Bola tarbiyasida e’tiborning o‘rni
“Bolalar jannat bog‘ining gul-u rayhonlaridir” deyiladi muborak hadisi shariflarda. Biz ana shu gul-u rayhonlarimizning sarmast etuvchi bo‘ylaridan bahramand bo‘lishimiz uchun ularni to‘g‘ri tarbiyalashimiz zarur. Bola tarbiyasi bilan astoydil shug‘ullanadigan oilalarning farzandlari o‘z imkoniyatlarini dars jarayonida qiynalmasdan ko‘rsata oladilar. Sinf rahbarlik faoliyatimdagi kuzatuvlarimda shunga amin bo‘lganmanki, ko‘pchilik otalar telefonda qandaydir o‘yinlarni o‘ynab vaqtlarini bekorga sarflab o‘tirishadi. Holbuki, qaysidir fandan uy ishini bajara olmayotgan farzandiga e’tibor berishmaydi. “Dadajon, mana shu misolning qanday yechilishini ko‘rsatib yuboring” desa, “bor onangga ayt, yordamlashib yuboradi” deydi. Bu paytda qandaydir serial ko‘rayotgan yoki dugonasi bilan suhbatlashayotgan ona “Nima balo, maktabda o‘qituvching shuni ham o‘rgatmadimi, o‘zi qanaqa o‘qituvchi u?” deya dashnom beradi. Natijada bola o‘z muammolarini ota-onasiga aytishdan hayiqib qoladi. Bora-bora farzand shunday munosabatlardan keyin ota-onadan uzoqlashib boraveradi. Sababi, uni tergaydigan, kundalik daftarini kuzatib boradigan kishilardan hafsalasi pir bo‘ladi. Aziz ota-onalar, farzandlaringizni o‘zingizdan uzoqlashtirmang!
Muhabbat RO‘ZIBOYEVA, Chilonzor tumanidagi 201-maktab o‘qituvchisi