Maktab ta’limi zamon talabini qondiradimi yoxud boylik deb boy berilayotgan tarbiya!
Bugun qaysi davralarda bo‘lmang, suhbat pirovardida yoshlar tarbiyasi, maktabdagi ta’lim haqida ketadi.
Raqamli iqtisod va mos ravishda raqamli avlod vakillarini maktabda o‘qitmoqdamiz. Bunday sharoitda ochig‘ini aytganda, birgina maktab ta’limining o‘zi zamon talabini qondirmaydi. Internet rivojlangan bir sharoitda maktabdan keyingi ta’lim maktab ta’limini to‘ldiradi. Iloji boricha, mustaqil ta’lim bolani jamiyatga tayyorlaydi. On-line ta’lim, masofaviy ta’lim bundan buyon rivojlanaveradi - bu birinchidan. Ikkinchidan, hozir mulk shakli o‘zgardi. Binobarin, ta’limni pullik shakli, xususiy maktab, oliy o‘quv yurtlari hayotimizga kirib kelaveradi. Ilmiy adabiyotlardan matbuotga ko‘chgan – “kumush qoshiq sindromi” atamasi ham bor. Bizda uni erkatoy bola deydilar.
Katta bo‘lgach, ota-onaning sochini oqartirayotgan, qaro yerga muddatidan besh kun avval ravona qilayotgan farzandlar yo‘q emasmi,oramizda?! Bor. Biz boylik bilan ta’limning ma’nosiga hali to‘la tushunib yetmadik. Boy oila farzandlari o‘zlariga yaratilayotgan sharoitlarni haqiqiy ta’limga yo‘naltirishlari lozim. Tarixga nazar tashlasak, Amir Temur bobomizning avlodlari boyliklariga mahliyo bo‘lmay, zurriyotlarining hammasini ilmli qildi. Ularni qattiq qo‘l ustozlarga topshirdi. Natijada temuriylardan birorta ilmsiz avlod chiqmadi. Nasl tengsiz ilm bilan ziynatlandi. Ham dunyoviy, ham diniy ilm peshqadamlari, davlat rahbarlari yetishdi. Ular boylikka emas, asosan ilmga e’tibor qaratdi. Bundan tashqari, tantiq, pax-paxlab o‘stirilgan bolalar jiddiy maqsadlarni belgilash va ularga erishishga qodir emas.
Ular “oilaviy ish” bilan qiziqishmaydi, minnatdorlik hissidan begona, sovuq, befarq, noshoista axloq va depressiyaga moyil. Ota-onalari katta orzu-havaslar bilan oilali qilib qo‘ysalar ham, tashvish ketiga tashvish keltiraveradilar. Aksariyat holatlarda oilaviy ajralishlar ham noto‘g‘ri tarbiyaning natijasi deb bilaman.
Bolaga so‘ragan narsasining barini darhol berishga tayyormiz. Unga hech nimani rad etmaymiz – u “yo‘q, hozir olib berolmayman, keyingi safar” degan so‘zlarni bilmaydi. Biz nafaqat uning barcha istaklarini qondiramiz, balki ularni aytmasidan oldin muhayyo qilishga harakat qilamiz: bola ertakdagi “ko‘za ichidagi jin” haqida orzu qilishi ham shart emas – u istagini aytib ulgurmasidan bari amalga oshadi. Ilgari odamlarning maoshi chegaralangan, o‘ziga to‘q odamlar ham bolasiga boshqacharoq ne’matlarni olib berishga istihola qilishar edi. Iloji boricha maqtanish, bashang kiyintirish, bolani qo‘liga dastalab pul berish, maktabning eshigini tagigacha mashinalarda olib borib qo‘ymoqdamiz. Oliy o‘quv yurtlari oldida talabalarning avtomobillariga qo‘yishga joy yo‘q.
Talabaning fikri-xayoli qimmatbaho avtomobilda bo‘lgandan keyin uning ma’ruzalarga e’tibori bo‘linadi. Menimcha, talabalik oltin davrning asosiy qismini mutaxassislikka baxshida etishni o‘ylash kerak. Talaba farzandga avtomobil olib berish har kimni o‘z xohishi, ammo men o‘z tajribalarimdan shuni aytmoqchimanki, talabalik vaqtida ozgina sun’iy yetishmovchiliklar bo‘lib tursa, foydali. Jahon miqyosidagi milliarderlar ham garchand qo‘llari har narsaga yetsa ham, farzandlariga ma’murchilikni ravo ko‘rmaydilar. Aqlli merosxo‘rni tarbiyalaydilar. Ikkita daftarni qo‘ltiqlab, nomiga borib-kelib yurgan yigitlar ham bisyor. Natija-chi? Istagan narsasiga erishishga odatlangan bolalar xafa bo‘lish nima ekanini bilmaydi, merosni ham ko‘kka sovuradi, kutish va sabr, orzu, maqsadlar belgilash, rejalashtirish, istagan narsasiga erishish uchun harakat qilish, erishganlarni qadrlash kabi hislar unga begona. Oxir-oqibat to‘yish hissi paydo bo‘ladi – yoshlar hech narsani istamay qoladi. Bu hol maktabdan boshlanib, toki oliy o‘quv yurtlarigacha borayapti.
Zerikish, befarqlik, depressiya ana shundan kelib chiqyapti. Bugun bolaga ona suti og‘zidan ketmasdan ko‘proq mablag‘ kiritish va tezroq natija olish kerak bo‘lgan investitsion loyiha sifatida qabul qilinmoqda. “Investitsiyalar” deyarli yo‘rgakdan boshlanadi: rivojlantirish mashg‘ulotlari, to‘garaklar, sport va ijodiy mashqlar. Undan keyin maktab qo‘shiladi, biroq qo‘shimcha mashg‘ulotlar soni kamaymaydi, aksincha, ko‘payib boradi. Bolani bola bo‘lib o‘ynashiga vaqt yo‘q. Bolaligini o‘g‘irlab qo‘ymayapmizmi? O‘z ona tilidagi kerakli so‘zlarni bilmasdan turib xorijiy tillarni qalashtirib tashlamoqdamiz. Arab, ingliz, kores tillarini birdaniga bergimiz keladi. Farzandimizni barcha yangi va obro‘li, bolaligimizda orzu qilgan narsalarga o‘rgatgimiz keladi. Natijada bola qat’iy jadval bo‘yicha yashaydi.
Uning har bir daqiqasi hisobli. Kun bo‘yi u mashg‘ulotdan bu mashg‘ulotga tashiladi. Uning uchun biz reja tuzamiz. Aks holda, ulgurmaydi. U esa bo‘ysunishga majbur. U tashqi boshqaruvga ko‘nikadi. O‘rtoqlari bilan kam o‘ynaydi. Bunday bolalar odamovi, xudbin bo‘lib qoladi. O‘z-o‘zini tashkillashtirishga qodir emas. Yetakchilikni esa aytmasa ham bo‘ladi. Ko‘chada va atrofdagi bolalar bilan o‘ynamagach, u doimiy ravishda yordam va ustozga muhtoj. Unda orzulari, ijodkorligini rivojlantirish uchun dastlab vaqt, keyin esa xohish bo‘lmaydi. Doimiy “kerak” va “shart”lar har qanday ijodiy ilhomni so‘ndiradi. O‘smirlik davriga kelib, bola o‘zining “chegarasi”ga yetib keladi. Ijtimoiy tarmoqlarga kirib telefon bilan kun bo‘yi muloqotda bo‘lib, vertuallashib, bolaga dunyo aysh-ishrat hamma narsa tayyordek ko‘rinaveradi.
Doimiy ravishda bandmiz, moddiy narsalar ortidan quvamiz, farzandlarimizga vaqtimiz yo‘q. Dunyo boylaridan biri Stiv Jobs o‘limi oldidan vasiyat qoldirib, asosiy e’tiborni kishi o‘z oilasiga qaratish kerakligini aytib armon qilganda yuz foiz haq edi. Boylik deb tarbiyani boy bermayapmizmi? Farzandlar bilan vositalar yordamida muloqot qilishga harakat qilamiz: his-tuyg‘ularimiz, e’tiborimiz o‘rniga sovg‘alar beramiz, ko‘ngliga qarayapmiz Farzand tobora ulg‘aya boradi, u bilan birga badal hajmi ham ortib boradi – o‘yinchoqlardan tortib, qimmatbaho taqinchoqlar, avtomobillargacha, hatto uy-joy, oila qurmoqchi bo‘lsa hashamatli jihozlar. Unga his-tuyg‘ular, ota-onaning hayotidagi ishtiroki, iliqligi yetishmaydi. U his-tuyg‘ularini namoyon etish, sevish va do‘st bo‘lishni bilmaydi – unga buni o‘rgatadiganlar bo‘lmagan. Natijada atrofdagilar, jumladan, ota-onasi bilan munosabatlarda foydani ko‘zlab ish tutish yetakchi omilga aylanadi. Bunday farzandlar sovuq, befarq, xudbin bo‘lib ulg‘ayadi. Ko‘pincha ota-onasi ne hasratda jamlagan boyligini ham ko‘kka sovuradi. Bunday hodisalar hayotda uchramoqda.
Agar biz kattalar chegaralarni belgilamasak, bolalar ularni ushlab ko‘rishga harakat qilishadi. Bu esa ko‘p hollarda achinarli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bu gap axborot olamiga ham tegishli. Dunyo o‘smirlari bilan bo‘layotgan mudhish voqealar chegaralar qo‘yishga majbur qilmoqda.
Bolaga barcha narsalar va odamlar, jumladan, ota-onasidan ham dam olish uchun vaqt berish kerak. Bu vaqtda u o‘zi istagan mashg‘uloti bilan shug‘ullanadi. O‘ynab, zerikib, orzu qilib, tajriba o‘tkazib, u o‘zini izlaydi, qarorlar qabul qilish, vaqti va hayotini boshqarishni o‘rganadi. Unda qiziqishlarni izlab topish, bemalol fikrlash, tajribaga ega bo‘lish, do‘stlar orttirish va dunyoga o‘z ko‘zlari bilan boqish imkoni paydo bo‘ladi. Uni bo‘lar-bo‘lmasga hadeb tergayverish ham yaxshi emas. Pul yoki plastiklaringizni ishonib topshiring, bozor- o‘char qilsin, ammo nazorat qiling, o‘rgating.
Bolani muhabbat bilan qurshab olish kerak va uning evaziga hech narsa talab qilmaslik lozim. Uning uchun ota-onasi uni xarakteri, axloqi, baholari, faxriy yorliqlari, sportda erishgan yutuqlari uchun emas, aynan sizning farzandingiz ekani uchun, qanday bor bo‘lsa, shundayligicha yaxshi ko‘rishingizni bilish muhim. U bilan yaxshi narsalar sodir bo‘lganida birgalikda quvonishimiz, yomon bo‘lganida, birgalikda xafa bo‘lishimiz lozim. U bizning unga qadrdon ekanimiz, doim yonida bo‘lishimizni his qilishi lozim. Qarindosh-urug‘nikiga olib boring, urug‘-aymog‘ini tanisin. U bilan kattalardek munosabatda bo‘ling.
Bugun biz bolalar betoqat, sabrsiz deb ko‘p aytmoqdamiz. Aslida buning tag- zamirini o‘zimizdan qidirishimiz darkor. Bolani og‘ir-bosiq qiladigan onaning jonli allasi unutilgani rost, bir yoshga yetar-yetmas telefondagi o‘yinlarga mubtalo, uning qarshisida kechayu-kunduz televizor yoniq, jajji quloqlarining ostida baland musiqalar tinmaydi. Xarxasha, betoqatlik yoshlikdan bolani sabrsizlikka olib keladi. Jajji tana zo‘riqishlar girdobida qolmoqda. Men yana bir masala haqida rosa mulohaza qildim. Ochig‘i, andishaga ham bordim. Chunki kim bolasini qanday boqadi, bu uning shaxsiy ishi. Ammo biz bolalar bilan ishlayotib so‘nggi vaqtlarda yosh bolalarda ortiqcha vaznlar ko‘payib borayotganligidan ko‘z yuma olmaymiz. Agar ota-ona o‘z bolasiga to‘g‘ri ovqatlantirish madaniyatini o‘rgatsa, gazli suvlar, xom tezpishar ovqatlar uchun pul bermasa, oilaviy sport bilan mashg‘ul bo‘lib, uyidagi oshxonadan ekologik toza ovqatlarni iste’mol qilsa, bolalar ortiqcha vaznga ega bo‘lmas edilar. Bu qoidani ham ota-onalar qattiq nazoratga olishi lozim.
Biz shunday bolani tarbiyalaylikki, u katta bo‘lgach, hammaning ko‘zi bolaning tarbiyasidan yashnasin, millatning ko‘zgusi bo‘lsin. Xudbinlik, boqimandalik, vatangadolik, jinoyatga moyillik, bilimsizlik kabi yot narsalar undan nari bo‘lsin.
Baxtiyor Karimov, O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi
Manba: www.uza.uz