“Jonon” ko‘chasida yashayman…
Har kim o‘zi istagan tilda muloqot qilishga, o‘zi xohlagan tillarni o‘rganishga haqli albatta. Ammo o‘z ona tiliga bo‘lgan hurmatsizlik, tilni boshqa tillar bilan qo‘shib gapirish insoniylik fazilatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Jamiyatimizda kundan kun so‘zlashish madaniyati yo‘qolmoqda. Ona tilimizning qadrsizlanishiga o‘zimiz zamin hozirlayapmiz.
21-oktabr sanasi yaqinlashishi bilan ona tilimiz esimizga tushib qoladi. Hammamiz birvarakayiga kuyib-pishib gapiramiz. Bolalar bog‘chasidan tortib, oliy o‘quv yurtlarida konsert dasturlari, muhim uchrashuvlar o‘tkazib, o‘quvchilarga she’r va g‘azallarni majburan o‘rgatishga shoshamiz. Hatto xalq eng ko‘p to‘planadigan manzillarga “ma’noli so‘z”larni yozib qo‘yamiz. Bayramning ertasiga hamma jimjit…
Quruq gaplar reallashmas ekan o‘zbek tili rivojlanishi haqidagi tushlaringizni suvga aytib qo‘yavering…
Oxirgi paytlarda tushunish qiyin bo‘lgan joy nomlari ko‘paymoqda. Bunday nomlar qaysi vallomatning “ijod mahsuli” ekan, bilmadim.
“Layli”, “Jonon”, “Sarpo”, “Laylak”, “Barvasta”… Bu men ko‘rganlarim xolos. “Jonon” ko‘chasida yashayman, “Layli” ko‘chasida ishim bor.
Bu jumlalarni xalqimiz tez-tez tilga oladi. Biroz xijolatomuz jumlalar. Bisotimizda tuzukroq nom qurib qolgan bo‘lsa, buyuk ajdodlarimiz nomi bilan ataylik ko‘chalarimizni!
Hasanboy HAKIMOV