Bola tarbiyasida nimalarga e’tibor berish lozim?
Insoniyat paydo bo‘libdiki, pedagogik texnologiya mavjud. Faqatgina bu atama 1970-yili yapon olimi T.Cakamote tomonidan fanga kiritildi. Uning fikricha, pedagogik texnologiya (o‘qitish texnologiyasi) o‘qitishning maqbulligini ta’minlovchi yo’l-yo’riqlar tizimi bilan bog‘liq bilimlar sohasidir.
Tushuncha bor ekan uning ta’rifi bo‘ladi. Masalan, matematikada har bir tushunchaga ta’rif beriladi va u “deyiladi” so‘zi bilan yakunlanadi. Masalan, “Sanash uchun ishlatiladigan sonlarga natural sonlar deyiladi” yoki “To‘g‘ri chiziqning ikki nuqtasi va ular orasida yotgan barcha nuqtalar to‘plamiga kesma deyiladi” va h.k. Bular standart ta’riflar.
“Pedagogik texnologiya” tushunchasiga turli tashkilotlar va olimlar tomonidan yuzlab ta’rif berilgan, biroq uning standart ta’rifi mavjud emas. Jumladan, UNESCO xalqaro tashkiloti, AQShning pedagogik kommunikatsiyalar va texnologiyalar assotsiatsiyasi, olimlardan Fridman, Palchevskiy, Ilin, V.P.Bespalko, N.F.Talizina, V.M.Monaxov, M.V.Klarin, L.V.Golish, N.Saydahmedov, M.Ochilov, B.Ziyomuhammedov, G.Q.Karimova, G.S.Alixojayevalar tomonidan ta’riflar berilgan.
Ushbu ta’riflarning mazmun-mohiyatini, ta’lim-tarbiyaga oid yaxlit sohaning yoki uning biror kichik qismining natijadorligini ta’minlashga qarata tuzilgan loyihasi va uning muayyan sharoitda, inson omili va zarur vositalar yordamidagi tatbiqi, deb tushunish mumkin.
Biror buyumni zavodda ishlab chiqarish uchun avvalo unung loyihasi ishlab chiqiladi. Loyiha o‘zaro bog‘liq qismlardan tashkil topgan tuzilmadan iborat bo‘ladi. Zavodda loyiha qismlari algoritmi asosida jarayon ketadi. Bunday jarayon ishlab chiqarish texnologiyasi deyiladi.
Masalan, 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Tarbiya” fani o‘qitiladi. Uning dasturi loyiha hisoblanadi. Bu dasturning tatbiqi asosida “Tarbiya texnologiyasi” ro‘y beradi.
Shunga o‘xshash, texnologiyalashtirilgan dars bu — o‘quv vaziyatlarining barcha qirralarini qamrab olgan, aniq maqsadni ko‘zlab, oldindan o‘ylab, qat’iy ketma-ketlikda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari va interaktiv usullardan me’yorida va o‘rnida kompleks foydalanishni, o‘qituvchi-o‘quvchi, o‘quvchi-o‘quvchilarning hamkorlikda faol ishlashlari natijasida, har bir o‘quvchining eng yaqin intellektual rivojlanish darajasida kafolatlangan bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlashni nazarga olgan holda tuzilgan dars loyihasi (konspekti) va uning tatbiqidir.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim-tarbiyaga doir barcha texnologiyalar bitta nom bilan pedagogik texnologiya deyiladi.
Biz ta’limning qadimgi, an’anaviy va zamonaviy turlarini bilamiz.
Ajdodlarimiz qadimda farzandlarini madrasalar(o‘quv maskanlari)da o‘qitishgan. Madrasalarda o‘qitishning ham o‘ziga xos ta’lim texnologiyalari bo‘lgan. Quro’ni karim mazmuni bo‘yicha bo‘laklarga bo‘linib, ularni o‘qitishda “Xor ovozda takrorlash” texnologiyasidan unumli foydalanilgan. Masalan, Ibn Sino madrasada 10 yoshigacha Quro’ni karimni yod olgach, qonun, ya’ni shariat ta’limotini, so‘ngra tartib bilan hisob (matematika), falsafa, mantiq, tib, tabiiy fanlarni o‘rgangan. Demak, ta’lim 7 bosqichda amalga oshirilgan.
An’anaviy ta’lim XVII asr, ya’ni Yan Amos Komenskiy (1592–1670) davridan boshlangan. An’anaviy ta’limning o‘zi yana ikkiga, ya’ni “Mumtoz an’anaviy ta’lim” va XX asrdan boshlab “Zamonaviy an’anaviy ta’lim”ga ajraladi.
“Mumtoz an’anaviy ta’lim” o‘qituvchining belgilangan o‘quv materiallarini o‘quvchilarga o‘rgatishi, ularni o‘quvchilarning jim o‘tirib o‘zlashtirib olishlari, o‘zlashtirilgan bilimlarni uyga berilgan amaliy topshiriqlarni bajarishda qo‘llay olishlarini hamda kitob bilan mustaqil ishlay olishini nazarda tutadi. Bu ta’lim fanda didoxografiya deb ataladi.
“Zamonaviy an’anaviy ta’lim” esa didoxografiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari va interfaol usullardan kompleks foydalanib o‘qitishni nazarda tutadi.
U holda “Zamonaviy ta’lim” nima”, degan savol tug‘iladi. Shu o‘rinda ramziy bir misol keltiramiz. Aqlsiz bo‘ri oz bolalarini yotqizib yoki o‘tirg‘izib qo‘yib emas, balki ularning tabiatlaridan kelib chiqqan holda, o‘yinlarda, kurashlarda tarbiyalab, hayotda yashab qolishlarini ta’minlaydi. Aqlli inson esa bolasining oilada va sinfda jim o‘tirishini talab qiladi. Tabiatdan kelib chiqqan holda “Zamonaviy ta’lim”ga ta’rif beramiz.
Zamonaviy ta’lim deb, mashg‘ulotlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va interaktiv usullardan me’yorida va o‘rnida kompleks foydalanib, bolalarning tabiatidan kelib chiqqan holda shovqinli-faolliklariga asoslangan va rejalashtirilgan bilimlarni ko‘proq mustaqil egallashlariga yo‘naltirilgan, ulardan har birini, uning eng yaqin intellektual rivojlanish darajasidagi bilimlar bilan qurollantirib, bu bilimlarni o‘zgaruvchan sharoitlarda qo‘llay olish amaliy ko‘nikma va malakalarini shakllantirishni kafolatlaydigan ta’limga aytiladi.
Biz, har bir o‘quvchining ikki intellektual rivojlanish darajasini bir-biridan farqlagan holda o‘qitish tarafdorimiz:
1-daraja. O‘quvchining haqiqiy intellektual rivojlanish darajasi. Bunda o‘quvchi o‘quv topshiriqlarini hech qanday tashqi yordamsiz mustaqil bajara oladi.
2-daraja. O‘quvchining eng yaqin intellektual rivojlanish darajasi. Bunda o‘quvchi o‘quv topshiriqlarini kamgina tashqi yordam, ya’ni kitoblar, atrofidagi insonlar yoki internet kabilardan foydalanish orqali bajaradi.
Ramziy ma’noda, o‘quvchi intellektual rivojlanish darajalarini quyidagicha tushuntirish mumkin:
Birinchi darajani, yengil avtomashinaning loyga botib qolib, uning g‘ildiragi tinimsiz aylanayotgani, biroq masofa bosmayotganiga qiyoslash mumkin.
Ikkinchi darajani esa, loyga botib qolgan yengil avtomashinaning orqasidan ozgina himo qilingach, uning yurib ketganiga o‘xshatish mumkin.
Hayot uchun albatta ikkinchi holat zarur. Shunday ekan, darsda ham o‘quvchining eng yaqin intellektual rivojlanish darajasini e’tiborga olgan holda o‘qitish foydali. Chunki o‘quvchi qilolmagan o‘quv ishlarini ertasiga o‘zi mustaqil bajaradigan bo‘ladi. Bunday tashkil etilgan har bir darsda, har bir o‘quvchining intellektual rivojlanish darajasi kam-kamdan oshib boradi. Bunday ta’limni rivojlantiruvchi ta’lim deyiladi.
Rivojlantiruvchi ta’lim o‘qitishning natijadorligini ta’minlaydi. Natijada, mamlakat zamon talablariga mos, raqobatbardosh kadrlarga ega bo‘ladi.
Pirnazar DAVRONOV, professor, Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi o‘qituvchisi
Mahbuba RAHIMQULOVA, dotsent