Bola bilan koronavirus haqida qanday gaplashish kerak?
Bolalarni tinchlantirish va himoya qilishga yordam beradigan 6 ta maslahat
Karantin davrida farzandingizda xavotirllanish, qo‘rquv, vahima kabi salbiy holatlarga berilmaslik uchun quyidagi qoidalarga eʼtibor berishingiz lozim:
1. Farzandingizdagi qiziqishlarini ragbatlantirishga harakat qiling. Shuni yodda tutingki, jamiyat hayotidagi har qanday ijobiy yoki salbiy o‘zgarishlar siz kattalarni befarq qoldirmaganidek, bolalarning ham qiziqishlarini ortishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, bolangizda koronavirus infektsiyasi haqida, uning inson organizmiga yuqishi, salbiy oqibatlariga doir savollarning yuzaga kelishi tabiiy. Biz bunday vaziyatda bolada paydo bo‘lgan savollarga aniq, ravon va ishonarli tarzda javob berishimiz lozim. Shu orqali bola o‘zi qiziqtirgan narsalar yuzasidan to‘liq ma'lumot olishiga erishadi.
2. Farzandingiz bilan ko‘proq o‘yinlar o‘ynashga eʼtiboringizni qarating. Ma'lumki, farzandingiz bilan turli xil mavzudagi o‘yinlarni o‘ynashingiz ulardagi xavotirlanish, qo‘rquv, vahimani yengib o‘tishdagi asosiy omil bo‘lishi mumkin. Eng asosiysi bolangizni koronavirus infeksiyasidan saqlanish qoidalarini o‘yinlar orqali tushuntirish samarali hisoblanib, bola uni tez va oson o‘zlashtirib oladi. O‘z navbatida o‘yin orqali farzandingiz o‘zidagi salbiy noxush hislarni yengishi bilan birga, bilish jarayonlarini jadal rivojlanishiga olib keladi.
3. O‘z tajribangizni bo‘lishing. Eʼtibor bering, sizning davringizda ham insonni vahimaga, xavotirga solgan narsalar bo‘lgan. O‘ylang, shunday vaqtlarda ota-onagiz sizga nisbatan qanday yo‘l tutganlar, siz ham o‘sha vaqtdagi samarali usullarni eslang hamda o‘z farzandingizga qo‘llashga harakat qiling. O‘sha davrda ota-onangiz tomonidan qiyin vaziyatlar shunchalik sodda tushuntirilganki, ular sizda hech qanday xavotir, vahima, qo‘rquv uyg‘otmaganligi maʼlum. Siz ham shunday yo‘l tutishga harakat qiling.
4. Ertak o‘ylab toping. Farzandingiz uchun eng qiziqarli mashg‘ulotlardan biri ertak eshitishdir. Endi siz ularga ertak aytib bermaysiz, balki o‘zi tasavvur qilgan obrazlar asosida ertak o‘ylab topishga o‘rtating. Bu orqali bolangiz o‘zidagi qo‘rquv, xavotirlanishni yengishga undan qanday qilib qutilish uchun o‘zi yo‘l topishiga harakat qiladi. Natijada bolaning vaqtini mazmunli, samarali o‘tkazishga xizmat qilishi bilan birga unda unda nutqiy ko‘nikmalar, fikrini erkin bayon qilish, idrok, xotira, tafakkur kabi psixik jarayonlarni rivojlanishiga taʼsir ko‘rsatadi.
5. Qo‘rquv holatlarini tasvirlashga o‘rgating. Tasviriy faoliyat bolaning barcha mashg‘ulotlari ichida eng sermazmun va qizirqarli faoliyat turidir. Farzandingiz faoliyatiga nazar tashlasangiz, u nimalarnidir tasvirlashga, chizishga harakat qiladi. Tasvirlagan narsasi o‘zi tasavvur qilgan predmetiga o‘xshasa, miyig‘ida jilmayib qo‘yadi yoki rasm o‘xshamasa jahli chiqib, qog‘ozni buklab yirtib tashlaydi. Bunday vaziyatda biz farzandimizga yordam berishimiz kerak. Har bir harakatini maʼqullab, rag‘batlantirishimiz lozim. Shu asnoda siz farzandingiz bilan birga rasm chizishga harakat qiling va bolangizga koronavirus infektsiyasi qanday qo‘rquv holatini yuzaga keltirayotganligini tasvirlashni so‘rang. Bolangiz chizgan rasmidan bilishingiz mumkinki, qo‘rquv siz o‘ylaganingizdek yuqori emas yoki aksincha, ularda o‘zlari anglamagan qo‘rquv kuchli ekanligini ko‘rasiz. Bunday vaziyatda siz farzandingizdagi ichki qo‘rquvni yengish uchun ko‘proq suhbatlashishga harakat qiling.
6. Farzandingiz bilan samimiy muloqot o‘rnating. Bolalikning o‘ziga xosligi shundaki, u ko‘p narsalarni bilishni xohlaydi hamda ular to‘g‘risida to‘lib-toshib gapirgisi keladi. Bunday holatda bola bilan muloqotga kirishadigan inson yaʼni, siz kerak bo‘lasiz. Siz farzandingiz bilan muloqotga kirishing, uning fikrlarini tinglang hamda o‘z fikrlaringizni bildiring. Eng asosiysi, muloqot jarayoni shu darajada samimiy bo‘lishi lozimki, buni farzandingiz sezishi kerak. Аgar siz va farzandingiz o‘rtasidagi muloqot jarayonida qo‘pollik, ota-ona tomonidan bola o‘zini qabul qilmaslikni his qilsa ular o‘zidagi muammolarni aytmasdan yashirishga harakat qilishadi. Shuning uchun bola sizni samimiy sirdosh sifatida qabul qilsin.
N.XАLILOVА, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi