Mehribonlik uyida mutolaa…
Mehribonlik uyida doimiy kitob mutolaasi bo‘layotgan kunlarning birida bolalardan o‘qiyotgan kitoblarining mazmun-mohiyatini qisqacha gapirib berishlarini so‘radim. Shuningdek, an’anaviy savol bilan murojaat qildim: nega bu kitobni o‘qiyapsan? Seni bu kitobning nimasi o‘ziga jalb qildi? Ular bu savolga turli xil javob qaytarishadi. Masalan, nomi yoqqanini, do‘sti tavsiya qilgani, kimgadir fantastika, kimgadir esa dedektiv asar yoqqani uchun o‘qiyotganini sabab qilib keltiriladi. Ko‘pincha javoblar mutanosibligi, tanishligi kuzatiladi. Biroq bu galgi savolga ikki nafar tarbiyalanuvchi o‘zgacha javobni berdiki, men lol qoldim va bu savolni berganimga afsuslandim. Chunki o‘zim bilmagan holda ularning hasratli qalb darchasini chertib qo‘ygandim.
Tohir Malikning “Alvido… bolalik” asarini bir chekkada kitobdan bosh ko‘tarmay o‘qiyotgan A.ga ko‘zim tushib uni juda sinchkovlik bilan kuzatdim va yoniga borib undan qanday kitob o‘qiyotganini so‘radim. U javob berdida yana ovqishda davom etdi. Men uni qayta savolga tutdim: — Nega aynan shu asarni tanlading?”
U menga qaradida indamay qo‘limga kitobning ilk sahifasini ochib o‘qishimni aytdi. Hayron bo‘lib o‘qishga kirishdim. Unda quyidagicha bayon etilgandi:
“Hozir qo‘limga miltiq berib qo‘yishsa-yu, darvozadan otam bilan onam kirib kelishsa, shartta otardim. Ana undan keyin o‘zimni ham otib yuborishsa, mayli. Yo‘q, avval sud bo‘lishi kerak. Sudda gapirishim shart. “Bolasini tashlab ketgan ota-onaning jazosi shu”, - deyman…”
Bolakay meni so‘z shaxmatida mot etdi.
Bir soatcha vaqt o‘tgandan so‘ng U.ning yoniga bordim. Uning qo‘lidagi kitob mening eng yaxshi ko‘rgan asarim edi. O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi. Onalar siymosi aks etgan asarlar mehvari. U. ko‘zlarida ma’yuslik bilan kitobni o‘qiyotgan paytda savolga tutdim:
— Nega bu asar seni o‘ziga rom etdi?
— Bu asarni o‘qiyotganimda onamni hayotlik paytlari men bilan o’tgan damlarni eslayman. Asar nihoyasidagi “Iltijo”ni o‘qisam onam yotgan mozorga borib go‘yo ularning qabrlarini ziyorat qilib, onam bilan gaplashgandek bo‘laman. Ustoz, onangizni asrab-avaylang, qadrlang, e’zozlang. Menda har ikkisi ham yo‘q. Sizni hech bo‘lmasa Onangiz bor. Bu buyuk baxtni ko‘zingizga to‘tiyo qiling.
Ikkinchi bor mot bo‘lar ekanman, bu kichik darslardan o‘zimga saboq chiqardim. Shu zahoti xonamga kelib onamga qo‘ng‘iroq qilib “Ona, Sizni yaxshi ko‘raman”, dedim. Volidam esa quvonch bilan “Men ham seni juda-juda yaxshi ko‘raman, bolam!” dedilarda.
Shundan buyon bolalarga “NEGA?” deb savol bermaydigan bo‘ldim.
Mansur HAMIDOV, Termiz shahridagi 12-“Mehribonlik uyi” o‘qituvchisi