Nyutonning olmasi
F = ma — markazga intilma tezlanish, F=-F — Nyutonning uchunchi qonuni, I = Ft — kuch impulsi, p = mv — jism impulsi… yana qanchasini yodlamaganman deysiz. Agar uyqudan uyg‘otib ismimni so‘rasangiz eslolmasligim mumkin, lekin yuqoridagi formulalarni adashmay aytib beraman. Maktab paytim fizikadan “Bilimlar belashuvi”ga ham borganman.
12 yil ilm-fanga umrimni baxshida etib, yostiqday-yostiqday kitoblardagi qoidalarni suv qilib ichib yuborgan bo‘lsam-da, haliyam otam “Bir ketmonga dasta bo‘lmaysan!”, deb urishgani-urishgan. Shu formulalar orqali boshqalar dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilguvchi texnika mo‘jizalarini yaratayotgan bir paytda, sen ketmondastani eplab yasay olmasang, alam qilar ekan.
Hurmatli fizika fani o‘qituvchilari, sizdan iltimos. Dars o‘tayotganingizda Isaak Nyutonning boshiga olma tushib ketganidan keyin kallasi ishlab ketib, “Butun olam tortishish qonuni”ni yaratgani haqida gapirmang. Bu millatimiz kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Masalan, ushbu hikoya meni ham ilhomlantirgani rost. Hozirgidek kuz oylari fizika o‘qituvchimiz To‘lqin mallim Nyuton haqida to‘lqinlanib gapirib bergan edi. Bu bolaning o‘y-xayolini butunlay o‘g‘irladi…
Ha-aaa, buyuk bo‘laman, “Nobel” olaman! Tog‘lar orasidagi, hatto komissiyaning ham qadami yetmagan maktabimizga mening nomim qo‘yiladi… Yo‘q, shoshma, bu obro‘ga tog‘ri kelmaydi. Salkam 3000 yillik tarixga ega viloyatimiz nomini o‘zgartirib, mening ismim bilan atay boshlashadi. Toshkent markazidagi Amir Temur haykali yonida savlat to‘kib mening ham haykalim turadi. Kelajak avlod sal hotamtoylik qilsa, ehtimol, undan biror qarich baland ham bo‘lar. Butun dunyo meni taniydi! Ana shunda yozgan xatlarimga javob bermaganing, mening otashin muhabbatimni inkor qilganing uchun ming pushaymon qilasan, Dilajon! Sochlaringni yulib yig‘laysan…
Butun yoz bo‘yi o‘tgan-ketganga borini berib, qish ostonasida ichki ko‘ylakda qolgan olmazorimizga boshqacha mehr bilan qaray boshladim. Sermalanguvchi qish tezroq o‘tib, bahorda gullasa, yozda pishsa-yu, birortasi tezroq boshimga tushsa.
Shuncha vaqtdan beri suv quymaganim olmazorga og‘it sepdim, tagini yumshatdim, qurib qolgan shoxlarini kesdim. Endi kun sanayman, daqiqalar asrlardek o‘tadi…
Va nihoyat yoz kirib keldi. Olmazorimiz shunday hosil berdiki, tinkasi qurigan kelinday bir salom soldi-yu boshini qaytib ko‘tarolmadi. Esimni taniganimdan beri bunaqa hosilni birinchi ko‘rishim. Do‘lanaday bo‘lib tuyishi bilan men butunlay bog‘ga ko‘chib oldim. Kun-u tun shig‘il solgan olmaning tagida osmonga qarab yotaman. Uning muborak peshonamga urilishidan boshlanadigan bitmas-tuganmas shon-shuhratni xayol qilib, vaqtning qanday o‘tganini ham sezmayman. Uydagilarning tanbehlari ham qulog‘imga kirmaydi. Agar bezovta qila boshlashsa, buyuk kelajagimni bo‘g‘manglar, hali mendan faxrlanasizlar, deb soatlar ma’ruza qilaman.
Oxiri bezor bo‘lganidan qo‘l siltab ketishadi. Enam sho‘rlik meni jinni bo‘lib qoldi, deb o‘ylab, qushnochga olib bormoqchi bo‘ldi, ko‘nmadim. E-ey, bu orada o‘tgan mashmashalarning o‘zi bir kitob.
Va nihoyat peshinga yaqin bir qurt yegan olma naq peshonamga top etib tushdi. Unda his qilgan quvonchimni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Ammo…
Ehtimol, binisi menga atalmagandir. Yana peshonamni tutib yotaverdim. Butun badanimda guruchning sepkilicha ko‘karmagan joy qolmadi, olmalar ham tugab bitdi.
Oxiri tushunib yetdimki, yo olmazorimizda boshimga yarasha olma yo‘q yoki olmaga yarasha menda bosh. Fizika fanidan butunlay ko‘nglim sovidi. Shundan so‘ng bu boshga yana ne balolar tushmadi deysiz…
Isooq CHO‘PON