Bolaga taqiq qo‘ymang, yo‘naltiring!
Hozirgi kunda ota-onalar farzandining “jim o‘tirishi”, “ko‘chaga chiqib ketmasligi”, uyda shovqin solmasligi uchun telefon, kompyuter, planshet o‘ynashlariga qarshilik qilishmaydi. Muhimi, ular jim o‘tiribdi, shovqin solmayapti, deb o‘zlarini tinchlantirishadi. Ammo bolaning butkul bu qurilmalarga tobe bo‘lib qolganini anglaganlarida uni yo‘lga solish qiyin kechadi.
To‘g‘ri, internetning yaxshi tomonlari ko‘p. Agar bola undan to‘g‘ri foydalanishni bilsa xorijiy tillar, matematikani oson o‘zlashtiradi. Ammo qiziquvchi bolalar ta’limiy, tarbiyaviy saytlar qolib turli o‘yinlarga mukkasidan ketayotganini ota-onalar unutmasligi lozim.
Bugungi kunda hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchisiga ham uyali telefon, planshet olib bergan ota-onalar bor. Biz boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bola internetga, telefondagi turli o‘yinlarga qaram bo‘lib qolmasligi uchun turli usullarni ishlab chiqdik.
Birinchi navbatda, ota-onalar bilan suhbat o‘tkazib, onlayn muloqot jonli muloqotning o‘rnini bosa olmasligini, o‘g‘il-qizlar bilan ishi ko‘p ota-ona ham har kuni kamida bir-ikki soat jonli muloqotda bo‘lishi kerakligini aytdik. Ijtimoiy tarmoqlardagi anonimlik, ya’ni noma’lumlik holati foydalanuvchilarga real hayotda aytolmaydigan gaplarni virtual hayotda aytish imkonini berishini, bu esa bolalarning internetda aldov qurboniga aylanib qolishiga olib kelishi mumkinligini tushuntirdik.
Shunda yosh ota-onalarning o‘zi ham virtual olamda ko‘proq “yashashlari”ni sezib qoldik. O‘zlari ham instagram, feysbuk, telegram, vatsap, imo kabi tarmoqlardan ko‘p foydalanishini tan olishdi. Shundan so‘ng internet qaramligidan qutulish bo‘yicha maslahatlar olishdi.
Yana bir tajribamiz ham o‘zini oqlayapti. Bunda boshlang‘ich sinflar o‘rtasida o‘zaro turli bellashuvlar tashkil etdik. Eng asosiysi, kitobxonlik bo‘yicha sinflararo bellashuv bo‘ldi.
O‘quvchilarga sinflar o‘rtasida “kim ko‘p kitob o‘qish” tanlovini o‘tkazishimizni bir oy avval e’lon qildik. Va eng ko‘p kitob o‘qiganlarga ajoyib sovg‘a borligini aytdik. Sovg‘a daragini eshitgan o‘quvchilar har kuni qanday kitob o‘qiyotganlari haqida biz o‘qituvchilarga aytib turishdi. Shu jarayonda ularning telefondagi o‘yinlarga va internetga bo‘lgan qaramligi ham susaydi. Bu tanlovdan so‘ng “Kim ko‘p rasm chizadi?” tanlovi haqida e’lon berildi. Bunda ham o‘quvchilar ertak, multfilm qahramonlari, tabiat manzaralari, shahrimizdagi tarixiy obidalar suratlarini chizishdi. Ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchiga kitoblar, eng yaxshi rasm chizgan o‘quvchiga rangli qalam va bo‘yoqlar sovg‘a qildik.
Bolaga kattalarning taqiq va ta’qiblari emas, balki ochiq va samimiy muloqoti zarur. Ular bilan dildan suhbat o‘tkazib, telefon ishlatayotgan bolani urib-so‘kmasdan, tanbeh bermasdan ham internet qaramligidan ozod qilish mumkin.
Sayyora UMAROVA,
Mavluda ABDUSATTOROVA,
Qo‘qon shahridagi 2-maktab o‘qituvchilari