Vatan timsoli
Moziyni, tarix zarvaraqlarida muhrlangan tarixiy xotirani yod etmasdan kelajakka boqib bo‘lmas. Zero, “O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi”, degan naql bejiz aytilmagan. Tarixdan ma’lumki, bundan 100 yil muqaddam ajdodlarimiz, xalqimiz milliy mustaqilligi va tarixiy davlatchiligini yo‘qotib, mustamlaka davlat sifatida chor Rossiyasi boshiga solgan ne-ne azob-u uqubatlarni boshidan kechirdi.
Azal-azaldan mehnatkash, zahmatkash xalqimiz tinch, erkin va farovon hayotga intilib yashagan. Mustaqillik ajdodlarimizning mana shu ezgu, yuksak maqsad yo‘lidagi orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqardi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, davlat ramzlarining qabul qilinishi xalqimizning azaliy orzularining yorqin ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz ramzlari bugun har bir yurtdoshimiz uchun cheksiz faxr-u iftixor manbayiga aylandi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
1992-yil 2-iyulda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risidagi” qonun qabul qilindi. Davlat gerbi tasviri shu sanadan boshlab mamlakatimizdagi barcha tashkilotlar binolari peshtoqlariga o‘rnatildi. Oliy ramzimiz tasviri muhrlarda, davlat idoralari blankalarida, rasmiy nashrlarda, qog‘oz va tanga pullarda, fuqarolik pasportlarida aks ettirildi.
Ozod va obod Vatanimiz timsoli — Davlatimiz gerbi ham yuksak g‘oyaviy-tarbiyaviy ahamiyatga molik bo‘lib, yurtimizda yashayotgan barcha fuqarolar uni hurmat qilishlari shartdir. Biz davlatimiz ramzlarini e’zozlash orqali o‘zimizni, millatimiz qadr-qimmatini ulug‘lagan bo‘lamiz.
M.BOZOROVA, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi