O‘zbekona takalluf — ona tilim jozibasidan
Til muhim aloqa aralashuv vositasi bo‘lib, insoniyatga berilgan ulug‘ ne'mat, ma'naviy qadriyat, bobolarimiz merosi hisoblanadi. Asrlar mobaynida sayqallanib, boyitilib kelinayotgan til intellektual rivojlanishimizda asosiy omildir. O‘zbekiston Respublikasinig “Davlat tili haqida”gi qonunida “Til millatning ulkan boyligi va bebaho mulkidir” deb baholanishi ham bejiz emas. Qolaversa, Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 10-aprelda ona tilimizning mavqeyini yanada oshirish maqsadida “O’zbek tili bayrami kunini belgilash to’g’risida”gi qonuni imzolandi.
XlV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning boshlarida eski turkiy til an'analarining davomi sifatida Haydar Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Ahmadiy, Lutfiy asarlarida eski o‘zbek adabiy tili shakllandi. Mir Alisher Navoiy esa o‘zining, “Xamsa” asarini Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiydan farqli o‘laroq o‘zbek tilida yozib, bu tilning ustun jihatlarini isbotlab berdi. Qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobini o‘qisangiz, ko‘p ma'lumotlarga ega bo‘lasiz. Qadim-qadimda ajdodlarimiz toshni toshga urganlar va ovozga taqlid qilib “chaq” deganlar. Keyin chaqmoq, chaqin, chaqmoqtosh so‘zlari paydo bo‘lgan. O‘yilgan joy chaqa deyilgan. Tosh maydasi kabi pulning maydasi ham “chaqa”ga aylangan. Bolalarning eng maydasi chaqaloq bo‘lgan. Ko‘ryapsizki, birgina “chaqa”dan o‘nga yaqin so‘z hosil bo‘lgan.
Afsuski, sobiq sho'ro tuzumi davrida ona tilimiz ildiziga bolta urildi. Rasmiy hujjatlar rus tilida yozildi. Majlislar, anjumanlar rus tilida olib borildi. Hassos shoirimiz Abdulla Oripov ona tilimizni asrab qolishga da'vat etdi:
Ming yillarkim, bulbul kalomi
O'zgarmaydi, yaxlit hamisha.
Ammo, sho‘rlik to'tining holi,
O'zgalarga taqlid hamisha.
1989-yil 21-oktabr kuni O'zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Yanada quvonchlisi, Abdulla Qodiriy tavalludi kunida 21-oktabr Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O'zbek tili bayrami” deb e'lon qilindi.
O'zligim tog'larida qadab qo‘ygan tug'umsan, zamonlar elagida saralangan bug'doyim" deya ulug'langan ona tilimizga cheksiz hurmat bajo etish, uninig keng imkoniyatlaridan foydalanish har bir ma'naviyatli insonning sharafli burchi bo'lmog'i lozim. Farzandlarimiz nutqida "Labbay", "Xush kelibsiz", "Xo'p buladi", "Bajonidil", "Onajon", "Uzr", "Salomat bo'ling" kabi jozibador, o'zbekona takalluf bo'lishga erishishmiz lozim. "Salom", "Okey", "Yest", "Poka" kabi chuchmal so'zlardan farzandlarimizni uzoq tutishimiz lozim. Zero ajdodlardan meros ona tilimiz sofligi bizninig qo’limizda.
Muxtor HAKIMOV, "O'zbekipaksanoat” uyushmasi raisininig ma'naviy marifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi