Siylov bo‘lsin bu sinovlar ham!
Bugun biz bag‘rida qo‘nim topganimiz Ona Zamin, ona sayyora insoniyatning shafqatsizligi, hadya qilingan ne’matlarga noshukurligidan larzaga keldi. Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asarida o‘zini kamolga keltirgan bug‘u avlodini ayovsiz qirayotgan insonlardan yiroqlarga ketib qolgan Ona bug‘u singari tabiat ham bizdan yuz o‘girdi, go‘yo. Ko‘pchiligimiz allaqachon anglab yetdik ham, aslida, bu olam ichra oddiy bir zarra ekanligimizni…
Albatta, karantin davrida juda ko‘pchilik o‘z ish faoliyatini masofadan turib olib borishga, ba’zilar esa to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Jahondagi ba’zi mamlakatlarda kasallik qurbonlari bir necha mingga yetsa ham, karantin e’lon qilinmagan holatlar kuzatildi, yurtimizda esa ushbu tadbirning ayni vaqtida amalga oshirilgani o‘z natijasini bermoqda. Shunday sinovli kunlar, og‘ir damlarda hukumatimiz tomonidan kelajak egalari bo‘lgan yoshlar, xususan, maktab o‘quvchilarining ta’lim olish jarayonini to‘xtatib qo‘ymaslik masalasi alohida e’tiborga olindi va o‘quvchilar uchun online televizion darslar namoyish etila boshlandi. Bu esa bolalarimizning uyda o‘tirib ham maktabda o‘rganishi lozim bo‘lgan bilimlarni egallashiga imkon yaratdi.
Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur, degan edi buyuk mutafakkirimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy. Ba’zi o‘qituvchilar yangicha axborot vositalari bilan unchalik “chiqisholmayotgan” davrda koronavirus pandemiyasi, ayniqsa, ta’lim tizimi uchun sinov ham, siylov ham bo‘ldi desak, meni ma’zur tutasiz. Xo‘sh, nega siylov?
Avvalo, Behbudiy bobomizning yuqorida keltirilgan so‘zlariga e’tibor qaratsak, o‘rinli bo‘lar. Tobora jadallashib borayotgan ilm-fan asrida biz an’anaviylikdan chiqishimiz, ta’lim jarayonida internet va kompyuter texnologiyalari imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanishga o‘tishimiz, albatta, kerak edi. Zero, zamon bilan hamnafaslik mamlakatning, millatning yanada ravnaq topishi uchun zarur.
Keyingi jihat shundaki, o‘qituvchilarning ba’zi insonlar uchun bir qarashda bolalarga ertak aytib berishdek oson tuyulgan ta’lim-tarbiya berish faoliyati, aslida, qanchalik mashaqqatli ish ekanligini har bir ota-ona uyida, televizor oldida o‘tirib farzandi bilan dars qilayotganda yana bir bor anglagan bo‘lsa ajab emas.
O‘zbekistondagi biz qatori barcha o‘qituvchilar online darslar orqali o‘zlariga kerakli xulosalar olib borayotgani, keyingi o‘quv yilidagi faoliyati uchun yangi g‘oyalar, yangi pedagogik usullar ustida tinimsiz izlanayotganligi esa muhim yutug‘imiz deb o‘ylayman.
Abbos REIMOV, Ellikqal’a tumanidagi 56-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi