Har bir o‘quvchi musiqa chalolsa...!
“Maktab bitiruvchisi attestatida “cholg‘u asbobini o‘rgangan” degan baho bo‘ladi”. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlari. Davlat rahbari ushbu so‘zlarni iyun oyi oxirlarida Namangan viloyati faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tdi va bu borada mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Prezident o‘z so‘zini shunday izohladi: “Nima uchun bu kerak? Iqtisodiyotni tiklaymiz, lekin shu bilan barobar ravishda madaniyatimizni tiklab bormasak, ertaga ma’naviy ozuqa bo‘lmagan elda, xalqda, yoshda yutuq bo‘lmaydi”.
Bu juda to‘g‘ri, chuqur o‘ylangan qaror edi. Zero, Navoiy ham “Musiqa jamiyat hayotining muhim negizidir. Faqat musiqagina odamning qalbiga tiniqlik, mutanosiblik va o‘z-o‘zidan qanoat tuyg‘usini olib kiradi va uni baxtiyor qiladi” degan edi.
Darvoqe, musiqa inson ruhiyatini ma’naviy oziqlantiruvchi mustahkam quroldir. Ibn Sino insonlarni davolashda musiqadan foydalangani bejiz emas, chunki qalbi, ruhiyati sog‘lom inson mustahkam irodaga ega bo‘ladi.
O‘rta asrlarda bayon etilgan rivoyatlarga ko‘ra, g‘ijjakni Forobiy yaratgan, Ibn Sino dastlabki ikki torni kvartaga sozlagan, Qulmuhammad Udiy esa g‘ijjakka 3-torni qo‘shgan. Ungacha ikki simli g‘ijjakda ipakdan eshilgan yoki simli aks sado beruvchi torlar soni 8–11 ta bo‘lgan. Bizgacha yetib kelgan tarixiy manbalarga tayanadigan bo‘lsak, ota-bobolarimiz musiqa ilmini o‘rganishga katta ahamiyat qaratishganiga amin bo‘lamiz.
Bugun ham har bir maktab o‘quvchisi biror musiqa asbobini chalishni o‘rgansa, o‘smirlarning barchasida toza insoniy tuyg‘ular kurtak yoza boshlaydi. Bo‘sh vaqtlarini faqat internet o‘yinlari, ijtimoiy tarmoqlarga sarflamay san’atga safarbar etadilar. Bu ularning kelajak sari intilish istaklarining ortishiga ham xizmat qiladi. Mashhur yozuvchi Stendal aytadiki, “Komil musiqa qalbni shunaqa larzaga keltiradiki, bu hissiyotni sevimli mavjudotlardan bahra olayotgan kabi holatda bo‘lgandek his etasiz, ya’ni musiqa, so‘zsiz dunyoda bor bo‘lgan eng yorqin baxtni ato etadi”.
Dilafro‘z HAMROQULOVA, Marhamat tumanidagi 31-maktabning nemis tili fani o‘qituvchisi