Bolalarga bilib-bilmay singdirilayotgan illat lar yoxud tarbiya faqat maktabga bog‘liq emas!
Ayrim holatda yosh ota-onalar bolaning faqat individual rivojlanishi bilan o‘ralashib qoladilar.
Hozirgi yosh ota-onalarga ba’zida hayron qolasan. Ular farzandining chaqaloqligidanoq undan “vunderkind”ni shakllantirishga harakat qiladi. Kelgusida daromadli kasbning muvaffaqiyatli egasini tarbiyalashga intilamiz. Qanday qilsak, boy-badavlat bo‘ladi, degan orzudagi ota-onalar bilan suhbatda bu ayon bo‘lib qolmoqda.Tarbiya borasida solishtirganda ham falonchi oligarx etalon qilib olinadi.
Bolaga nomi chiqqan mashhurlarni ismini qo‘yish ham udum bo‘lgan. Hozir boshlang‘ich sinflardagi bolalarning aksariyat ismlari o‘sha kishilarga o‘xshab yursin, deb niyat qilinadi. Oybek, Bobur, Alisher kabi ismlarni qo‘yish kamayib ketayotganligi achinarli. Ma’lum vaqtlarda ziyolilarga qiyoslangan ismlar endi kam qo‘yilayapti. Axir yaxshi niyat bilan qo‘yilgan ism ham ko‘rk. Biz ota-onalar bolada rivojlantirish mumkin bo‘lgan barcha narsalarni rivojlantirarmiz, biroq, insoniy jihatlar, xulq-atvorning oddiy qoidalari esa biroz chetga chiqib qolgandek go‘yo.
Muhimi – g‘alaba sari olg‘a, o‘zgalardan yomonroq bo‘lmaslik, ulgurish va yengish. Bolada hudbinlik uchqunlari yoshligidanoq shakllanib bo‘lmoqda. Biz bilib-bilmay shu kabi yomon illatni bolaga singdirib qo‘yayotganimizni payqay olmayapmiz. Yangi o‘quv yili bo‘sag‘asida turibmiz. Bu yildan boshlab barcha sinflar kesimida Tarbiya fani joriy etilyapti. U qanday samara beradi, buni vaqt ko‘rsatadi. Nazarimda, tarbiya faqat maktabga bog‘liq emas, balki oila, mahalla va keng jamoatchilikka bog‘liq.
Ba’zida hatto o‘zimiz ham yoshlarga g‘amxo‘rlik va obro‘, ezgulik va hashamat o‘rtasida to‘g‘ri tanlovni ko‘rsata olmaymiz. Biz keng fe’llik bag‘ri kenglikni bolaga yoshligidan singdirishimiz kerak.
Shuning uchun ham o‘z shaxsiyatingiz, chegaralaringiz, qobiliyatingiz va imkoniyatlaringizni himoya qilish - to‘g‘ri va ijobiy holat. Biroq o‘zgalarning aynan shu huquqlarini tan olishingiz juda muhim. Xo‘sh, bolaga biz nimalarni o‘rgatmay dog‘da qolmoqdamiz?
Birinchidan, ezgulik, o‘zgalarga yordam qo‘lini uzatish, g‘amxo‘rlik. Internet, mobil aloqa va istalgan axborotni olish imkoniyatiga ega bolalar ota-onasi va o‘qituvchilari ularga hayotning faqat qora tomonlarini ko‘rsatishlariga ehtiyoj sezishmaydi. Ular buni televizion yangiliklar, Youtubedagi roliklar orqali bilib olishadi. Aniq misollar va shaxsiy tamoyillar asosida ko‘rsatish lozim, aks holda, ish bermaydi.
Ha, (yumshoq qilib aytganda) dunyo mukammal emas, biroq bu odamlar faqat bir-biriga zarar yetkazishnigina biladi degani emas. Sivilizatsiyaning bugungi kunga qadar barhayotligining sababi - bizning ezgulik va yordamga ishonchimiz. Yaqinda shahrimiz mahallaridan birida bir necha uy birdaniga yonib ketdi. Mahalla ahli shu xonadon jabrdiydalariga har kimni qo‘lidan kelganicha mablag‘ to‘plashga kirishishdi. Shunda ajoyib bir tarbiyaviy voqea yoz berdi. Doniyor ismli 6-sinf o‘quvchisi har kuni otasining topshirig‘i bilan 2000 so‘mga ikki buxanka non olib, qolgan qaytimiga o‘ziga muzqaymoq olishga kelishilgan ekan.
Do‘kon qarshidagi yonib ketgan uylarni ko‘rib, Doniyor qolgan arzimagan puliga muzqaymoq yeyishdan voz kechib, ya’ni bolalik shirin nafsini tiyib, talafot ko‘rganlarga mablag‘ to‘playotgan mahalla vakiliga borib jabrdiydalarga yordam deb o‘zining arzimasada hissasini qo‘shdi. Bu voqea guvohlarni larzaga keltirdi. Shu murg‘ak qalb ezgulikning eng kattasini qildi. Keyin bilsak, bolaning oilasida hammaga yordam berish odati bor ekan. Biz shunday keng qalblarni tarbiyalashimiz kerak.
Ikkinchidan, minnatdor bo‘lish va “Rahmat” aytish ko‘nikmasi.Tavozeli bo‘lish muloyim va madaniyatli bo‘lish – juda muhim. Bu nafaqat yaxshi xulq belgisi, balki o‘zingizda mavjud bo‘lganini qadrlash va hayotni hurmat qilish hamdir. Kitob o‘qigan kishi har qachon madaniyatli bo‘ladi. Badfe’ldan hamma qochadi. Bolaligida so‘kag‘on bola katta bo‘lganida so‘kang‘ich kishiga aylanadi. Yaxshilik qilgan odamga doim rahmat aytish va o‘z minnatdorchiligini izhor qilish odamiylik mulki.
Chegara doirasida tavozeli bo‘lish kishining ichki madaniyatini bildiradi. Hozir yoshi kattalarni hurmat qilmaydiganlar oramizda uchramoqdaki, bu betarbiyaliklar shubhasiz xunuk ko‘rinadi. Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlardagi insonlarning tavozesiga kishi havas qiladi. Bizda ham qo‘li doim ko‘ksida bo‘ladigan bolalarimiz yo‘q emas. Biror ish buyursangiz, “Xo‘b bo‘ladi”, deyishlik kishining odobi deyiladi. Ammo, yosh amaldorlarning ba’zi beodobligi ham uchramoqda. Xayriyat, bular ozchilik.
Uchinchidan, yoqimli suhbatdosh bo‘lish, muloqot qilish ko‘nikmasi. O‘zgalar gapini bo‘lmasdan tinglash, chuqur ma’noli va tanqidli fikrlarni ichda saqlay bilish – do‘stga ega bo‘lishni istaydigan kishi uchun muhim xususiyatlardan biri. Albatta, hayotda suhbat qurish istagini uyg‘otuvchi kishilar har doim ham mavjud bo‘lavermaydi. Jig‘ingizga tegadigan qo‘shni, ezma qarindosh ham uchrab turadi, biroq qo‘pollik ko‘pincha mojaro va ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Suhbatga arziydigan, keyinchalik birovga aytib bersa, maza qilib tinglaydigan turmush tarzini kechirish kerak.
To‘rtinchidan, tashqi ko‘rinishning tartibliligi. So‘nggi urfda kiyinish mumkin, biroq yuvilmagan sochlar tashqi ko‘rinishga ko‘rk bermasligi va kishida ishonchni uyg‘otmasligi aniq. Insonda ichki madaniyat va tashqi madaniyati ham nihoyatda go‘zal bo‘lishi lozim. Hozir ota-onalar bolalarini sof milliy kiyimlarimizdan voz kechdirib mutlaqo g‘arbiy, bizga umuman yarashmagan kiyimlarni - o‘g‘il bolalarga kalta paypoq, tor shim kiydirmoqdalarki, bu sog‘liqqa ham, or-nomusimizga ham zid. Kiyim masalasida hamisha o‘rta miyonalik, zamonasiga millatiga mos bo‘lishi yaxshi.
Beshinchidan, “parazit” so‘zlar va salbiy iboralarsiz toza nutq. Barcha grammatik xatolar uchun urishish shart emas, biroq nutq madaniyati – inson uchun muayyan daraja va imkoniyat demak. Bolalarga fikrini aniq bayon etish, o‘z nuqtayi nazarini suhbatdoshiga yetkaza bilish, boy lug‘at zaxirasiga ega bo‘lishda yordam bering. Ana o‘shanda ularni kelajakda ko‘plab muammo va noqulay vaziyatlardan xalos etasiz. Agar kitob o‘qimasa, so‘z boyligini qayerdan oladi bola?
Agar ota-ona kitob o‘qimasa, ahvol bundan badtar bo‘ladi. Uyida bitta ham kitobi yo‘q oilalar bor. Vaholanki, shu oilalarning moddiy boyligi bisyor. Faqat ma’naviy boylikdan qisilib qoladilar sho‘rlik insonlar. Axir, kitob-ku barcha madaniyatlarning boshi. Muhtaram Prezidentimiz bekorga ushbu masalani siyosat darajasiga ko‘tarmadilar.
Oltinchidan, bag‘rikenglik (tolerantlik) – ota-onalar o‘z farzandlariga berishi lozim bo‘lgan eng muhim qadriyatlardan. Butun dunyo uchun bu hali ham og‘riqli nuqta. Biroq jigarbandlarimiz zo‘ravonlik zulmni uyg‘otishi, sabr va o‘zganing nuqtayi nazarini qabul qilish – o‘zaro ishonch va totuv hayot kechirishning yagona kaliti ekanini bilishi lozim. Har qanday millat, din ajratish hamma davrlarning eng jirkanch illatlari bo‘lib kelgan. Biz har doim Odam Ato va Momo Havoning farzandlari ekanligimizni doim bilishimiz lozim.
Yettinchidan, dunyoga ilmiy nigoh. Biz va sayyoramiz muayyan qonunlar bo‘yicha yashaymiz. Ilm-fan tufayli zamonaviy sivilizatsiya yutuqlariga erishilgan. Ko‘pchilik uchun ilmiy qonuniyatlarni tushunish oson emas, biroq barini yuqori kuchlar tomonidan amalga oshirilgan deb tushunish ham ahmoqona holat. Aynan ilm-fan bolalarga hayot asosini anglash va firibgarlar qo‘liga tushib qolmaslik imkonini beradi.
Yana gap kitobga, turli-tuman “Bolalar ensiklopediya”larini o‘qishga taqalaveradi. Ochig‘i, bolalar fantastik kitoblarni o‘qimay qo‘ydi. Afsuski, fantastik kitoblar ham yozilmay qo‘yildi. Texnika, muhandislik ilmga qiziqish bo‘lmas ekan, rivojlanish bo‘lmaydi. Raqamli dunyo, iqtisodning talabi shu.
Sakkizinchidan, tabiat va atrof-olamga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lish. Bu masalada chiroyli va balandparvoz gaplar bilan chegaralanishning o‘zi yetarli emas. Yo‘lakning iflosligi, gullarning payhon qilingani, chiqindining idishga solinmasligi ustidan shikoyat qilamiz. Biroq o‘z-o‘zimizni nazorat qilib, bunga farzandlarni ham o‘rgatishni hech kim ma’n etmaydi. Bolalar saqich chaynab yerga otmoqdalar, pista chaqib, atrofni iflos qilmoqda.
Biz hamon befarqmiz. Yaponiya maktablarida bolalar haftani bir kunida maktablarini o‘qituvchisi boshchiligida qirtishlab tozalaydilar. Germaniyada yo‘lkalar ayni bolalar ishtirokida yuviladi. Hamma narsa har yili bo‘yaladi. Bunda ayni maktab o‘quvchilari faol. Bizda ota-onalar bu kabi yumushlarni boshqalar qilib berishini talab qilishdan nariga o‘tmaydi. Hech kim mehnat qilib o‘lib qolgan emas. Hashar, shanbaliklar majburiy mehnat emas, balki milliy odatlarimiz. Ozodalik iymonning bir bo‘lagi. Hamma o‘z atrofini orasta qilmasa, unga birov kelib qilib bermaydi. Hozirgi bolalarga ozgina ish buyursang, ota- onalari e’tiroz bildirmoqda.
To‘qqizinchidan, orzu qilish, xayolot olamiga sho‘ng‘ish, tasavvur olamini boyitish, yangi narsalarga intilish, o‘z oldiga maqsadlar qo‘yish-balandliklarga intilishni bolalarga o‘rgatishimiz kerak. Yaxshi niyat - yarim davlat. Yaxshi niyatga farishtalar ham omin, deb turadi. Bu odatiy narsalardan tashqariga chiqish, dunyoqarashni kengaytirish, olamni turli burchakdan ko‘rish imkonini beradi.
O‘ninchisi, halol va sabrli bo‘lish. O‘zgalar haqidan qo‘rqish. Bu o‘ninchi odat hamma odatlarning qobig‘i. Hayotning asosi. Insonning ko‘rki. Barcha ta’lim va tarbiya vositalari shu ezgu ishga yo‘naltirilishi darkor.
Baxtiyor KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi