Bolaga til o‘rgatishni qachon boshlagan ma’qul?
Chet tilini o‘rganishni erta boshlagan bolalar odatda tengqurlariga qaraganda yuqori aqliy salohiyatga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, til o‘rganish jarayonining o‘zi bolaga ko‘plab ijobiy kechinmalar ulashadi.
Bola miyasi tez moslashuvchan bo‘lib, har qanday faoliyat turini ham oson o‘zlashtira oladi. Bugungi kunda ko‘pchilik ota-onalar farzandlariga aynan necha yoshdan til o‘rgatishni boshlash haqida bosh qotirmoqda. Bu borada butun dunyoda turli qarashlar mavjud.
AQShning Massachusets texnologik universiteti neyro va kognitiv fanlar markazi mutaxassislari xorijiy tillarni o‘rganishni boshlash uchun eng qulay yoshni ma’lum qilgan. Natijada xorijiy tilni o‘sha tilda so‘zlashuvchilar kabi mukammal egallashda eng katta imkoniyatlarga tilni o‘rganishni 10 yoshgacha boshlaganlar egaligi aniqlangan. 18 yoshdan keyin ham tilni tez o‘rganishga layoqat saqlanib qoladi, biroq uni mukammal egallash ancha qiyin bo‘lar ekan.
Aslida til o‘rganishga hech qachon kech emas. Ammo bolaning miyasi taxminan 3 yoshdan 10 yoshgacha barcha yangilik, bilimlarni singdirib oladi. 5 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan davrni lingvist-pedagoglar “oltin o‘rta” ya’ni, chet tilini o‘rganish uchun eng yaxshi davr deb hisoblaydi. Chunki bu davrda aksariyat bolalar o‘z ona tilini yaxshi o‘zlashtirib, nutq nuqsonlaridan xalos bo‘ladi. Chet tilini o‘rganishda ko‘r-ko‘rona yodlash emas, ongli ravishda munosabatda bo‘lish samaraliroq. Fikrlash “yetuklik” ham talab etadi, jumladan, diqqatni jamlay olish muhim. Besh yoshli bolada bu kabi ko‘nikmalar to‘liq bo‘lmasa-da, shakllanib bo‘ladi. Bolaning ijtimoiy moslashuvi, ya’ni guruhda o‘zini tuta bilishi zarur. Chunki til o‘rganish boshqa bolalar bilan muloqotni talab etadi, deydi tadqiqotchilar.
Ammo yaponiyalik olim Masaru Ibuka o‘z kitobida bolaning qobiliyatlarini rivojlantirishga uch yoshdan keyin kech bo‘lishini yozgan. Uning “Uchdan keyin kech” nomli kitobida o‘qituvchi Masao Nagataning tajribasi hikoya qilinadi. U ishdan bo‘shab o‘z hayotini farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlaydi. Bir vaqtning o‘zida ikki yarim yashar o‘g‘li va uch oylik qiziga ingliz, ispan, italyan, nemis, fransuz hamda o‘z ona tilini o‘rgata boshlagan. Masao Nagata bolalarining besh tilni bir vaqtda o‘zlashtirishda chalkashmaganligini aytadi. “Biz xorijiy tillar bilan faqat radio orqali shug‘ullanar edik. Bu radioeshittirishlarni juda muloyim boshlovchilar olib borardi. Talaffuz mashqlari uzoq vaqt davomida takrorlanardi. Bolalar o‘zlari gapirganida hamma narsani to‘g‘ri talaffuz qilar edi,”— deydi u.
Ilk bor eshitganimizda bu g‘ayrioddiy tuyulishi aniq. Hali birorta so‘zni talaffuz qilolmaydigan go‘dakning butun boshli tilni o‘rganishiga ishonish qiyin. Biroq miyaning fiziologik tadqiqoti va bolalar psixologiyasini o‘rganish natijalariga ko‘ra, bola aqliy qobiliyatining rivojlanishi bu uning birinchi uch yilda, ya’ni miya hujayralarining rivojlanish davrida olgan ta’limiga bog‘liq. Axir xalqimiz orasida ham beshikdan to qabrgacha ilm izla, degan maqol bor. Zamonaviy ilm-fan, turli tadqiqotlar ham xalqimizning donishmandligini, bu ko‘hna haqiqatni bot-bot tasdiqlamoqda.
Ammo bolani zo‘riqtirish kerak emas. Bola majburiy bo‘lmagan mashg‘ulotlarni oson qabul qiladi. Tilni o‘yin shaklida o‘rganish bola uchun eng samaralidir, chunki qiziqish bilan amalga oshirilgan jarayonda bola axborot va bilim qabul qilishga tayyor bo‘ladi. Qiziqish so‘nishi hamono u e’tiborini boshqa narsalarga qarata boshlaydi. Bunda bolani behalovatlikda, e’tiborsizlikda ayblash noo‘rin. Zero, bu xatti-harakatlar bolaning tabiiy himoya mexanizmi hisoblanadi. U bizdan farqli ravishda uzoq vaqt bir tarzda o‘tira olmaydi. Bolalar ko‘rgan narsasigagina ishonadi va yaxshi eslab qoladi. Ularda ko‘rish xotirasi eshitish va his-tuyg‘u xotirasidan kuchliroq. Shu bois, ham chet tilini o‘rgatishda turli suratli kartochkalardan foydalanish unumlidir.
Ba’zilar bolasi hali ikki-uch yoshga kirmay turib, uning tarbiyasi “nobop”ligidan shikoyat qilishni boshlab yuborishadi. Norasida go‘dakni xuddi kattalardan talab qilinadigan “qolip”larga solishga, uning odob-axloqini “o‘nglash” harakatlariga kirishiladi.
Bu ham xato yo‘l. Chunki hali suyagi qotmagan, yaxshi va yomon nimaligini anglamagan yosh bolani hadeb tergayverish, uni turli qoliplarga solishga urinish, kuchi va iqtidori yetmaydigan mashg‘ulotlarga majburlash irodasini sindirishi, ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, keyinchalik hamma narsaga befarq va loqayd qaraydigan qilib qo‘yishi mumkin. Bolaga erta ta’lim berishni, uni majburlash va qiynash bilan adashtirib yubormang.
Sabogul TOYIROVA, Oltinsoy tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi