Planetamizga mehr qaytdi
Bolaligimdan yangi narsalarga o‘chman: yangi kitoblar, yangi kiyimlar, yangi do‘stlar, va eng asosiysi, Yangi yil bayramini nishonlashga. Negadir menga hamma sovg‘a beradigan, iliq fikrlar va tilaklar yo‘llaydigan tavallud kunimni ham 31-dekabrchalik intiq kutmayman. Balki bunga Yangi yil mo‘jizalarga boy ekani bayon etilgan ko‘plab filmlarni kiprik qoqmay ko‘rganim, yangi yil haqidagi bir qancha kitoblarni o‘qiganim sababdir… Xullas, ayni kunlarda shu bayram tobora yaqinlashib kelayotgani sababli kayfiyatim a’lo darajada. Lekin yil poyonlab borayotgani sari o‘ychanligim oshib bormoqda. Bu yilda nimalarga erisha oldim? Qaysi rejalarim amalga oshdi? Qaysi ishlarimga ulgurmadim, ko‘p dangasalik qilmadimmi? Kimnidir xursand qila oldimmi? Kimlarga men sabab ozor yetdi?.. Shu kabi savollarni o‘zimga beraverib, yilni qayta-qayta sarhisob qilyapman…
Darhaqiqat, 2020-yil avvalgi yillardan butkul o‘zgacha bo‘ldi — insoniyat uchun kutilmagan vaziyatlarni, talofatlarni, yo‘qotishlarni olib keldi. Oxirlab borayotgan yilda inqirozlarning ham deyarli barcha turlarini boshdan kechirdik. Ammo bu yilda millatlar, davlatlar birlashdi, ahillik, mehribonlik va o‘zaro hurmat kabi hislar planetamizga qaytdi. Nimagadir erishish uchun nimadandir kechish kerak degan falsafaning bir misoli shudir balki…
Ayni damlarda esa bizga turfa saboqlar, darslar, dakkilar bergan, ko‘p va xo‘p narsalarni anglata olgan 2020-yilning ham oxirgi haftasi, kunlari, daqiqalari o‘tib bormoqda... Borgan sari yaqinlashib kelayotgan 2021-yilning nafasi borliqni qamrab olyapti.
Eng avvalo o‘tayotgan yil uchun minnatdor va kelasi yil uchun umidvor bo‘laylik. Shundagina yangi yil barchamizga yangi imkoniyatlar, yangi marralar va yangi kayfiyat olib keladi.
Risolat MAXSUMOVA