Qishloq maktabi: kutubxona boyib, mutolaaga chanqoq yoshlar ko‘paymoqda
Oqtov bag‘rida joylashgan qishloqlar yoshlarini bitta umumiy istak bog‘lab turadi. Bu – mutolaaga tashnalik. Tog‘da qo‘y-echki boqib yurib ham buloq bo‘yidagi tol soyasida, azim toshlarga yelka berib kitob o‘qiyotgan bolalarni ko‘p uchratasiz. Kitobxonlik, ayniqsa, qishda avj oladi. Odatda bu faslda dalalar tin oladi, mol-holga qarashdan boshqa ish yo‘q hisob. Bu kitob o‘qish uchun ayni fursat...
Lekin uch-to‘rt yil avval qishloqda kitob yetishmasligi ham bor gap edi. Prezidentimizning kitobxonlikni targ‘ib qilish, 5 ta muhim tashabbusining to‘rtinchisi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan ishlar doirasida bu muammo ham ijobiy yechim topdi.
Bugun maktabimiz kutubxonasi fondi juda boy. Kitob o‘qishga chanqoq yigit-qizlarimiz soni ham, shahdi ham ortib bormoqda.
Ta’bir joiz bo‘lsa, kutubxona chin ma’noda maktab “yuragi” hisoblanadi. Shu bois, bugungi kun talabi sifatida kutubxonalar fondini boyitishga, bolalarning kitob mutolaasiga bo‘lgan ehtiyojlarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Qaysiki bilim dargohida kitobxonlar ko‘p ekan, shu maskan muvaffaqiyatlari ko‘zga tashlanadi.
Maktabimiz tomonidan “Xayrli ishni har kim, har kuni qilsin!” shiori ostida, o‘quvchi yoshlarning kitobga qiziqishlarini yanada oshirish, bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish va kutubxona fondini boyitish maqsadida “Kitob xayriya marafoni” e’lon qilingan edi. 1-dekabrdan qo‘r olgan marafonda bugungi kunda turli sohalarda samarali faoliyat yuritib kelayotgan maktabimizning sobiq bitiruvchilari ham faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, kuni kecha Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi sobiq bitiruvchilarimiz tomonidan maktabimiz kutubxona fondiga badiiy adabiyotlar sovg‘a qilindi. Bunday xayrli ishlarni tashkil etishda va amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildiramiz.
– Hayotda o‘z o‘rnimizni topishda maktabdagi ustozlarimizning beqiyos hissasi borligini hech unutmaymiz. Qadrdon dargohimiz biz uchun unutilmas maskan bo‘lib qolaveradi. Yillar o‘tsada, bolalik xotiralari tark etmaydi. “Kitob xayriya marafoni”ni eshitib xursand bo‘ldik va bajonidil ishtirok etdik. Nasib qilsa, o‘zimiz ham yangi tashabbuslar bilan chiqishni dilga tugib qo‘ydik, – deydi Sharofiddin Mannobov.
Shahnoza ESHMAMATOVA, Nurota tumanidagi 29-maktab kutubxonachisi