Ramazon – komillik tarbiyachisi
Mana, olamga o‘zgacha fayzu tarovat, sokinlik ulashib, qalblarga huzur, halimlik, xotirjamlik, ruhga quvvat, shijoat baxsh etuvchi musulmoniy muborak Ramazon oyi ham oxirlab bormoqda. Butun dunyo musulmon ahli ushbu oyni mushtoq kutadi, mahzun kuzatadi. Zotan, oylar sarvari bo‘lmish Ramazon o‘zida Ollohning rahmati va barakoti, fazilat va go‘zalliklarni mujassamlashtirgan. Buyuk Yaratuvchi bandasi o‘zi va nafsini isloh qilishi, o‘zligini anglab, komillikka yuz tutishi uchun mohi Ramazonni tuhfa qildi, uning maqsad-muddaosi, amal-harakatini belgilab berdi. Ulamolar “ushbu oyda bizni duo harorati va zikr tafti egallaydi hamda jismimiz va ruhimiz taskin topadi”, deya e’tirof etadilar.
Darhaqiqat, Ramazon ro‘zasi sharofati bilan ruh, qalb va tan nafsoniy havaslardan tiyiladi, tartibga keladi. Insoniyat diniy amallarda sobit turib, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga, xayr-saxovat ulashishga, yaxshiliklar qilishga intiladi. Shuning uchun ham Ramazon bir so‘z bilan aytganda, “komillik, tarbiya oyi”dir.
Ramazon yilda bir keluvchi ulug‘ murabbiy va aziz ustoz ekanligini anglab yetganlar bu vaqtdan unumli foydalanib, o‘zlarini va yaqinlarini tarbiyalashga, komillikka intiladilar. Ba’zilar ibodatlarni faqat quruq harakatlar bilan ado qiladi, uning ruhiy tomonini, axloqiy ta’sirini his etmaydi. Ammo kimki ro‘za shaxsda tarbiyalaydigan go‘zal axloqlarni va ramazonda yetishtirish mumkin bo‘lgan mevalarni tafakkur qilsa va o‘z hayotini shu mazmunga moslashtirsa, shunga muvofiq yashasa, ma’naviy komolotga yuz tutadi.
Ro‘za uchun belgilangan tartib va tamoyillarga amal qilish orqali ro‘zador Olloh taolo uni har yerda kuzatib turishini qalban his qiladi va bu oyda rad etilgan amallardan, gap-so‘zlardan tiyiladi. Bu esa uning shaxsiyatini tarbiyalashga munosib hissa qo‘shadi. Manbalar tahlili asosida Ramazon tarbiyasini quyidagi mezonlarga ajratish mumkin:
Ruh tarbiyasi. Ruh insonning hayotiylik asosi, quvvat manbai. Shuning uchun inson o‘z umri davomida ruhiy tarbiyaga muntazam ehtiyoj sezadi. Ruhan sog‘lom va barkamol shaxsgina o‘z ko‘zlagan manzillariga erisha oladi, komolot kasb etadi. Ramazon oyida toat-ibodatni, zikr va istig‘forni har qachongidan ham kuchaytirish ruh va qalbni poklab, yuksaltiradi. Ramazon oyidagi barcha xayrli amallar, ro‘za va ibodatlar ruhiy komillikka xizmat qiladi.
Nafs tarbiyasi. Nafs dunyoviy ne’matlardan bahramandlikka intilish bo‘lib, uning salbiy jihatlari, oqibatlari serob. Shuning uchun nafs hamisha tarbiyaga muhtoj. Ramazon oyi nafsni tarbiyalashda nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Binobarin, nafs tarbiyasi mo‘minning birlamchi vazifasi sanaladi. Hamma rahmat va ne’matlar nafsni jilovlash, unga hukmronlik qilish ortidangina yog‘iladi. Nafsga ergashish esa yomonliklarning poydevori hisoblanadi. Tarbiya ilmining barcha ulamolari jamiki yaxshiliklarning asosi nafsni tarbiya qilish, yomonliklarning asosi esa unga tobe bo‘lishda ekanligini ta’kidlab keladilar. Nafsiga ergashmay, uni tarbiyalagan kishi yutuqqa, muvaffaqiyatga yetishadi. Nafsga faqat gumroh, g‘ofil kimsalargina ergashadi va ruhiy-ma’naviy tubanlashib, halokatga yuz tutadi. Ulug‘ mutasavvuf Ahmad Yassaviy ham bejizga:
Nafsing seni oxir damda gado qilg‘ay,
Din uyini g‘orat qilib, ado qilg‘ay,
O‘lar vaqtda imoningdan judo qilg‘ay,
Oqil ersang nafsi baddin bo‘lgin bezor,- deya uqtirmaydi.
Inson tirik ekan, nafs uning doimiy hamrohi, ehtiyoji, talabi. Shu boisdan nafs tarbiyasi kundalik zaruratdir. Kishi o‘z nafsi bilan har kuni, har kecha shug‘ullanishi kerak. Ramazon oyi ham nafsni jilovlash, bo‘ysundirish uchun eng qulay fursat va imkoniyatdir. Ro‘za tutgan inson doimo Olloh taoloning kuzatuvida ekanligini his qiladi va o‘zi yolg‘iz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi.
Iroda tarbiyasi. Ramazon ro‘zasi shaxsni irodali qilib tarbiyalaydi. Iroda quvvatidan nafsga bo‘ysunilmaydi, adolatsizlik qilinmaydi, Olloh roziligi yo‘lida rag‘batlardan chetlashiladi. Tong otgandan quyosh botguniga qadar yemoq-ichmoq va nafsoniy havaslardan tiyiladigan kishi, zaiflashmaydigan irodali, azmi-qarori qat’iy, qalbi pok va baquvvat insonga aylanadi. Chunki, u hyech kimning oldida zaiflashmaydi, barqaror rivojlanadi. Agar inson ro‘za maktabi axloqlaridan bo‘lgan shu oliymaqom xulqni shakllantira olsa, ikki dunyoda ham aziz va mukarramlardan bo‘ladi.
Sabr tarbiyasi. Sabr sohibini yuksaklarga ko‘taradigan, unga nusratni naqd qiladigan go‘zal xulqlardandir. Hadisi shariflarda kelishicha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Bilingki, nusrat sabr bilandir, kushoyish mashaqqat bilandir va albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”, “Olloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, “Har bir sabr ortidan ajru mukofot bordir”, deya ta’limot beradilar. Inson o‘z sabr-qanoati bilan dunyo mashaqqatlarini yengib o‘tishga qodir. Ramazon ro‘zasida yengiltaklik va besabrlik tarbiyalanadi; ochlikka sabr, g‘azab kelganda tiyilish orqali insonning sabri yanada mutahkamalandi,
Xushfe’llik, xushmuomalalik tarbiyasi. Xushfe’llik, shirin muomala har qanday muammo-aziyatga go‘zal yechim beradi, qalblarni tutashtiradi, yaxshilikka undaydi. Shu bois Ramazon oyi insoniyatni yanada xushfe’l, xushmuomala, shirin so‘zli bo‘lishga chaqiradi. Sahih hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: “Ro‘za qalqondir. Biringiz ro‘za tutsa janjallashmasin, baqir-chaqir, fisq-u fujur qilmasin. Agar uni birortasi haqoratlasa, men ro‘zadorman, desin”. Ha, insondagi qanchadan qancha xunuk so‘z, haqorat qilish, tili o‘tkirligiga ro‘za bir so‘z bilan qat’iy javob qaytaradi.
Mehr-saxovat tarbiyasi. Ramazon insonlarni o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga, keksalar va bemorlar, yaqinlar holidan xabar olishga, muhtojlarga xayr-saxovat qilishga chaqiradi. Shu orqali shaxsda mehribonlik, xokisorlik, bag‘rikenglik fazilatlarini tarbiyalaydi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (“Saba” surasi, 39-oyat). Binobarin, karamli inson hyech qachon ziyon ko‘rmaydi, mol xayr-ehson qilish bilan kamaymaydi, balki, savob ko‘payadi, ramazon barakotidan islomiy shaxsiyat to‘kis bo‘ladi. Komil inson tarbiyachisi bo‘lmish Alisher Navoiy ham saxovatni ulug‘lab, himmat etagini tutgan kishining bu dunyoda imtiyozlari balandlashadi, ular boshqalarning iddaolaridan, azob uqubatlaridan xoli bo‘lishadi, deydi:
Kishikim biyikrakdurur himmati,
Jahon ahlidin kamdurur mehnati.
Ramazon oyining inson kamolotini tarbiyalovchi shu kabi bir qancha ustuvor jihatlari, tarbiya mezonlari mavjud. Bu mo‘jizaviy mo‘tabar oyning har kuni, har tuni, har soati g‘animat, har bir saharlik, har bir iftorlik ilohiy ne’matga boy. Ushbu muqaddas oy Oliy Yaratuvchi va uning bandalari muloqoti, yaqinligi ortishi uchun betakror imkoniyat, duolar ijobat bo‘ladigan ilohiy rahmatdir. Shunday ekan, bu ulug‘ fursatni qo‘ldan chiqarmay, o‘zligimizni anglashga, ruhiy-ma’naviy kamolotga intilib, xayrli amallarda bardavom bo‘lishimiz zarur. Ramazoniy tarbiya ko‘nikmalarini umrimizning keyingi sahifalariga ham tatbiq etib borishimiz chin saodat kalitidir.
Feruza AZIMOVA, Respubliak ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi