Zaharli o‘simliklarni taniysizmi?
O‘simliklar dunyosida foydali o‘simliklar bilan bir qatorda zaharli o‘simliklar ham bor. Ana shu o‘simliklardan bir nechtasi haqida ma’lumot beramiz. Boisi, ayni yozgi ta’til davrida o‘g‘il-qizlar turli sayohatlar, oilaviy sayrlarga chiqishi mumkin. Shunday kezlarda ushbu biologik ma’lumotlarga ehtiyoj seziladi. Jumladan, sassiq alaf, mingdevona, belladonna, badiyoni rumi kabi o‘simliklar o‘ta zaharli hisoblanadi.
Sassiq alaf — daryo bo‘ylari va botqoqliklarda tarqalgan bo‘lib, hamma joyi zaharli. Faqat ildizi shirin, xushbo‘y. U o‘zida silutoksin degan zaharli modda saqlaydi. Agar biror kishi bu o‘simlikdan zaharlansa, uning boshi og‘riydi, qayt qilgisi keladi, shilliq qavatlarda ko‘karish, tonik talvasalar kuzatiladi. Bu o‘simlikning zahari uzunchoq miya markazlariga ta’sir ko‘rsatadi. Zaharlanish ko‘p hollarda o‘lim bilan tugaydi.
Mingdevona — o‘z tarkibida giosiamin va skopopolamin tutadi. Urug‘i qizg‘aldoq urug‘iga o‘xshaydi. Iste’mol qilingandan keyin dastlabki soatdayoq zaharlanish alomati seziladi, ya’ni es-hush xiralashuvi, asab qo‘zg‘alishi, gallyusinatsiya holatlari paydo bo‘ladi.
Belladonna — bo‘sh yotgan joylarda, dala chekkalarida o‘sadi. Mevasi mayda olchaga o‘xshaydi, tarkibida atropin bor. 3-4 dona mevasidan yeyilgandan keyin ko‘ngil aynishi, alahlash, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, qorachiqlarning kengayishi kabi alomatlar paydo bo‘ladi.
Badiyoni rumi — yo‘l yoqalarida, qarovsiz joylarda, chiqindixonalar yaqinida o‘sadi. Barglari petrushka bargiga o‘xshaydi. Poyasi va barglari o‘zida konin zaharini saqlaydi. Kasallikda asab sistemasi zaharlanadi, talvasa tutadi, nafas markazi falajlanadi.
Bu o‘simliklardan zaharlanishning oldini olish maqsadida o‘quvchilarga tushuntirish ishlarini olib borishimiz zarur. Bu kabi tadbirlarni bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga, dalalarga ekskursiyalariga borishidan oldin o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Zeboxon EGAMOVA, Qo‘shko‘pir tumanidagi 11-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi