“Farzandingizdan oldin o‘zingizni tarbiyalang!..”
Har bir ota-ona farzandining bilimli, baxtli, saodatli, istiqboli porloq bo‘lishini orzu qiladi va shu maqsadga erishish uchun butun umrini, bor-yo‘g‘ini sarflaydi. Ayniqsa, bu bolasevar xalqimizning qalbiga singib ketgan fazilatdir.
Hozirgi globallashuv sharoitida ota-onalarning farzandlari oldidagi mas’uliyati yanada ortdi. Biroq bugun ayrim ota-onalar o‘zining emas, bolasining kelajagi uchun tinmay ishlab, asosiy yumushi bo‘lmish — bola tarbiyasini esdan chiqarib qo‘ymoqda. Yoki biroz e’tiborsizlik qilmoqda. Psixologlarning fikricha, bu kabi holatlar nosog‘lom muhitga, bolaning kelgusida to‘g‘ri yo‘lda ham qoqilishiga olib keladi.
“Sen ikkiga loyiq emassan”
Zebiniso AHMEDOVA, psixolog-psixoterapevt:
— Malakali, yetuk psixologlar bolaga qarab ota-onasining dunyoqarashi, xarakterini to‘g‘ri tasvirlab bera olishadi. Yerning tortishish qonuni, Nyuton qonunlari kabi psixologiyada ham bir qancha qonuniyatlar mavjud. Eng mashhur va dunyoni lol qoldirgan “Pigmalion qonuni”ni bola tarbiyasida to‘g‘ri qo‘llash haqida ma’lumot bermoqchiman.
“Pigmalion qonuni” “Pigmalion effekti” ham deyiladi. U juda ko‘p eksperimentlar orqali kashf qilingan. Ulardan biri maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan.
Bir sinf o‘quvchilariga “O‘quvchilarni tekshirib, eng qobiliyati ustunlarni saralab olamiz va bir sinfga yig‘ib alohida mukammal reja bilan o‘qitamiz”, deb e’lon berishadi. Ammo o‘quvchilar orasidan qoloq o‘quvchilar, yaxshi va a’lochi deb baholanganlardan ajratib olinadi va guruh tuziladi. Shunda “qoloq” nomiga sazovor bo‘lgan o‘quvchining ota-onasi va o‘qituvchisi “Axir bu qoloq-ku” deb qarshilik qiladi. Eksperimentni o‘tkazayotgan psixologlar esa “Biz tekshirib ko‘rdik, aslida, bu bolaning imkoniyati a’lochilardan ham ustun”, deb o‘z qarorini himoya qiladi. Bolalar o‘qiy boshlaydi. Eksperiment natijasi esa dunyoni lol qoldiradi. Natijada qoloq nomini olgan bola ham, o‘rtacha qobiliyatli va a’lochi ham bir xil o‘quvchiga aylanadi.
Bu qonun quyidagicha ta’riflanadi: inson o‘zidan nima kutilayotganiga qarab harakat qiladi. Misol uchun, farzand maktabdan kelganida, “Mening a’lochi o‘g‘lim keldi”, deb kutib olsangiz, u ikki olganini aytsa, “Sen ikkiga loyiq emassan”, deb tarbiya qiling. Ayrim ota-onalarga o‘xshab, “yana ikki oldingmi, sen o‘zi odam bo‘lmaysan, o‘zi senga ikki ham kam!”, demang. Farzandingizning kim bo‘lishini istasangiz, o‘sha insonga xos muomala qilishingiz kerak. Shuning uchun psixologlar: “Farzandingizni emas, o‘zingizni tarbiyalang, farzandingiz baribir sizga o‘xshaydi”, deyishadi. Boladagi kamchiliklar, tarbiyasidagi buzilishlar ota-onalarning, ya’ni biz kattalarning “mahorati” ekanini tan oling.
Bolaning savollarini javobsiz qoldirmang!
Jamilaxon SATIMOVA, Namangan shahridagi 78-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— Bolaga hech qachon “Sen yomon bolasan”, deb takror va takror aytish yaramaydi. Bunday ko‘ngilsiz gaplarni qayta-qayta eshitish natijasida bolada ham shunday tushuncha paydo bo‘ladi. Natijada “Men yomonman, menga gapirmang”, deb javob beradigan bo‘lib qoladi. Bu undagi yomon xususiyatlarning yo‘qolishiga emas, balki yanada rivojlanishiga olib keladi. Bolada paydo bo‘lgan ayrim salbiy odatlarni vaqtida, o‘rni kelganda mana shu ishining yomonligini tushuntirish va nima qilsa yaxshi bo‘lishini ko‘rsatish orqali yo‘qotib borish kerak.
Hozirgi yoshlar juda qiziquvchan, zukko. Ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘ziga xos xarakteri, tevarak-atrofga qiziqishi natijasida juda ko‘p savollar tug‘iladi. Ular asosan “Nima uchun?”, “Nimaga?”, “Nimaga kerak?” kabi savollar beradi. To‘g‘ri, ayrim vaqtlarda ishdan charchab kelgan bo‘lamiz. Ana shunday payt farzandimizning shovqini-yu bergan savollari ham yoqmadi. Lekin biz, ota-onalar ularning har bir savoliga qisqa va tushunarli javob berishimiz lozim. Berilgan javobdan bolaning qoniqmagani sezilsa, “Katta bo‘lasan, o‘qiysan, maktabda bu haqida senga bilim berishadi”, deb unda qanoat hosil qilish kerak. Ammo ayrim oilalarda bolalarning ota-onalariga bergan ko‘p savollari javobsiz qoladi. Ularning savoliga javob berish o‘rniga “ko‘p mahmadona bo‘lma, sergap bo‘lma, bor o‘yna”, deb qiziqishini so‘ndiradigan ota-onalarni ham uchratamiz. Bolani to‘g‘ri tarbiyalash uchun bunday holga barham berish kerak.
Ba’zida ish yoki oilada ko‘ngilsizlik bo‘lib, kayfiyat tushadi. Buni farzandga bildirmaslik kerak. Ayrim onalar bunday holatda alamini bolasidan oladi. O‘zimning bolam-ku, ertaga biror sovg‘a olib bersam, esidan chiqadi, deb o‘ylashadi. Ammo bu juda xato fikr. Bora-bora ular sizni xafa qilgan kishilardan nafratlanadigan yoki umuman yoningizga kelmaydigan bo‘lishadi.
Ba’zan bolalarning yolg‘on gapiriyotganiga guvoh bo‘lamiz. U kimdan o‘rgangan? Albatta, oilasidan, ko‘cha-ko‘ydan! Bunda bola yolg‘on so‘zlab, ota-onasining xulqiga taqlid qilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Balki ota-onalarning o‘zi farzandining yolg‘on gapirishiga sharoit yaratib berayotgandir! Misol uchun, ona sotib olgan narsasining narxini turmush o‘rtog‘idan berkitish maqsadida farzandidan otasiga bu haqida hech nima demasligini so‘raydi. Ota ruxsat bermagan joyga borib, bolaga bu haqda aytmasligini tayinlaydi... Mana sizga eng katta xato va fojia!
Ayrim mehribon onalar farzandining aybini yashirish uchun otasiga yolg‘on so‘zlaydi. Bu holat bot-bot takrorlanadi. Bu ham farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mashhur olim, doktor Toriq al-Habibiy shunday yozadi: “Farzandingiz ko‘p yolg‘on gapiradimi, demak, siz uni haddan tashqari qattiq hisob-kitob qilib, tergaysiz. Agar u sizga ishonmasa, siz uni shijoatlantirmayotgan ekansiz.
Farzandingiz so‘zlashishni bilmaydimi? U bilan suhbatlashishga alohida e’tibor qarating. U o‘g‘irlik qilyaptimi, demak, siz unga sovg‘alar, hadyalar bermas ekansiz”.
Doktor Toriq al-Habibiyning ta’kidlashicha, farzandning qo‘rqoqligi ota-onaning uni ko‘p himoya qilishi bilan bog‘liq ekan. Bundan tashqari, ota-onaning o‘z farzandi bilan baland ovozda gaplashishi bolaning boshqalarni hurmat qilmasligiga olib kelar ekan.
Mas’uliyatsizlik huquqbuzarlikka yetaklaydi
Sanobar JUMAYEVA, G‘ijduvon tumanidagi 25-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Hozirgi kunda ota-onaning farzand tarbiyasidagi mas’uliyati to‘g‘risida ko‘p gapirilmoqda. Masala jiddiy va dolzarb! Sabab — hududlarda huquqbuzarlik, jinoyatchilikning ko‘payib borayotgani. Bu hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Chunki voqea-hodisalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqamoqda. Birini o‘qib ulgurmasimizdan ikkinchi jinoyat haqida xabar joylashtirilmoqda. Nega bunday? Farzand tarbiyasiga mas’ullik haqida gapirar ekanmiz, o‘zimiz mas’uliyatlimizmi? Farzandlar kimdan o‘rnak olayotir? Kim mas’uliyatsizlik qilayotir?
Ha, bugungi kunda bola tarbiyasini faqat ularning qornini to‘ydirish, ustini but qilish, qolaversa, qo‘liga eng so‘nggi rusumdagi “sotka”dan olib berish deb bilgan ayrim ota-onalar noqobil farzandlar voyaga yetishiga sababchi bo‘lmoqda. Natijada keyingi yillarda yengil-yelpi hayotga o‘rgangan yosh oilalar o‘rtasida ajrashishlar soni ko‘paydi. Arzimagan bahonalar bilan oilalar buzilib, begunoh farzandlar tirik yetim bo‘lib qolmoqda.
Gohida farzandimizga ko‘rsatayotgan har bir xatti-harakatimiz uni tarbiyalab borishini bilib turib, buni takrorlaymiz. Keyin xato qilsa, ming afsus-u nadomat qilib, xatolarimizni takrorladi, deya o‘zimizga taskin beramiz.
Bilasizmi, mas’uliyatni bolaga avvalo ota-ona o‘rgatadi. Qanday? Masalan, bola qo‘lini yuvib, sochiqni ilingan joydan olib artadi. Lekin sochiqni qaytarib o‘z joyiga iladimi? Yoki bolaga biror yumush buyurdingiz, u shu ishni oxiriga yetkazdimi? Tekshiring. Bu mas’uliyatni his qilishga undaydi. Tekshirmadingizmi, keyingi safar u buyurgan yumushingizni oxiriga yetkazmasa ham bo‘laveradi, qabiliga o‘tadi. Aybdor kim? Albatta, siz. Natija qanday? Mas’uliyatsizlik avj oladi. Huquqbuzarlik va jinoyatchilik kelib chiqishining ilk uchqunlari shunga borib taqaladi.
Qayerda bolalarimizga doimiy e’tibor berilgan bo‘lsa, ana shu joyda huquqbuzarlik, jinoyatchilik kelib chiqmaydi. Aksincha, qayerda beparvolik va loqaydlik bo‘lsa, ana shu joyda nosog‘lom muhit baydo bo‘ladi. Buning uchun eng avvalo ota-onalar, mahalla, ta’lim muassasalari bir-biri bilan hamkorlikda doimiy ishlashi zarur. Zero, Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, “Bugungi o‘g‘ri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga e’tibor berilmagan bolalardir!”.
Ota-onalar, diqqat!
Jahongir QO‘CHQOROV, psixolog, salomatlik, oila va bola psixologiyasi bo‘yicha oliy toifali mutaxassis:
— Barchamizga ma’lumki, bola taqlid qilishni xush ko‘radi. U ota-onasining har bir harakatini takrorlaydi. Shuning uchun ham donolarimiz farzand tarbiyasiga kirishishdan oldin avvalo o‘zingizni tarbiyalamog‘ingiz shart, deb bejiz aytishmaydi…
Ha, bola tarbiyani dastlab oilasida oladi. Kattalarning butun xatti-harakatlarini xuddi suratga olgandek ongiga joylab, ulg‘aygach, ularni hayotiga tatbiq etadi. Shu sabab oilada bolalardan biror narsani, tartibni, odatni talab qilishdan oldin kattalarning o‘zlari namuna bo‘lishi lozim. Agar biz, ota-onalar boladan odobli, xushmuomala bo‘lishni talab qilsag-u, ammo o‘zimiz bunga rioya etmasak, bolalarda bunday xususiyatni tarbiyalash qiyin bo‘ladi.
Bolangizni u bilan gaplashayotgan, biror narsa o‘rgatayotgan yoxud unga biror ish buyurayotganingizdagina tarbiyalayapman, deb o‘ylamang. Siz uni hayotingizning har bir soniyasida tarbiyalab borasiz. So‘zingiz ohangidagi zig‘irdek o‘zgarishni ham bola sezib yoki his etib turadi, fikringizdagi ozgina burilish ham ko‘rinmas yo‘llar bilan bolangizga yetib turadiki, buni o‘zingiz sezmay qolasiz. Makarenko degan olim “Shunday g‘aroyib ota-onalar ham borki, ular to umrlarining oxirigacha faqat farzandlarini o‘zlaridan bezdirish bilangina shug‘ullanadilar”, degan ekan. Keling, yaxshisi, siz bu yo‘ldan aslo yurmang!
Farzandlaringizga mehr bering, ular bilan dildan gaplashing, bir kunda muayyan vaqtingizni ular uchun ajrating. Shunda u qayerda bo‘lmasin, uyiga, ota-onasi bag‘riga talpinadi. Xonadoni, ota-onasini sevgan farzandning esa yurtiga, Vataniga mehr-muhabbati cheksiz bo‘ladi!..
Unutmang! Faqat ota-onasini yo‘qotgan emas, balki qarovsiz qolgan, tarbiyasiga birov ahamiyat bermagan bola ham yetim hisoblanadi. Bunday yetimlikdan Yaratganning o‘zi asrasin!
Kamola AHMEDOVA tayyorladi.