Quyosh osmonda osilib qolgan edi…
Har kuni nurafshon tongga peshvoz chiqarkanmiz, quyosh sayri — uning chiqishi va botishini odatdagi holdek qabul qilamiz: quyosh chiqdimi, u botadi va ertaga yana paydo bo‘ladi. Urushni ko‘rgan odamlar esa... “quyosh osmonda osilib qolgan edi”, deb eslashadi. Hamma narsa qorishib ketgan, kecha va kunduz, yil fasllarining farqi bilinmay qolgan paytda, ehtimol, quyoshning muzaffarligi va boqiyligi ham omonat tuyulib qolgandir.
Aytishlaricha, qiyomat boshlanganining so‘nggi belgisi — quyosh botgan joyidan chiqar ekan. Yarim qiyomat hisoblangan urushda quyosh harakatsiz turib qolgan bo‘lsa ham ajab emas. Bu — har soniya so‘nggi nafasini kutib yashagan odamlarning tasavvuri. Ha, quyoshki xayolotda chalkashib ketgan mash’um kunlarda qanchalab xonadonlar o‘z oftoblaridan ayrilib, zulmat ichida qoldi. Endi yashashga shaxdam kirishgan millionlab yigitlar hayot-mamot olishuvining qurboni bo‘lib ketdi. Insoniyat o‘nglanmas zarbaga uchradi. Garchi ajal maydonlaridan minglab chaqirim yiroqda bo‘lsa-da, tog‘ bag‘ridagi qishlog‘imizga ham urush suronlari yetib borgan edi. Men u kunlarni ko‘rmaganman, biroq rahmatli onajonim bilan uning so‘nggi kunigacha urush dahshatini his etib yashadim. Bu his bir umr meni ham tark yetmasa kerak.
* * *
Yoz kunlarining birida “Urush boshlanibdi, girmon bostirib kelibdi” degan mish-mish tarqaldi. Odamlar hali gap nimadaligini chuqur tushunmasdilar. Faqat dastlabki “qora xat”lar kelib yetgachgina, bu ofatning begunoh insonlar hayotiga naqadar zavol olib kelganini anglay boshlashdi.
Tongda yoki kunning istalgan bir payti (“qora xat” qo‘lga tekkan chog‘da) qaysi bir xonadondan tog‘larni teshib yuborgudek bo‘lib “dod!” degan chinqiriq ko‘tarilardi, shunda qishloq ahli yana bir yigit umri xazon bo‘lganini bilardi. Urush yigitlarni o‘pqondek domiga torta boshladi. Ana shu ko‘rgulik onamlarning xonadonini ham chetlab o‘tmadi. Norg‘ul yigit bo‘lib, kamolga yetgan Olimqulga ham chaqiruv qog‘ozi keldi.
O‘sha kunlar haqidagi xotiralarni eslasa, onamning gapirishga majoli yetmay qolardi. Yigirma besh-o‘ttiz yillar o‘tsa ham, bag‘rini kuydirib o‘tgan olov o‘chmagan yoki o‘tning tafti so‘nmagandi. Aytib berishga qistab, xarxasha qilaversam, bir chog‘lanar, yana bardoshi yetmas, “Qo‘y, nima qilasan o‘shalarni eslab” degancha lablari titrab, yig‘lab yuborardi.
Onamning bag‘ridagi suvaydo bitmay, dunyodan kuyib o‘tib ketdi. U ukasini juda yaxshi ko‘rardi. Yetti yillik maktabni yaxshi bitirib, savodsizlikni tugatish kurslarida o‘qituvchilik qila boshlagan Olimqul ko‘pchilikning havasini keltirardi. “Tog‘ang baland bo‘yli, yonoqlari anordek, keng yelkali yigit edi”, deb eslashardi qishloqdoshlar. Biroq bo‘hron odam ajra-tib o‘tirmas, o‘rmonga o‘t ketgan, ho‘l ham, quruq ham baravar yonardi.
O‘shanda besh nafar tengdoshga baravar chaqiruv qog‘ozi kelgandi. Kuryerdan dumi qirqilgan bir varaq qog‘ozni qabul qilib olishar ekan, yigitlar kelajakda ularni nima kutayotganini his etishmasdi. Faqat o‘zlarining yo‘li uzoqqa, juda uzoqqa, begona yurtlarga tushishini bilishardi. Balki ko‘ngilda “Bizlar borguncha hammasi tugab, yarash-
yarash bo‘lib ketsa-ya”, degandek ilinj ham bo‘lgandir. Xullas, chekka qishloqda ulg‘aygan yigitlar bu sho‘rishni angrayib, garangtob qabul qilganlari aniq, chunki insoniyat boshiga tushgan bu ko‘rgulikning chinakam ko‘lamini katta-katta siyosatdonlar ham dastlab to‘la tasavvur qila olmagani tarixdan ma’lum.
Harbiyga chaqirilgan yigitlar bir-biridan ajrala olmay qolishdi. Yurak qizishar, ko‘ngil kuyar, odam o‘zini qo‘yishga joy topa olmas edi. Kuni bilan birga bo‘lishar, goh ularnikida, goh bularnikida kechgacha gaplashib o‘tirishar, faqat jindek mizg‘ib olish uchun uylariga qadam qo‘yishardi. Kechaning qay pallasi bo‘lmasin, onalari uxlamay, ularning yo‘lini poylab o‘tirardi. Hammasi navnihol, mo‘ylabi endi sabza urgan, go‘shanga ko‘rmagan yigitchalar edi.
Nihoyat, oxirgi oqshomning oftobi botdi. Ertalab azon bilan yigitlar yo‘lga chiqadi, ularni tumandan kelgan maxsus vakil kuzatib boradi.
Onam aytadilarki, o‘sha kecha tonggacha hech kim mijja qoqmay, Olimqulning atrofida girdikapalak bo‘lib chiqqan. Bunday iltifotdan tabiatan tortinchoq, kamsuqum bo‘lgan yigit xijolat bo‘lar, atrofida nima ro‘y berayotganini ko‘pam tushunmasdi. Ayniqsa, ona haddan tashqari “o‘ldim-kuydim” edi. Uch qizi qatorida yolg‘iz o‘g‘li bo‘lganidan momom tog‘amni yer-u ko‘kka ishonmas ekan. U issiq kiyim-bosh va ba’zi yeguliklarning bekam-u ko‘stligini tekshirib ko‘rar, xaltadan olib, yana xaltaga joylar, qo‘li bo‘shasa, nuridiydasining qarshisida o‘tirib, unga so‘zsiz termulib qolardi. Iloji boricha yo‘l ketayotgan, azim safarga chiqqan o‘g‘liga dalda berish, uning ko‘nglini cho‘ktirmaslikka intilsa ham, tizginsiz hayajon ichdan otilib chiqaverar, o‘zining mislsiz iztirobini jilovlay olmasdi, uyning ortiga o‘tib, ovozsiz o‘krab-o‘krab yig‘lab olardi.
Tun yarimlashgach, parvonadek o‘zini har yoqqa urgan onayizorning harakatlari tiyildi. U charchadimi yoki bu jonhalakligining befoydaligini sezdimi, tinchib qoldi. O‘g‘lining pinjiga tiqilgancha uzoq, to xo‘rozlar qichqirguncha o‘tirdi.
Ota erkaklik g‘ururi bilan o‘zini bosib tursa-da, uning ham og‘ir g‘am yuki ostida qolganini sezish qiyin emasdi. Xayrlashish chog‘ida o‘g‘lini bag‘riga bosib, bor ovozi bilan o‘krab yig‘lab yubordi.
Ayollar tamom tosh qotib qolishdi. Ana shunday achchiq va alamli ko‘zyoshlar ummoni ichida nuridiydalari, jigarbandlari bilan xayrlashishdi.
Urush hamma narsani o‘z izmiga solgandi. Kolxozning tartiblari front dahshatlaridan kam emasdi. Jamoaning boshida turganlarga cheklanmagan huquq berilgan, u bechora mehnatkashni istagan ohangiga yo‘rg‘alatardi. Hamma kuch, imkoniyat frontga yo‘naltirilgan, odamlarning issiq kiyimidan tortib xaltasidagi bir kaft turshagigacha ana shu ajdaho komiga tortib ketgandi. Yo‘g‘on cho‘ziladigan, ingichka uziladigan ana shu bo‘hronga dosh bera olmaganlar birin-ketin “uzila” boshlashdi. Eng avval mushfiq ona bu sinovga dosh bera olmadi.
Onam shunday eslagandi:
— Ukam jo‘nab ketgandan keyin bir yoz o‘tdi. Yo‘ldan, urushning ichidan xatlari kelib turdi. Onam xatni emas, farzandining o‘zini kutardi. Yo‘l qaramagan, darvozadan birov kirib kelishini kutmagan kuni yo‘q edi. Pishiqchilik o‘tgach, yotib qoldi. Ahvoli og‘irlashib, madordan ketib bordi. Faqat tilida “Olimqul, Olimqul, qachon kelasan?” degan so‘zlar aylanardi. Sillasi qurib qolganda ham faqat “Olimqul” deya olardi. Oxiri bunga ham majoli yetmay qoldi, biroq joni uzilmas, kimnidir so‘nggi nafasigacha kutardi, kimni kutayotgani aniq edi. Vujudda tiriklik alomatlari barham topgan, labiga paxta bilan suv tomizib turiladi. Shu alfozda o‘n kunlar tilsiz yotdi.
Bir kuni hamsoyalardan biri o‘ktamlik bilan shunday dedi:
— Opa, ko‘p intiq bo‘lmay, yo‘lingizdan qolmang, Olimqul ham kelayotgan ekan, gazadan oshibdi...
Bu bemavrid gapdan to‘planganlar lab tishlab qolishdi. Bemorning qulog‘iga har bir tovush o‘qdek o‘rnashgan ekanmi, inqillab ko‘zini ochdi, boshini burib eshikka, kimdir kirib kelishi mumkin bo‘lgan joyga tikilib qoldi.
Kampir shu holda, kiprik qoqmay, kecha-yu kunduz ko‘zini yummay, bir hafta yotadi. Hamma onaning bolasi diydorini ko‘rishni qanchalik istaganini tushunib tursa-da, ojiz edi. Onayizor tiriklikdagi oxirgi tilagiga erisha olmay, omonatini topshiradi. Joni tanasini tark etganda ham ko‘zi ochiq edi, shu ko‘yi ketdi.
...Onamning hikoyalari har doim dardli bo‘lardi. Ayniqsa, tengdoshlari ichida sarvari bo‘lgan Olimqul haqidagilari… Yetti yillik maktabni tugatgach, yaxshi o‘qiganligi uchun o‘qituvchilik qilgan, savodsizlikni tugatish guruhlarida dars bergan ekan. Bu o‘sha paytda ancha ko‘zga tashlanadigan yutuq bo‘lgan. Birinchi maosh olib kelganida ota-onasi, opa-singillari rosa xursand bo‘lishgan, hamsoyalarga osh tarqatishgan. Yaxshi niyat bilan “yangi ro‘zg‘orimga ishlataman”, deb bir juft chinni idish sotib olibdi. Afsuski, ezgu niyatlar ushalmagan armonga aylandi, urushdan qaytmadi. Chinni idishlar esa jonsiz yodgor bo‘lib qoldi. Ularning biri to‘polon yillari yo‘qolgan, ikkinchisini onam ko‘z qorachig‘idek asrab yurardi. Girdiga ikki qator ko‘k chiziq tortilgan, odmigina buyum edi. Nima bo‘ldi-yu, bir kuni tokchadan tushib ketib sindi. Shunda onam chinni parchalarini bag‘riga bosib, uzoq yig‘ladi. Unutilgan dardlari yangilanib, xomush bo‘lib qoldi.
Onam bu xotiralarni bo‘zlab, jigari to‘kilib so‘zlab berar, urushni tinmay la’natlardi. Tog‘dek ukasidan tirik ayrilgan (undan “qoraxat” ham kelmagan) inson faqat urushdan emas, biror sovuq xabardan ham zada bo‘lib qolgan edi. Bexos qag‘illagan qarg‘ani quvib solar, radiodan biror falokatni eshitsa, kun bo‘yi bezovta bo‘lib yurardi. Harbiy komissarlikdan menga chaqiruv qog‘ozi kelganda uyga kirib olib rosa yig‘lar, kechalari boshim ustida mijja qoqmay tong ottirgan edi.
Urush onamdek millionlab odamlarning hayotini izdan chiqarib yuborgandi. Uning kasri, zahri hamon bezovta qiladi.
Biz ham novdasi qirqilgan daraxtdek o‘ksik o‘sdik. Ba’zan turmush ikir-chikirlaridan qovurg‘amiz qayishgan paytlarda xayol uzoq-uzoqlarga olib ketadi. Ba’zan turmush tashvishlaridan,
tazyiqlardan qovurg‘am qiyshayganda urush mashinasiga yem bo‘lgan tog‘amni eslayman. Eh, ortimda shunday tog‘im turganida edi... Tog‘am o‘sha yozda katta shaharga o‘qishga ketmoqchi bo‘lgan, afsuski, urush ajdahosi uni yutib yubordi. O‘smirligidayoq elning nazariga tushgan, qishloqda mahalliy yoshlardan birinchi muallim bo‘lgan tog‘am Olimqul Sohibovni eslayman. U hayot bo‘lganida, o‘qib katta olim bo‘lardi, balki arbob bo‘lardi. Shubhasiz, ko‘plab shogirdlar tarbiyalardi. Hech bo‘lmasa, aqlli maslahati, to‘g‘ri yo‘l-yo‘rig‘i bilan qo‘llab yuborardi. U eng kamida jamiyatning bir teng huquqli fuqarosi sifatida yashaganida ham, shoir aytganidek, “tiriklik imoratiga bir dona g‘isht qo‘ygani”da ham, bu dunyo yana-da obodroq, yana-da mukammalroq bo‘larmidi?!
Ko‘ngilning bu kechinmalari bot-bot bezovta qilganda, tinch-osuda kunlarning shukronasini aytib, shu siylov uchun astoydil xizmat qilish istagi dilga taskin beradi.
* * *
Yillar bo‘yi kaftdekkina qishloq bag‘ridan ketgan farzandlari mehri bilan yashadi. Urushga ketganlarning ko‘plari qaytmadi, bir qismi oyog‘i yoki qo‘lidan ayrilib, mayib-majruh bo‘lib qaytdi. Ularning timsolida dorilamon kunlarda ham urush surati yashadi, odamzod tinchlikning qadrini his etib turdi. Ularning hikoyalari bir-biridan qo‘rqinchli bo‘lardi. Afsuski, vaqt hukmi o‘z ishini qildi. Endi tirik xotiralar ham mangulikka yurtdoshlarini tark etgan, qishloqda urush ko‘rganlardan hech kim qolmabdi. Illo, bu oxiri bo‘lsin, bundan keyin hech kim urush ko‘rmasin.
Hakim SATTORIY