Huquqiy madaniyatni yuksaltirish tarbiyadan boshlanadi
Bugungi kunda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Xalqning huquqiy madaniyat bu huquqqa bo‘lgan oddiygina munosabatni emas, balki huquqiy normalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini bildiradi. Qonunga, uning normalariga hurmat esa ularning to‘laqonli ishlashi, ular oldida hamma teng bo‘lishini taqozo etadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bu borada inson va fuqarolarning teng huquqli ekanligini kafolatlangan bo‘lsa-da, fuqarolarimiz tomonidan, davlat va davlat boshqaruvi organlari xodimlari tomonidan hali hanuz o‘z huquqlarini to‘g‘ri va to‘liq anglab yetmaganliklari oqibatida mamlakatimizda turli xildagi huquqbuzarliklar sodir etilib kelinmoqda. Afsuski, bu holatni ham yoshlar, ham yoshi kattalar, ham ayollar, ham erkaklar orasida kuzatishimiz mumkin. Shu maqsadda, demoqchimizki xalqimizning huquqiy ongini rivojlantirish va ularda huquqiy madaniyat ko‘nikmalarini shakllantirish suv va havodek zarur.
Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda 100 ming aholiga o‘rtacha 13,3 ta jinoyat to‘g‘ri keladi (bu ko‘rsatkich Tojikistonda – 40, Ozarbayjonda – 44, Moldovada – 150, Rossiyada – 225, Qozog‘istonda – 240 tani tashkil etadi). O‘zbekiston jinoyatchilik ko‘rsatkichi bo‘yicha har yuz ming aholi soniga nisbatan jinoyatlar soni eng kam bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi. Bu borada nufuzli “Xalqaro huquqiy baholash” nodavlat agentligining 2019 yil uchun berilgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston
126 ta mamlakat ichida “Tartib va xavfsizlik” indikatori bo‘yicha
9-o‘rinni egallaydi. Bu esa, mamlakatimizda huquqbuzarliklarni kamaytirish, aholi huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish borasida islohotlar to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotganligidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Buning yorqin namunasi sifatida 2019 yil yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” Farmonini keltirishimiz mumkin. Mazkur Farmonga ko‘ra, vazirlik va idoralar rahbarlari Konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yilgan va barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga tegishli topshiriqlar berilgan.
Jamiyatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borish, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining samarali ishtirokini ta’minlash, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishning innovatsion usullaridan, targ‘ibotning ilg‘or va ta’sirchan vositalaridan, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish muhim sanaladi. Bu ishlarni tizimli amalga oshirishda nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari balki, Sud organlari xodimlari, ta’lim muassasalari xususan Oliy ta’lim muassasalari tizimli ishlarni tashkil etishlari lozim. Bu borada Farmonda nazarda tutilgan “shaxs – oila – mahalla – ta’lim muassasasi – tashkilot – jamiyat” prinsipi bo‘yicha tizimli va uzviy ishlar amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Eng asosiysi, olib borilayotgan ishlarni tizimli va mas’uliyat bilan yondashgan holda amalga oshirish har birimizning fuqarolik vazifamiz ekanligini unutmasligimiz lozim.
Irina HAKIMOVA,
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi