Bolalar korrupsiyaga qarshi qanday tarbiyalanadi?
Korrupsiyaga qarshi kurashni shaxsiy mas’uliyat sifatida qabul qiluvchilar ozchilikni tashkil qiladi. Ya’ni buni davlat amalga oshirishi kerak deb hisoblaydiganlar ko‘p.
Holbuki, har bir fuqaroning korrupsiyaga qarshi qilishi lozim bo‘lgan muhim vazifasi bor — kelajak avlodni korrupsiyaga qarshi qilib tarbiyalash. Masalan, oilada ota-ona, bog‘chada tarbiyachi, maktabda o‘qituvchi bo‘lib bolalarga nima yaxshi, nima yomonligini bosqichma-bosqich anglatib boramiz. Choyning issiq, anhorning chuqur, toshning qattiq, yo‘lning o‘nqir-cho‘nqir ekanini qanday o‘rgatsak, bolani pishish, cho‘kish, yiqilish kabi kutilayotgan oqibatlardan qanday himoyalasak, bu ham shunga o‘xshash holat.
Himoya qanday yaratiladi?
Qachonki, tarbiyani ota-ona — bog‘chaga, bog‘cha — maktabga, maktab esa mahallaga yuklamasdan, o‘z zimmasidagi majburiyatni barcha birdek his qilsa, birdek amalga oshirsa, ana shundagina kuchli himoya yaraladi. Uni o‘zimiz yaratamiz. U hali “korrupsiya”ni bola aqli bilan tushunmaydi, illat ekanini anglamaydi. Bunda unga boshlang‘ich tushunchalarni sodda tilda anglatib borish mumkin.
Masalan, qalampirning achchiq ekanini bildirib qo‘yish uchun uning ta’mini totish shart emas. Aslida, bolaga qalampirning achchiqligini shakarning shirin ta’mi bilan ham anglatish mumkin.
Mana shunday taqqoslama tasvirlar orqali bolani dastavval halollikka o‘rgatish zarur. Bunda bolaga fikrni tez va oson yetkazish uchun ta’lim-tarbiyaning o‘ziga xos vositalarini qo‘llash juda samarali. Aytaylik, yuvilgan olma va balchiqda yotgan olmani o‘zaro taqqoslash bilan “nima yaxshi, nima yomon”, “nima mumkin, nima mumkin emas” ekani bildiriladi. Endi bolakay balchiqda yotgan olma vositasida faqat nopok bo‘lmaslikni emas, balki doimo toza yurishni ham o‘rganadi. Bu esa o‘z-o‘zidan keyingi tushuntirishlarga — ko‘ngilni ham pok saqlashni o‘rgatuvchi mashg‘ulotlarga yo‘l ochadi. “Yomonlikka qo‘l urgan odam balchiqdagi olma kabi yuzi dog‘ bo‘lib qolishi mumkin”ligi haqida bola tilida tushuntirishlar beriladi. Bunday sodda, va muhimi, o‘ziga tanish so‘z, ifodalardan keyin nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘ri — bola dastlabki ko‘nikmalarga ega bo‘ladi, halol-haromni ajrata boshlaydi va shu tariqa o‘zi uchun korrupsiyaga qarshi himoya qobig‘ini yaratadi. Bundan kelib chiqadiki, bola atrofidagi barcha o‘qituvchi vazifasida birlashishi zarur.
Har kim o‘qituvchiga aylanishi kerak
Avstriya davlati bu borada yaxshi tajribani taklif etadi. Bu yerda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida uch haftalik malaka oshirish kursi mavjud. 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Korrupsiyaga qarshi trening” loyihasi. Bunda o‘quvchilarga korrupsiyaga qarshi qanday kurashish kerakligi, fuqarolarning bu jarayondagi roli sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etiladi.
Trening davomida uyushtiriladigan turli o‘yinlarda o‘quvchidan faollik talab etiladi. Ular tomonidan dastavval karta tanlanadi va unga o‘z roli tushuntiriladi. Asosiy mavzulardan biri sifatida “maktabdagi sovg‘alar”ga to‘xtab o‘tiladi.
Mashg‘ulotlar so‘ngida o‘quvchilarga so‘rovnoma tarqatiladi. So‘rovnoma bevosita treningning nazariy qismida o‘rganilgan ma’lumotlardan iborat. Ishtirokchilar korrupsiya holatini aniqlab olishi, uning sabab va oqibatlari, shu jumladan, huquqiy masalalarni tushuntirishi kerak bo‘ladi. Maqsad — yuqori sinf o‘quvchilarining fuqarolik javobgarligini oshirish, inson huquqlari va jamoat burchlarini tushuntirishdir.
Mazkur kurslarga o‘qituvchi sifatida Avstriya Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, olimlar, psixologlar, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi mutaxassislar jalb qilinadi.
Korrupsiyaga qarshi to‘qqiz qadriyat
Bola bilan shug‘ullanishda Indoneziya tajribasi eng samarali usullardan biri sifatida e’tirof etiladi. Davlatda korrupsiyaga qarshi dasturlar bog‘chadan boshlab ta’limning barcha bosqichini qamrab oladi. Bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar “korrupsiyaga qarshi to‘qqiz qadriyat” ruhida tarbiyalanadi. Bu qadriyatlar — halollik, mehnatsevarlik, jasorat, mas’uliyat, mustaqillik, adolat, intizom, kamtarlik va e’tibor. Yosh xususiyatidan kelib chiqib, bu qadriyatlar ularga ertak yoki rolli o‘yinlar shaklida o‘rgatiladi. Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun esa darslar an’anaviy tarzda ma’ruza, seminar, munozaralar shaklida kechadi.
Umuman, Indoneziyada korrupsiyaga qarshi kurash 2002-yilda tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi (Komisi Pemberantasan Korupsi) yordamida davlat darajasida amalga oshiriladi. Hozirgi vaqtda korrupsiyaga qarshi ta’lim dasturlari Indoneziyaning 33 ta viloyatidan 11 tasida yo‘lga qo‘yilgan.
Yigirma to‘qqiz ming insho
Bolada korrupsiyaga qarshi murosasiz kayfiyat uyg‘otish, ularni bu illatga qarshi kurashuvchan ruhda tarbiyalash borasida bizda ham amaliy jarayonlar keng yo‘lga qo‘yilgan. Adliya vazirligi hamda boshqa bir qator davlat organlari va tashkilotlar hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” insholar tanlovi shular jumlasidan. O‘tgan yil misolida olib qaraydigan bo‘lsak, tanlovda qariyb 29 ming yoshlar ishtirok etdi.
Yigirma to‘qqiz ming insho — qonunga itoatkorlikni yuksak qadriyat deb biladigan yigirma to‘qqiz ming o‘g‘il-qiz degani. Qarindosh-urug‘chilik, poraxo‘rlik, ko‘zbo‘yamachilikka qarshi yigirma to‘qqiz ming yosh degani. Ertaga oldida ikki yo‘ldan birini tanlash sharoiti yuzaga kelgan payti nopok yo‘lga og‘ishib ketmaydigan, o‘z fikri va nuqtayi nazariga ega yigirma to‘qqiz ming to‘g‘ri tanlov degani.
Umuman olganda, bola miyasi o‘ziga hamma narsani yutib oladigan mashinaga o‘xshaydi. Ayniqsa, bog‘cha yoshida u hali ma’lumotni tanlab olish va tushunish holatida bo‘lmaydi. Ma’lumotlarni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilib, xotirasiga saqlab boradi. Ana shu jihatdan bolaga tarbiya berishda “unga tegma, buni qilma” degan buyruqlardan chekinib, ularda to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, halollik kabi ezgu fazilatlarni shakllantirishda yangicha metod, yangicha yo‘ldan borgan maqsadga muvofiq. Korrupsiyaga qarshi kurash borasida ham.
Akmal JUMAMURODOV, Adliya vazirligi mas’ul xodimi