’ziyaga sarflab turgan aqchalarimizni ta’limga sarflasak, Ovro‘po kabi taraqqiy topgan bo‘lardik”. Biroq oradan bir asrdan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, ayni masala hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda. Negaki, yillar mobaynida misqollab yiqqan mablag‘ini bir kunlik dabdaba va isrofgarchilik uchun sarflayotgan, lekin 15–20 ming so‘mga farzandiga kitob olib bermaydigan hamyurtlarimiz hozir ham istagancha topiladi. 2019-yil 14-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashi va Senati kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Mazkur qaror shu yilning 1-yanvaridan e’tiboran kuchga kirdi.
Prezidentimiz shu yilning 19-20-fevral kunlari Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida Prezident devoni Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimidagi ma’ruzasida ham “Bugungi kunda
biz O‘zbekistonda jadidchilik harakatining noyob merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha katta ishlarni boshladik. O‘tgan yili mumtoz adibimiz Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini keng miqyosda o‘tkazdik. Bu yil mashhur jamoat arbobi, alloma va adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasini nishonlaymiz. Biz bu ajdodlarimizning ibratli hayoti va faoliyatini qancha ko‘p o‘rgansak, bizni o‘ylantirayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz”, degan fikrlarni bildirdi. Shunday ekan, biz o‘qituvchilar ham Yurtboshimiz fikrlariga javoban Behbudiy o‘gitlarini hayotiy misollar orqali o‘quvchilarimizga tushuntirishimiz lozim.
Shahnoza BURHONOVA,
Farg‘ona tumanidagi
26-maktabning o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi