Gazetaga munosabat qachon o‘zgaradi?!
Bir necha yil ilgari gazetada Charli Chaplinning qizi Jeraldinaga yozgan, yangi tarjima qilingan maktubi chop etilgan edi. Ushbu maktub endi ko‘llej o‘quvchisi bo‘lib, o‘smirlik yillaridan balog‘atga qadam qo‘yayotgan, turli o‘y-fikrlar ummonida nima axtarayotganini bilmay yurgan bir qizning taqdirida katta rol o‘ynadi.
U ko‘p narsalarni o‘zgartirishimga turtki bo‘lgani uchun, gazetani yillar bo‘yi asrab yurdim. Nimadir bo‘ldi-yu, keyin uni yo‘qotdim. So‘ng internet sarhadlaridan menga doimo kuch berib, hamroh bo‘lib kelgan mazkur maktubni izlashga tushdim. Natija bo‘lmadi.
Ancha o‘tib yo‘qotilgan gazetani bexos topib oldim. O‘sha vaqt gazetani qo‘limga olar ekanman, unda qog‘oz va yozuvdan tashqari, ko‘p yillik xotiralarim, qachonlardir bu gazetani o‘qib chiqargan xulosalar, hayajonlarning nafasini his qildim. Gazeta sahifalarida o‘tmishim jonlangandek, uning hidida ham, titilgan, sarg‘aygan varaqlarida ham hayotimning bir bo‘lagi bordek, allaqanday kechinma paydo bo‘ldi.
Gazeta faqat yorituvchi emas, insonning kundaligi ekanligi, odamlarning hayot sahifasiga o‘z sahifasi bilan katta hissa qo‘sha olishi mumkinligini tushundim.
Biroq bugun jamiyatda gazetaga munosabat og‘riqli. Gazeta qog‘ozlariga gohida pista, zira o‘rab berishlari, oshxonalarda esa somsa va boshqa yeguliklarni solish uchun ishlatilayotgani odamning dilini vayron qiladi. Sir emas, achchiq bo‘lsa ham aytaman, ba’zan hojatxonaga gazeta tashlab qo‘yishadi. So‘z muqaddas emasmi? Axir, Yaratganning birgina “BO‘L” degan so‘zi bilan o‘n sakkiz ming olam vujudga kelgan bo‘lsa, so‘z uchun bundan oshiqroq ta’rif bormikan? So‘zni sayqal etuvchi gazetani maishiy xizmat ko‘rsatuvchi buyumga aylantirishdan ortiq xo‘rlik bo‘lmasa kerak matbuotga. Lekin bir haqiqat mavjud: matbuot xo‘rlangani bilan yashayveradi, o‘lmaydi! Ammo uni xo‘rlagan millatning ma’naviyati yashay olmaydi!
Maftuna KARIMOVA