“O‘zimiznikidan ham bo‘lsin!”
Xabaringiz bor, 2019-yil 1-sentabrdan yurtimizning ko‘hna va boy tarixidan hikoya qiluvchi yangi “O‘zbekiston tarixi” telekanali tashkil qilindi. Prezidentimizning “O‘zbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ushbu kanal “O‘zbekkino” milliy agentligi bilan hamkorlikni mustahkamlashi, O‘zbekiston va jahon tarixida yorqin iz qoldirgan voqealar hamda shaxslarga bag‘ishlangan mahalliy va xorijiy badiiy filmlarni muntazam namoyish qilishi, shuningdek, mamlakatimiz kino va san’at ustalari bilan hamkorlikda badiiy film, teleseriallar yaratishda ham ishtirok etishi kerak edi. Lekin afsuski, bu kanalda asosan chet el tarixiy filmlari namoyish etilmoqda.
Shu o‘rinda bir nechta savol tug‘iladi:
1. Nima uchun o‘zimizning tarixiy kinolarimiz mazkur telekanal orqali efirga juda kam berilmoqda? To‘g‘ri, ba’zilarida sobiq ittifoqning “hidi” kelib turgan bo‘lishi mumkin. Axir har bir film biror mafkuraga xizmat qilgan. Lekin, xalqimiz bir nechta kino orqali o‘sha davrga qaytishni xohlab qoladigan, o‘sha davrni sog‘inadigan darajada sodda emas-ku. Aksincha, zukko, dono xalq. Shunday ekan, kanal rahbariyatining “O‘sha davr siyosatini qo‘msab qolishi mumkin” degan xavotirlari noo‘rin.
2. “O‘zbekkino”da juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbekiston tarixi” telekanali rahbariyati ham ular bilan aloqalarni yanada mustahkamlashi, arxivlarda qolgan, tokchalarda chang bosgan kartinalarni ekspertlar fikrlari bilan xalqimiz e’tiboriga havola etishni o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimikan?
Xo‘sh, jamoatchilikning ushbu kanalda berilayotgan filmlar haqida fikri qanday? Bu kinolar xalqimizga qanchalik ma’qul kelayotganini bilish maqsadida “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida qo‘yilgan postga javoban quyidagicha izohlar qoldirildi:
Madina Mamasaidova:
— Tarixiy filmlarimizni yaxshi ko‘raman. Bu kanal ochilganda endi tarixiy kinofilmlarni mazza qilib ko‘raman degan edim. Lekin afsuski, qayoqdagi chet el kinolarini qo‘yib berishmoqda.
Laylo Do‘syorova:
— Biz ko‘rmagan ko‘p kinolar bor ekan. Shularni qo‘yishsa yaxshi bo‘lar edi. Kadrlar xira va oq-qora bo‘lsa ham mayli. 9-mayda ko‘pgina kinolarimiz borligini bildik.
“SheRxonblog” kanali asoschisi Sherzod Nurmatov ham o‘zining feysbukdagi sahifasida kanal saviyasi haqida salbiy fikr bildirib o‘tgan.
Nozimjonov kanalida ham “O‘zbekiston tarixi”da namoyish etilayotgan filmlar kutilganidek emasligi haqida post qoldirilgan. “O‘zbekiston tarixi” telekanalida o‘zimizning tariximizdan hikoya qiluvchi kino va seriallar namoyishini kutib qolamiz.
Yulduz ABDURASHIDOVA, O‘ZJOKU talabasi