Ertaklarning bola tarbiyasidagi ahamiyati
Tarbiya yo‘nalishlaridan biri — bu bolani badiiy adabiyot, xalq og‘zaki ijodi, jumladan, ertaklar bilan tarbiyalash. Ertaklar chin ma’noda noyob durdonalar hisoblanadi. Xalq og‘zaki ijodi asarlarida Vatanni sevuvchi, uning tashvishini o‘zining tashvishi, quvonchini o‘zining sevinchi deb biluvchi, ona tuprog‘i uchun kurashuvchi kishilar sharaflanadi, eng yomon so‘zlar va qora bo‘yoqlar salbiy obrazlarga nisbatan qo‘llanadi. Tarbiyada badiiy asar muhim rol o‘ynaydi. Masalan, “Zumrad va Qimmat” ertagidagi Qimmatning xulq-atvori, qiliqlari, xatti-harakati o‘quvchi qalbida nafrat uyg‘otadi. Zumradning tevarak-atrofga munosabati, mehnatsevarligi, kamtarligi, sezgirligi, shirinso‘zligi kabi xislatlari esa qalblarga qoniqish, quvonch, iliqlik, tabassum, unga xayrixohlik paydo qiladi. Boshlang‘ich sinf darsliklarida ham ertaklarga alohida e’tibor berilgan. O‘qish darsligining bir bo‘limi xalq og‘zaki ijodiga, ertaklarga ajratilgan. 2-sinf o‘qish darsligidagi “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” bo‘limi ham shular jumlasidandir.
Zilola RAHMONOVA, Shahrisabz tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi