Olmazor tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida “Ochiq eshiklar” kuni o‘tkazildi
Yosh avlodga zamonaviy ta’lim berish bilan birga ularni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ongi va qalbini mafkuraviy ma’naviy va axborot tahdidlaridan, ommaviy madaniyatlardan ishonchli himoya qilish, ularda g‘oyaviy immunitetni shakllantirish masalalari davlatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Buyuk kelajak ma’naviy barkamol yoshlarga tayangandagina yaratiladi, qad ko‘taradi. Boshqacha aytganda, ma’naviy barkamol yoshlargina buyuk kelajakni yarata oladi. Ochiq eshiklar kuni doirasida maktabdagi badiiy ijodiyot, texnik ijodkorlik, sport, xorijiy tillar, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlaridagi to‘garaklarning ko‘rgazma va konsert dasturlari tashkil etildi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad tumandagi maktab o‘quvchilarini to‘garakka jalb qilish bilan birga, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali jinoyat, yomon illatlar olamidan yiroqlashtirish, kasb-hunarga yetaklab, kelajakda to‘garaklardan olgan bilimlarini tadbiq etishga yordam berish, har tomonlama yetuk, savodli va barkamol avlod etib tarbiyalashdan iborat.
“Barkamol avlod” bolalar maktabida 15 nomdagi 20 ta to‘garakda 550 nafardan ortiq bolalar 4 yo‘nalishda: badiiy ijodiyot, texnik ijodkorlik, o‘lkashunoslik va ekologiya, chet tillari yo‘nalishda xunarning boshlang‘ich ta’limidan taxsil olib kelishmoqda. Maktabining ko‘p yillik tajribaga ega ilg‘or pedagoglari zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish borasida samarali mehnat qilib kelmoqda. Buning natijasi o‘laroq o‘quvchilar mahalliy va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib faxrli o‘rinlarga loyiq ko‘rilmoqda. Xususan o’tgan o’quv yilida Janubiy Koreyada “Detalka-2020” ko‘rik-tanlovida “Barkamol avlod” maktabi o‘quvchilaridan tashkil topgan guruh 1-o‘rinni egalladi.
Ochiq eshiklar kuniga tashrif buyurgan tuman maktab o‘quvchilari ko‘rgazmalarni tomosha qilishdi va o‘zlari qiziqqan to‘garaklarga a’zo bo‘lishdi.
Z.HAKIMOVA,
“Barkamol avlod” bolalar maktab direktori