Har yili aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Huquqiy axborot kanali.
Qarorga ko‘ra:
aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish, bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash;
milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, respublikaning olis hududlarida va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
kitob savdosini tashkil etish tartiblarini soddalashtirish, yangi nashr etilgan kitoblarni yetkazish va axborot manbalarini tarqatish tizimini takomill ashtirish;
kitob yetkazib beruvchilarni zamonaviy ijtimoiy ehtiyojlarga moslashtirish, infratuzilmani yaxshilash, axborot-kutubxona markazlarini chop etiladigan bosma nashrlar va ularning elektron nusxalari bilan to‘ldirib borish, elektron kitoblar yaratish, kitoblarni raqamlashtirish va elektron kataloglarni tuzish hamda tizimli ravishda yangilab borish;
aholining kitobxonlik darajasi va kitobga qiziqishini tizimli o‘rganib borish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan loyiha va tanlovlarni tashkil etish, kutubxonachi kadrlar salohiyatini oshirish;
xorijiy asarlarga onlayn buyurtma berish, ularni respublika hududiga olib kelish va tarqatish tizimini hamda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kengaytiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining O‘zbekiston Respublikasida 2021-yildan boshlab har yili aprel oyining birinchi haftasini “Kitobxonlik haftaligi” etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.