Yangi yilni kim qanday nishonlayapti?
Yevropada bu galgi Yangi yil bayramini nishonlash odatdagidan butkul farqli o‘tmoqda. Kuz-qish mavsumida virusning tez va oson tarqalishi natijasida butun mintaqa karantin holatiga qaytdi. Maktablar eshiklari qulf, darslar onlayn tarzda o‘tilmoqda. Bolalar bog‘chalarida guruhlardagi bolalar soni qisqartirilib, 3-4 ta kichik guruhlarga bo‘lindi. Ommaviy tadbirlar bekor qilindi, shuningdek, Yevropa xalqlarining an’anaviy hamda yil davomida intiq kutiladigan Yangi yil bayramini ham har bir oila o‘z uyida nishonlaydigan bo‘ldi.
Avstriyada 1691-yili Papa Innokentiy XII farmoni bilan yangi yil bayrami 31-dekabrdan 1-yanvarga o‘tar kechasi nishonlanishi odat tusiga kirgan. Eski yilning oxirgi sanasini avstriyaliklar Muqaddas Silvestr (Silvesterabend) deb atashadi. Pandemiya sababli mamlakat bo‘ylab barcha ko‘ngilochar tadbirlar, mehmonxonalar, bog‘-
lar, hayvonot bog‘i, Alp tog‘lari qo‘ynidagi dunyoga mashhur dam olish va chang‘i
uchish maskanlari, teatr, konsert zallari, kinoteatr, kafe hamda restoranlarda har yili an’anaviy tarzda bo‘lib o‘tadigan dasturlar bekor qilindi. Shuningdek, har yili 31-dekabr kuni soat 24:00 da boshlanadigan mushaklar bazmi ham qoldirildi. Poytaxt aholisi hamda mehmonlar Markaziy Ratusha, Hofburg maydoni, qolaversa, Vena shahri chetidagi tog‘larga chiqib, mushakbozlik qilish, barcha insonlar bir-birini Yangi yil bilan qutlashi odat tusiga kirgan edi.
Bog‘chalarda yangi yil arafasida bolalar o‘zlari yoqtirgan, qiziqib tomosha qiladigan multfilm va ertak qahramonlari obrazida kiyinib kelishadi, tarbiyachilar bilan birgalikda qo‘shiqlar aytishadi, improvizatsiyalashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish qilishadi. Tadbir so‘ngida esa sovg‘a sifatida har bir bola o‘z qo‘li bilan yasagan etikcha shaklidagi qopchada shirinliklar to‘plamini oladi. Maktablarda esa karnavallar o‘tkaziladi, kichik sinf o‘quvchilari Santa Klausga maktub yozishadi. Ammo bu yilgi bayram tadbirlarining bari bekor qilingan.
UK (Birlashgan Qirollik) — Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya. Angliya maktablarida Yangi yil arafasidagi an’anaviy o‘yinlar yig‘ilish zallari va sinflarda shou ko‘rinishida o‘tkazildi. O‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilarning mashaqqatli mehnati tufayli har yili qatorlarni eslab qolish, kostyumlar yaratish va bayram kuy-qo‘shiqlarini o‘rganish poygasi to‘xtamadi. Haqiqatan, 2020-yil o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun yangi cheklovlar mavjud bo‘lgan taqdirda ham Sent-Metyusdagi bayram juda boshqacha kutilyapti, ular haqiqiy an’anani davom ettirishiga ishonch hosil qilmoqda. Kambriyadagi Grasmere shahrida talabalar Leyk okrugi qishloqlarining epik sahnalarini ichiga olgan 20 daqiqalik film yaratishdi. Yangi yil kuni shanba yoki yakshanbaga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, uning o‘rnini bosuvchi ta’til e’lon qilinadi. Odatda, bu keyingi dushanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Buyuk Britaniyada dunyoning aksariyat joylarida bo‘lgani kabi Yangi yil tantanalari 31-dekabr kuni boshlanadi. Minglab odamlar Temza daryosi bo‘yida yig‘ilib, 12 daqiqalik mushakbozlikni musiqa ohangida tomosha qilishga shay. Bu paradga chipta olgan tomoshabinlar kirishlari mumkin.
Yaponiyada an’anaviy Yangi yil umuman boshqacha tarzda nishonlanadi. “Gandzitsu” milliy bayram kunini yaponiyaliklar “syo: gatsu yoki o-syo: gatsu” deb atashadi. Shu kunlarda Nenmatsu-nenshi, Toshikoshi va Shinnen atamalari ko‘p takrorlanadi. Nenmatsu-nenshi — “yil oxiri, yil boshi” ma’nosini bildirib, bu ancha payt kunlik tashvishlari bilan yurgan va yaqinlari bilan vaqt o‘tkazishni orziqib kutadiganlar holatini tasvirlaydi. Toshikoshi — “yilni o‘tqazish”, ya’ni yil davomida sodir bo‘lgan voqealar va urf-odatlarni nazarda tutadi, shinnen shunchaki “yangi yil” degan ma’noni anglatib, ishga qaytishdan oldin bo‘lib o‘tadigan barcha bayramlarni yakunlash degani. Bu yilgi global vaziyat taqozosi bilan ko‘cha-ko‘ydagi bayramlardan ko‘ra hamma o‘z uyida bayramni nishonlashni afzal ko‘ryapti. Yaponiyada nenmatsu-nenshi bo‘yicha rasmiy tanaffus ko‘pchilik odamlar uchun 29-dekabrdan 3-yanvargacha bo‘ladi.
Germaniyada Yangi yil bayrami judayam katta va muhim bayram. Bu yil ham tantanalar avjida, ammo hamma o‘z uyida oilasi bilan o‘tkazadi. Mehmondorchilik udumlari esa faqat ikki oila vakillari ishtirokida bo‘ladi. Qarindoshlar, do‘stlar bir-birlarini navbat bilan mehmonga chaqirishadi. Jamoat joylarida, savdo markazlaridayam niqobsiz yurgan kishiga jarimalar solinadi.
Yangi yil kechasi milliy taomlar tayyorlash, qo‘shiqlar kuylash ularning odati. Bayram nonushtasida hamma archa tagida yig‘ilgan sovg‘alarini birga ochadi. Uch oy oldingan yig‘ilgan sovg‘ani nafaqat bolalar, katta-yu kichik bir-biriga taqdim etadi. Bu yerda pochta tizimi judayam tez va ishonchli ishlaydi. Onlayn xaridlar tufayli ham bir-biriga ayyom sovg‘asi yuborishda umuman qiyinchilik sezilmayapti. Germaniyada har bir hudud kovid yuqtirganlar holatiga qarab, har xil sanalarda ta’til belgilashdi. Masalan, Hamburg maktablarida majburiy davomat 2020-yil 16-dekabrdan 2021-yil 10-yanvargacha vaqtincha olib tashlandi. Maktablar hech bo‘lmaganda bayram ta’tiligacha bo‘sh qoladi, ammo ota-onalar farzandlari maktabda o‘qishi kerakmi yoki uydan masofaviy o‘qitish yo‘li bilan o‘qitishadimi, o‘zlari qaror qabul qilishlari mumkin. Ya’ni guruhdagi o‘quvchilar soniga qarab darslar tashkil etildi. Pandemiya tufayli bu yilgi ta’til erta boshlandi va 10-yanvargacha barcha ko‘ngilochar joylar, parklar, o‘yingohlar yopildi. Balki bolalar uchun avvalgidan ko‘ra zerikarliroq tuyular, lekin nemis xalqi odatda bayramlarni doim uyda, oila davrasida nishonlaydi. Hozir ham uylar, ko‘chalar, hovlilar bezatilgan, bayram kayfiyati barq urmoqda.
Kelajak o‘z orzularining go‘zalligiga ishonadiganlarga tegishli, deb yozgandi Eleanor Ruzvelt. Ko‘ngillarda ana shu orzular tug‘iladigan, kelajakka bo‘lgan umidimizni aks ettiradigan kun, ayniqsa, bolajonlar quvonchiga guvoh bo‘lgan archa-yu Qorbobolar bilan o‘zgacha sehrli manzara kasb etadigan bayram yaqin. Inson ortda qolgan qadamlardan xulosa chiqarib, bosilmagan izlar uchun ezgu niyatlar qilsa, hayot yanada maftunkor.
Yashnobod tumanidagi
255-maktab o‘qituvchisi
Sayyora BERDIYEVA tayyorladi.