Bola qalbiga ham parvarish kerak
Har qanday jamiyatning kelajagi yosh avlodning qanday ta’lim-tarbiya olishiga bog‘liqligi inkor etib bo‘lmas haqiqat. Shu bois bugun o‘sib kelayotgan avlod tarbiyasi uchun mas’uliyatni har birimiz chuqur his etishimiz kerak.
Ammo…
Aksariyat ota-onalar bolalarni tarbiyalash deganda ularni ovqatlantirish, parvarish qilish, kiyintirish, hayotiy ehtiyojlarini qondirishnigina tushunadi. Afsuski, bolaning qalbini parvarishlamay, kundan-kun undan uzoqlashib boradilar.
Bunday ota-onalar farzandida insoniy fazilatlarni shakllantirish, rivojlantirish uchun ham uyda o‘g‘il-qizlari bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishi zarur. Negaki, suhbatda bolaning qalbi, ichki olami ko‘rinadi. Ruhiy holati ayonlashadi. Bola o‘zini qiynayotgan muammo, hech kimga aytolmay yurgan sirlarini yuzaga chiqaradi. Biroq ota-ona unga eng yaxshi sirdosh, eng sodiq do‘st ekanini isbotlay olishi lozim. Agar aksi bo‘lsa, bu bola ruhiyatiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qalbini yaralaydi. Hafsalasi pir bo‘ladi. Atrofdagilarga ishonchi yo‘qolib, odamovi bo‘lib qoladi. Buning oqibati esa juda ayanchli.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, tarbiyasi o‘g‘ir bolalar qanday yuzaga keladi? Bu hol — o‘z vaqtida qaratilmagan e’tibor, berilmagan tarbiya va mehrsizlikning achchiq mevasi. Bunday bolalarni tarbiyalashda pedagog va ota-onalar ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi.
Hech kimga sir emas, bugungi kun bolalari o‘zlarining 10 yil oldingi tengdoshlaridan farq qiladi. Ular ko‘proq qo‘zg‘aluvchan va kamroq boshqariluvchan. Biz ko‘p hollarda bu o‘zgarishga yetarli darajada e’tibor bermaymiz. Befarqligimiz oqibatida tarbiyasi og‘ir bolalarning safi ortishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Biroq aynan shu o‘zgarishlar boshlang‘ich sabab va bolalar xulqidagi chetga og‘ishlarning asosi bo‘lishi mumkin.
Mamlakatimizda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Shunga hamohang oilada ham, ta’lim muassasasida ham bola tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Xulqida yomon tomonga o‘zgarish sezildimi, darrov ishga kirishishimiz zarur. Axir kasalni davolagandan uning oldini olgan afzal-ku!
Kamola SHOIMOVA, Xatirchi tumanidagi 20-maktab o‘qituvchisi