Maktab o‘quvchilari o‘g‘rilikka qo‘l urdi
Surxondaryo viloyati Angor tumanida joriy yilning 31-may kuni, tumanning “Navro‘z” mahallasida yashovchi X.S. ismli ayol tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 30-may kuni, noma’lum shaxslar yashash uyidan fuqarolik pasporti, uyining kadastr hujjatlari, qizining tug‘ilganlik guvohnomasi, 8.400.000 (sakkiz million to‘rt yuz ming) so‘mlik tillo zanjirini, 4.550.000 (to‘rt million besh yuz ellik ming) so‘mlik 3 dona tilla uzuklarini va 700.000 (yetti yuz ming) so‘mlik bir juft tillo ziragini o‘g‘irlab ketishganligini bildirgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida ushbu jinoyatni tumanning “Navro‘z” mahallasida doimiy ro‘yxatda turib, Toshkent shahrida yashovchi maktab o‘quvchisi X.Ya. va tumanning “Guliston” mahallasida yashovchi maktab o‘quvchisi X.A.lar sodir etishganligi aniqlanib ushlangan va ashyoviy dalillar olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2020-yilning 1-iyun kuni X.Ya. va X.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «v,g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.