O‘z istagini bolaga singdirish — katta xato!
Maktabimizda ta’lim ikki tilda — rus va o‘zbek tillarida olib boriladi. Men rus sinflariga davlat tili, ya’ni o‘zbek tilidan dars beraman. O‘tgan yillardagi tajribam va kuzatuvlarim davomida ayrim muammolarga duch kelganman.
Nafaqat muallim, balki ona sifatida ham rus sinflaridagi o‘zbek oilalari farzandlarining muloqot va ta’lim muhitiga befarq qarab turolmayman. Boisi, rus sinflari rus tilida so‘zlashishni o‘rgatish uchun emas, rus tilida ta’lim berish uchun ixtisoslashgan. Albatta, ruschada ham bemalol so‘zlasha oladigan, shu tilda atrofdagilar bilan erkin muloqot qilishga layoqatli, tilni o‘z ona tiliday tushunadigan bolalar ko‘p. Biroq ota yoki ona rus tilini bilmaydi va u o‘z istagining ijobatini farzandida ko‘rish niyatida. Oilada millatimizga xos o‘zlikni, urf-odatlar-u qadriyatlarni saqlab qolayotgan, bir vaqtning o‘zida farzandlariga bolalikdan rus tilini o‘rgatayotgan, uyda ikki tilda so‘zlashayotgan bobo va buvijonlar yoki ota-onalar ham bor. Shunday o‘quvchilarni ko‘rganman: hali maktabga chiqmay turib bog‘cha yoshidayoq katta-katta ertaklarni rus tilida bemalol xatosiz so‘zlay oladi. Ular shunchaki so‘zlamaydi, hatto mazmun-mohiyatini tushuntirib bera oladi. Ularning nutqi ham chiroyli, masal, she’rlarniyam ifodali aytib beradi. Bunday bolalarga havas qilasan kishi. Bolasini rus sinfida o‘qitishni istovchi ba’zi ota-onalar ham borki, bola mutlaqo rus tilini bilmaydi. Buning ustiga, o‘quv yili boshlanishiga bir-ikki oy qolganida bolani repetitorga berib, uddalashga urinishadi. Bu vaziyatda birinchi sinfga chiqayotgan bolakay asosan ilk suhbat jarayonida beriladigan savollarning javobini o‘rganadi, to‘g‘rirog‘i, faqat yodlaydi. Bolada savolga javob bor, javob to‘g‘ri, lekin nima deyayotganini tushunmaydi. Bir amallab, quruq yodlatib, suhbatdan ham o‘tib rus sinfiga qabul qilindi deylik. Endi bundan buyog‘iga hamma og‘irlik bolaning zimmasiga tushadi. Goh tushunib, goh tushunmay bola bechora sinfdan sinfga o‘tib boradi. Ammo bir-ikki yillik ta’limdan keyin o‘quvchi bilim olishga nihoyatda qiynaladi. Hamma muammo esa o‘sha tushunmovchilikka kelib taqaladi. Ota-ona o‘z istaklaridan kelib chiqib, kerak bo‘lsa majburlab bola rus sinfiga joylangan.
Sinfdan sinfga ko‘tarilgan sari fanlar ko‘payib, dastur ham soddadan murakkabga qarab murakkablashib boraveradi. Fizika, kimyo, geografiya, biologiya kabi fanlardan endi bolamiz tushunganini so‘zlab berishi rus tilida berilgan matematik misol va masalalar ustida bosh qotirishi kerak bo‘ladi. Yaxshi tushunmayotganidan bola siqiladi, bu holat uni maktabdan bezdiradi, o‘ziga ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. O‘zini keraksizday his qila boshlaydi, ongida bo‘shliq paydo bo‘ladi. Bu bo‘shliqni esa hech qanday boylik, qimmat pulga yollangan repetitor, yakka tartibda shug‘ullanuvchi uy o‘qituvchisi — hech kim, hech nima to‘ldira olmaydi.
Maktabda 7-rus sinfida “O‘zbekiston tarixi”dan ochiq dars mashg‘ulotini kuzatdim. Mening darsimda sinfning eng oldi o‘quvchisi darsda umuman qatnashmadi. Mavzu juda qiziqarli: “Amir Temurning jahon tarixida tutgan o‘rni” edi. Dars tugagandan keyin undan “Buyuk sohibqiron bobomiz hayotiga oid shunday mavzuga bag‘ishlangan darsda nimaga qatnashmading?”, deb so‘radim. “Hammasini tushunib o‘tirdim, faqat gapirishga qiynalaman, o‘zbekcha bo‘lsa, gapira olardim, lekin ruscha gapirishim kerak-da”, dedi o‘quvchim xijolatlik bilan.
Shunday ekan, aziz ota-onalar, nima qilamiz bolani qiynab?! Ularga yaxshilik qilaman deb yomonlik qilib qo‘ymaylik!
Go‘zal MAMAJONOVA,
Namangan shahridagi 7-maktab o‘qituvchisi,Xalq ta’limi a’lochisi