Besh tashabbus — amalda
Mamlakatimiz Prezidentining 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi bu yil har jihatdan purma’no fikrlarni jamlagani bilan qadrlidir. Boisi hayot tez o‘zgarmoqda. Yangilik va uning mohiyatini o‘qituvchi o‘quvchiga singdira olishi uchun ham tayyor turishi lozim bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari mazkur bayram tabrigida Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga e’tibor qaratar ekan, bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor o‘qituvchilar va ilmiy – ijodiy ziyolilarimizni yangi Uyg‘onish davrining to‘rtta tayanchi, ustuni deb hisoblaymiz, deya alohida ta’kidladi. Menimcha bunda maktab mualllimining zimmasidagi vazifa nihoyatda katta. O‘quvchilarning to‘lasincha barkamollikka yetgunga qadar, ular ta’limi va tarbiyasiga mas’ullik umumta’lim maktabi murabbiylari zimmasiga tushadi.
Maktabimiz qadimiy va ko‘hna Samarqandning “Sharq” mahallasida joylashgan. Bu yerda 45 nafar o‘qituvchilar jamoamiz 570 o‘quvchiga dars beradi. Ziyo maskanimiz 1936-yilda barpo etilgan. Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus doirasida maktabimizda ko‘plab tadbirlarni amlga oshirdik.
“Sharq” mahallasidan chiqqan chempionlar
Besh tashabbus doirasidagi ishlarmiz qamrovi keng. Ulardan yoshlarni sportga jalb etish doimo diqqat markazimizda. Ko‘pchilik o‘quvchilarning uy maktabga yaqin. Darsdan keyin o‘quvchilarimiz ham bo‘sh vaqtlarini zoye ketkazmaydi. Qolaversa, sportga oshnolik ularning jismoniy barkamol voyaga yetishlarida ham asosiy omil hisoblanadi. Chim ustida xokkey sport turida 8-o‘quvlarimiz Aziz Bahromov, Firdavs Dadayev, Muhriddin Abduxoliqovlar Andijonda bo‘lib o‘tgan chim ustida xokkey bellashuvida faollik ko‘rsatib maktabimiz jamoasining munosib 2-o‘rinni egallashlariga imkoniyat yaratishdi. Yana bir o‘quvchilarimiz Aziz Maqsudov, Behro‘z Rajabovlar taekvondo, 3-”B”-sinf o‘quvchimiz Fayzulla Kazakov karate sport turi bo‘yicha viloyat musobaqasida munosib o‘rin olishib maktabimiz nomini viloyat miqyosida jamoatchilikka yaqindan tanitdi. Maktabimiz yoshlarining intilishlari ota-onalar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tashabbusi bilan mahalliy byudjet hisobidan maktabimizda 420 o‘rinli barcha qulayliklarga ega zamonaviy sport zalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, maktabimiz o‘qituvchilar jamoasi uchun 100 o‘rinli faollar zali ham foydalanishga topshirildi.
Farhod G‘AFFOROV, Samarqand shahridagi 25-maktabi direktori