Onlayn to‘garak
Pandemiya sabab ta’lim davomiyligini ta’minlash maqsadida jarayonlarni onlayn tartibda o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Teledarslarni ko‘rib bo‘lgach, mavzuni mustahkamlash va o‘quvchining o‘rganayotgan bilimini nazorat qilish uchun tashkil etilgan “Telegram-sinf” guruhi faoliyati o‘qituvchi va o‘quvchida masofadan mashg‘ulot olib borish va unda ishtirok etish ko‘nikmasini shakllantirdi.
Yozgi ta’til ham boshlanyapti. O‘quvchining bo‘sh vaqtdan unumli va maqsadli foydalanishini onlayn tarzda yo‘lga qo‘yish yaxshi samara berishi mumkinligini onlayn dars mashg‘ulotlari ko‘rsatib berdi. Demak, tashkil etilgan guruh faoliyatini yozgi ta’tilda ham davom ettira olamiz. Keling, ona tili va adabiyot fanlari maqsadidan kelib chiqib, onlayn to‘garakni tashkil qildik, deylik. Xo‘sh, buning uchun qanday mashg‘ulotlar o‘tish mumkin? Bu boradagi tajriba va takliflarimni siz bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Bilamizki, so‘zlovchining nutqi ravon, aniq va ixcham, shuningdek, ta’sirchan bo‘lsa, tinglovchi ma’lumotni tez qabul qiladi, mushohada qilishiga yengillik bo‘ladi, oson tasavvur orqali tahlil qiladi va xulosa chiqaradi. O‘quvchilarimiz kelgusida qaysi soha egasi bo‘lmasin, eng avvalo, go‘zal nutq sohibi bo‘lsin. Yozgi ta’til mashg‘ulotlarini nutqiy savodxonlikni rivojlantirishga qaratsak-da, to‘garak nomini ham “Yosh suxandonlarning onlayn-klubi”, deya nomlasak. Guruh a’zolari masofadan turib aloqaga kirishganligi sabab, o‘yinlar asosan zanjir usulida tashkil etilgani ma’qul. Bu tartibdagi o‘yin sharti — navbati kelgan a’zo javob berolmasa, zanjir halqadan uziladi va keyingi ishtirokchiga o‘rnini bo‘shatib beradi. Shu tariqa har bir o‘yinning g‘olibi aniqlab boriladi (vaqt kelishilgan tartibda belgilanadi). Ana endi, onlayn-klubda o‘tkaziladigan ta’limiy o‘yinlar haqida gaplashamiz. Quyida ta’limiy o‘yinlardan namunalar tavsiya etmoqchiman:
1. “So‘z o‘rnida so‘z” o‘yinini bir necha bosqichda olib boramiz. Ma’nodosh, shakldosh, zid ma’noli so‘zlar, talaffuzi bir-biriga yaqin har turdagi paronimlar, ko‘chma ma’nodagi so‘zlar, iboralar, tasviriy ifodalar, o‘xshatishlardan foydalanish o‘rnini belgilay olsa, demak, o‘quvchi duch kelgan tasodifiy auditoriya bo‘lsa ham nutqini moslashtira oladi, shuningdek, so‘z boyligida sezilarli o‘zgarish bo‘lganiga guvoh bo‘lasiz.
2. “Izohi mendan!” o‘yinida boshlovchi tomonidan nutqda ishlatiladigan, ammo izohtalab so‘zlar yoki shevaga xos so‘zlar ma’nosini sharhlash uchun bir so‘z aytiladi, ikkinchi a’zo javob beradi va o‘zidan keyingi ishtirokchiga yangi so‘z aytadi. Bu o‘yinda shartni biroz o‘zgartiramiz, agar ishtirokchi o‘z o‘rnida javob berolmasa, yana bir ishtirokchining javob berolmaganidan foydalanib qatnashish imkoniyatini qo‘lga kirita oladi.
3. “Xatosini top” o‘yinida, o‘quvchining yozma va og‘zaki nutqida ko‘proq kuzatiladigan so‘zlar yoki gaplarni saralab, aynan xato shaklida bayon etilgan matn guruhga beriladi. Kim ko‘p xato topsa, bu o‘yinning g‘olibi bo‘ladi. Imloviy, ishoraviy, uslubiy xatolar, ayniqsa, uslubiy xatolar tuzilayotgan nutqning aniqligini yo‘qotadi. O‘yinning afzalligi ham ana shunda. O‘quvchi nutqining ravon va aniqligi ta’minlanadi.
4. “Davom ettir” o‘yinida ishtirokchilar o‘rtaga tashlangan mavzu bo‘yicha fikrlarini navbat bilan aytib boradi. Shartga ko‘ra, fikrlar ma’no va mazmun jihatidan bir-birini davom ettirishi kerak. Takroriy fikr aytgan ishtirokchi o‘yinni tark etadi. Qarabsizki, butun guruh a’zolari ishtirokida chiroyli matn yaratiladi. Oxirgi fikri bilan matnni xulosalagan ishtirokchi g‘olib bo‘ladi.
5. “Mening fikrim” “Davom ettir” o‘yinining aksi bo‘lib, bahs uchun tanlangan muammoli vaziyat bayon etiladi. Ishtirokchilar o‘z munosabatini bildirib, fikriga sodiq qolgan holda uni himoya qilishi kerak. Agar ishtirokchi o‘z fikrini o‘zi rad etish ma’nosidagi fikr aytsa, ya’ni boshqa ishtirokchi ta’sirida qolsa, o‘yinni tark etib, vaziyatni kuzatadi. Bu ta’limiy o‘yin bolada har tomonlama mustaqil yondashuv, boshqaruvchilik ko‘nikmasini shakllantiradi.
6. “So‘z sizga!” o‘yini chiroyli nutq egasini aniqlab beradi. Motivatsiya beruvchi, aytaylik, “Men baxtliman!”, “Meni buyuk ishlar kutib turibdi” kabi mavzular tanlanib, har bir ishtirokchi alohida nutq matnini tayyorlaydi va taqdimotini o‘tkazadi. Bunda, albatta, me’yor belgilanadi: so‘z miqdori, vaqt, adabiy til qoidalariga amal qilish.
Shu tariqa, onlayn-klubda “Radionutq”, “Intervyu”, “Asar bilimdoni”, “Zakovat” kabi didaktik o‘yinlar ham tashkil etiladi. Maqsad bitta: o‘quvchining nutqiy savodxonligini, nutq madaniyatini rivojlantirish; ijodkorlik, kreativlikni shakllantirishdir.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz tumanidagi 9-maktab o‘qituvchisi