Begonalashuv va xudbinlikni qanday yengamiz?
Globallashuv, hayotning jadallashuvi mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tezlashtirib yubordi. Bu hayotimizga integratsiyalashgan taraqqiyotni olib kirsa, ikkinchi tomondan yoshlar orasida begonalashuv holati tarqalishiga olib kelmoqda. Begonalashuv — o‘zgalashuv, tanimaslik, bilmaslik, tushunmaslik ma’nosini anglatib, shaxsning fe’l-atvorida milliy qadriyat, ma’naviyat va madaniyatimiz, o‘z yaqinlaridan yiroqlashishni bildiradi.
Buning oqibati esa xudbinlik botqog‘iga botish xavfini yuzaga keltiradi. Begonalashuv — insonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini o‘z manfaati doirasida qulaylashtirishga intilish, o‘zgalar manfaati, xohish-irodasini tan olmaslik, hamma narsani o‘zining qolipi bilan o‘lchash demak. Sotsiologik so‘rovlarda yoshlar yengil, qulay, oson hazm bo‘luvchi, sifati past, yaltiroq tashqi bezakli mahsulotlarga intilishi aniqlandi. Ayniqsa, adabiyot va san’atda mazmunan sayoz, milliy ma’naviyat va qadriyatlar, axloqiy me’yorlarga mos kelmaydigan, tarbiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi “badiiy mahsulotlar” ommaviylashmoqda. Bu hol yoshlarning ma’naviy ehtiyojlari transformatsiyalashuvi sharoitida ularning turmush tarzi va axloqida kitob fenomeni, shaxsning tabiiy badiiy ehtiyojining pasayishini ko‘rsatmoqda. Yoshlar orasida “ommaviy madaniyat”ga xos musiqa, komiks, videoroliklar tomosha qilish yoki ijtimoiy tarmoqda vaqt o‘tkazishga mayl kitob mutolaasidan ustunlik qilmoqda.
Bugun axborot texnologiyalarining jadal taraqqiy etayotgani, inson hayotining “onlayn”lashtirish holatiga o‘tishi kabi o‘ziga xos yangi davrga qadam qo‘yilayotganligiga e’tibor qaratish lozim. Shu bois OAVda jamoatchilik vakillari yoshlarning kitob o‘qimay qo‘yganligi haqidagi shikoyatlarga turlicha qarashlarni bildirishadi. Chunki yoshlarning kitobxonlik va mutolaa madaniyati ham axborotlashuv omiliga bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Bugun jahondagi ko‘pgina bosma nashrlarning adadi jiddiy qisqarib, uning o‘rnini onlayn versiya (ing. on-line — “faol”, “aloqada”, “tarmoqda”, “efirda”) egallab, elektron kutubxonalar tarmog‘i “moda”ga kirib keldi. Internet tarmog‘ida “elektron-kutubxona” yoki “onlayn-kutubxona” saytlari, virtual asosda kitob o‘qish imkoniyatlari yaratilmoqda. Virtual kutubxonaning cheklanganligi shuki, u yerda faqat kitob o‘qish mumkin bo‘lib, nusxa olish imkoni berilmaydi. Bugungi kunda dunyoda 7 mingdan ortiq tillarda o‘qish uchun yozilgan, yozilayotgan, yozilishi kerak bo‘lgan manbalar insoniyat ehtiyojini qondirish maqsadida eklektronlashtirilmoqda. E’tirof etish lozimki, yer sharidagi eng boy kutubxonalarda saqlanayotgan aksariyat noyob bosma manbalarning elektron nusxasi yaratildi. Bu jarayonlar mamlakatimizdagi kutubxonalarda ham boshlanganligi ijobiy hodisadir.
O‘tgan asrning 70-yillarigacha oliy ta’lim muassasasida tahsil olgan yoshlar fanni chuqur egallash uchun o‘qituvchining qo‘lyozma-manbasidan, ikkinchi bosqichda — 2001-yilgacha ta’minot yaxshilanishi tufayli kitobdan foydalangan. Bizning davr talabalari 2015-yilgacha kitob va boshqa ma’lumotlarning elektron shaklini fleshka qurilmasiga ko‘chirib olgan, 2016-yildan keyingi davrda esa talabalar orasida o‘qituvchilardan fanga doir adabiyot so‘rab olish ehtiyoji amalda tugatildi. Bu hol oliy ta’lim talabalari fanni o‘zlashtirishda adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qanday qondirmoqda, degan savolni paydo qiladi.
Biz Farg‘ona vodiysi talabalari o‘rtasida kitobxonlik bilan bog‘liq tadqiqotlar o‘tkazib, talabalar orasida kitobxonlik odobini san’at darajasida shakllantirishning yangi modelini aniqlashga erishdik. Ma’lum bo‘ldiki, “Telegram” messenjerida fanlarga oid kanallarni tashkil qilish orqali yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish yuqori natija berarkan. Sababi, bugungi kun talabalari o‘qituvchining o‘nlab foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxati tavsiyasidan ko‘ra, telegram kanali nomini auditoriya doskasidan yozib olib, topshiriqlarni kutubxonaga bormasdan, onlayn shaklda bajarishni istashadi va deyarli shu tartibda ishlashga o‘rganib olishgan. Bunda o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi-talabaning kanalga a’zoligi, topshiriqlarni bajarish uchun kanaldagi manbalardan foydalanayotganini nazoratga olish imkoni ham bo‘ladi. Talaba ham fan bo‘yicha adabiyotlarni tanlash, “zamonaviy axborot” resursini xohlagan joyda va vaqtda olib o‘qishga erishadi. Bu masofaviy ta’lim shakli kitobxonlikka yoshlarni jalb etish innovatsiyasi hisoblanadi. Zero, talabada qurilma bor, lekin kitob va elektron manba bo‘lmaganligidan uni to‘g‘ri yo‘lga solish maqsadiga yetishishda qulay yo‘ldir.
Respublikamiz yoshlarining ijtimoiy turmush tarzini tahlil qilganimizda ular kundalik hayotining ko‘p qismini musiqa tinglashga sarflashlarini aniqladik. Hatto aytish mumkinki, musiqa tinglash ularning kun tartibida asosiy o‘rinni egalamoqda. Biz bu borada yoshlarning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish uchun jahon va milliy mumtoz adabiyotning eng yaxshi namunalarini ijtimoiy tarmoq va internet saytlariga matnli, ovozli-audiokitob tarzida hamda ovozli-audio teatrlarni joylashtirish, ularni targ‘ib qilish orqali keng kitobxonlar auditoriyasini saqlab qolish mumkin degan xulosaga keldik. Yoshlarga bir necha kun vaqt talab etadigan kitobdan ko‘ra, audioyozuvli kitoblarni tinglash, ularning elektron shaklini o‘qish qulaydir. Audiokitoblar ba’zan tinglovchida kitobning o‘zini o‘qish istagini ham uyg‘otadi. Fikrimizni “Telegram” tarmog‘ida audioertaklar (https://t.me/bolalikkunlarimda), audio kitoblar (https://t.me/mtrkaudiokitoblar) va audioteatrlar (https://t.me/audioteatrlar) kanalining auditoriyasi kengligi bilan dalillaymiz. Kitobni istalgan shaklda mutolaa qilish orqali yoshlarda sog‘lom e’tiqod, ruhiy tetiklik, ma’naviy barkamollik kabi fazilatlarning shakllanishi, eng muhimi, foydali ish bilan band bo‘lishini ta’minlash, turli xil deviant holatlardan asrashga erishish mumkin. Kitobxonlik insonda sabr-toqat, chidamlilik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarni tarbiyalab, oqko‘ngil, mehnatsevar, yaqinlariga mehribon bo‘lishga undaydi. Yoshlarning imkoniyatlariga qarab kitob tanlashiga ko‘mak berish kerak. Ana shu qoidaga e’tiborsizlik tufayli ko‘pchilik yoshlar kitobxonlikka “kirolmay” qoladi.
3–4 yoshli bola ota-onasidan ertaklar eshitib “og‘zaki” kitobxonlikka qadam qo‘yadi. Maktab ta’limidagi boshlang‘ich sinfda ertak kitoblarga bola juda “o‘ch” bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, yoshiga mos ertak va hikoyalarni o‘qib berish, ularni ertaklardagi qahramonlar ila ezgulikka ruhlantirish muhim tarbiya tadbiridir. Shu bois bola 9–10 yoshida o‘zi sevgan kitoblarni sovg‘a sifatida qabul qilishi, natijada o‘z kutubxonasiga kitoblar jamlashi o‘ziga xos ma’rifat tomon yetaklash usulidir. Bu yoshdagi bolalar kitobxonlikka qiziqadi va ota-onalarining yordamiga muhtoj bo‘ladi, ammo ko‘p hollarda ota-onalarning ish bilan bandligi tufayli boladagi ilmga chanqoqlik qondirilmay qolmoqda. Yuqori sinf o‘quvchisida kitobxonlik shakllangan bo‘lsa, u kutubxonadan o‘zi uchun kitoblar tanlashi, fan bo‘yicha kitoblarni mustaqil olib o‘z ustida ishlashi mumkin. Bu yoshdagi bolalar o‘yinqaroqligini inobatga olganda, ota-ona nazorati talab etiladi.
Xurshid MIRZAAHMEDOV, Namangan davlat universiteti tayanch doktoranti