Baxtli yashash qoidalari
Baxt tushunchasi barcha davrlar va zamonlarda kishilarning intilish, xohish va niyatlari obyekti bo‘lib kelgan.
Baxt tushunchasini o‘rganishning asketik (yunoncha “asket” – “harakatga keltiruvchi” ma’nosini anglatadi, his-tuyg‘u, mayl va havasni poymol qiluvchi tamoyilga asoslanadi) va idonik (ichki rohatlanish, tana lazzati) — o‘zaro bir-biriga zid nazariyalari vujudga kelgan.
Azaldan odamzodning qay darajada baxtga erishishi mumkinligi masalasi barchani qiziqtirib kelgan. Ba’zi odamlar o‘z baxtini qoniqish hissida, xotirjamlikda, o‘zining foydaliligini sezishda, moddiy ta’minlanganlikda ko‘radi, ayrimlar esa ko‘ngil xushlash, rohatlanishda, vaqtni xush o‘tkazishda deb tushunadilar.
Ijtimoiy psixologik tadqiqotlarda baxt omillari sifatida odamlardan, vaziyatlardan qoniqish (ishdan, sog‘liqdan, qadr-qimmatdan, turmush o‘rtoqdan va hokazolar) ustuvor etib olingan.
Baxt tushunchasini talqin etishda turlicha yondashuv mavjud. Chunki kim uchundir do‘st, o‘rtoqlari, qarindosh-urug‘lari behisob ko‘p bo‘lishi baxt bo‘lsa, boshqalar uchun jamoadagi o‘zaro munosabatlarning uyg‘unligi baxt hissini beradi, yana kimlargadir baxt oilaviy baxtdir.
Hayotda eng keragi bu — baxt. U hammada o‘ziga xos. Uyqudan uyg‘onishingiz — baxt. Ekkan gulingizning gullashi — baxt. Bir oila jam bo‘lgani — baxt. Yaqinlaringizning sog‘lomligi — baxt. Kimnidir sevish ham baxt. Sevilish ham. Sevgan ishingiz bilan shug‘ullanish ham baxt. Baxtni kutib yashash emas, uni his qilish kerak.
Hamma uchun kun birdek boshlanadi, lekin uni hamma har xil o‘tkazadi, baholaydi va turlicha yakunlaydi. Siz ham atrofga bir nazar soling, o‘z nigohlaringizga, qalb ko‘zgungizga qarang, baxtlimisiz?
1. Agar siz bugun tongda sog‘-salomat uyg‘onib, ushbu matnni o‘qiyotgan bo‘lsangiz, har haftada hayotdan ko‘z yumayotgan 1 millionga yaqin insondan BAXTLIROQSIZ!
2. Agar urush va ochlikni ko‘rmagan bo‘lsangiz, bu dunyoda shunday sharoitda yashayotgan 500 million insondan BAXTLIROQSIZ!
3. Agar sizning muzlatkichingizda tanovul uchun taom bo‘lsa, kiyishga kiyimingiz bo‘lsa, yashash uchun boshpanangiz bo‘lsa, siz yer yuzining 75% aholisidan ko‘ra BADAVLATSIZ!
4. Agar o‘qish va yozishni bilsangiz, siz ikki barobar BAXTLILAR SAFIDASIZ! Chunki Siz dunyodagi o‘qish-yozishni bilmaydigan 1 milliarddan ortiq aholi safiga kirmaysiz.
5. Agar har bir inson oldidagi hech bo‘lmaganda bir insonni baxtli qila olganda edi — dunyo BAXTIYOR kishilarga to‘lib ketardi. Buning uchun har birimizning hisobimizda kuniga 24 soat muntazir. Uning har lahzasini bir-birimizni baxtiyor etishga sarflasak, o‘z nigohimiz bilan olamga oz bo‘lsada ezgulik nurlarini yog‘dira olsak, bundan ortiq baxt yo‘q, aslida.
Hayotingizni yaxshi tomonga o‘zgartirish istagida bo‘lsangiz, u holda ushbu tavsiyalarga rioya eting:
1. So‘zlarni tanlab ishlating. Shu bugundan e’tiboran so‘zlashganda qo‘llaydigan barcha salbiy so‘zlarni (muammo, omadsizlik, kasallik va hokazo) ishlatmaslikka harakat qiling. Aksincha, har kuni “men dunyodagi eng baxtli odamman”, “men dunyodagi omadli (chiroyli, o‘ziga ishongan, kuchli) odamman deb ayting. Buni audio ko‘rinishida yozib olib, doim eshitib yuring.
2. Bir kunda 200 ta tabassum. Doim nima bo‘lsa ham tabassum qiling.
3. Nolimaslik! Nolishni boshlaganingizda siz qora, kirli, badbo‘y, sovuq hissiyotlarni his qilishni boshlaysiz. Bu o‘y-xayollar buguningizni o‘g‘irlaydi. Nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘tmishda bo‘lib o‘tdi. Siz bugun tiriksiz, xafa bo‘lib, o‘ksinish uchun yashamayapsiz. Baxtli bo‘lish uchun yashayapsiz, shuning uchun o‘tgan ishlarni O‘TMISHda qoldiring. Nolishni boshlashingiz bilan buguningizni o‘tmishni eslash bilan o‘tkazib, kelajagingizni yo‘qotasiz. Shuning uchun aslo nolimang!
Ko‘rasiz, shu qoidalarga rioya qilsangiz, o‘zingizda ijobiy tomonga o‘zgarish sezasiz. Omad va baxt doimo hamrohingizga aylanadi!
Insonlar amalga oshiradigan faoliyat ichida muloqot eng asosiy hisoblanadi. Shuning uchun muloqotni to‘g‘ri tashkil etish orqali odamlar omadga erishadi va o‘zlarini baxtli his etadilar.
Bu borada (Jon Maksvell) muloqot qilishning 20 ta oltin qoidasini sizga taklif etamiz:
1. Ko‘zgu qoidasi. Boshqalarni muhokama qilishdan avval o‘zimizga e’tibor berishimiz kerak.
2. Og‘riq qoidasi. Barcha narsadan xafa bo‘lgan inson boshqalarni ham xafa qiladi.
3. Yuqori pog‘ona qoidasi. Qachonki atrofdagilarimizga ular bizga qilayotgan muomaladan ko‘ra yaxshiroq munosabatda bo‘lsak, ancha yuqori darajaga ko‘tarilamiz.
4. Bumerang qoidasi. Qachon boshqalarga yordam bersak, o‘zimizga ham yordam bergan bo‘lamiz.
5. Almashtirish qoidasi. Boshqalarni o‘rnimizga qo‘yishdan ko‘ra, o‘zimizni ularning o‘rniga qo‘yishni o‘rganishimiz kerak.
6. O‘rganish qoidasi. Biz uchratgan har bir inson bizni nimagadir o‘rgatishga qodir.
7. Qiziqish qoidasi. Odamlar o‘zlariga qiziqish bildirgan insonlargagina qiziqadilar.
8. 10 ball qoidasi. Insonlarning yaxshi sifatlariga ishonch, odatda ularda ham shunday sifatlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
9. Yaqinlik qoidasi. Avval insonlarga g‘amxo‘rlik qilish, so‘ngra ular bilan yaqin munosabatda bo‘lish kerak.
10. Qaytish qoidasi. Ishonch – barcha munosabatlarning asosidir.
11. Lift qoidasi. Munosabatlar jarayonida biz insonlarni pastga tushirishimiz yoki yuqoriga ko‘tarishimiz mumkin.
12. Vaziyat qoidasi. Hech qachon vaziyat siz uchun munosabatdan ko‘ra muhimroq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang.
13. Sayqallash qoidasi. Barcha munosabatlarda madaniyatga e’tibor berish kerak.
14. Sabr qoidasi. Boshqa insonlar bilan birga sayohat qilish doimo bir o‘zingizning sayohatingizdan ko‘ra sekinroq kechadi.
15. “Bob” qoidasi. Qachonki Bob barcha bilan munosabatda muammoga duch kelsa, asosiy muammo odatda uning o‘zi bo‘ladi.
16. Ochiqlik qoidasi. Munosabatlarda o‘zingizni ochiq tutishingiz boshqalarga siz bilan oson muloqotga kirishishga imkon beradi.
17. Himoya qoidasi. Jangga tayyorlanayotganingizda shunday chuqur o‘ra qazingki, unga do‘stingiz ham sig‘sin.
18. 101 foiz qoidasi. Biz 1 foizgina rozi bo‘lgan ishni topib, unga 100 foiz kuchimizni sarflashimiz kerak.
19. Hamkorlik qoidasi. Hamkorlikda ishlash g‘alabaga erishish imkoniyatlaringizni oshiradi.
20. Nishonlash qoidasi. Do‘stlarimiz bilan munosabatlarimiz nafaqat omadsizliklarida ularni qo‘llashimiz, balki g‘alabalarida ham ular bilan birga qanchalik xursand bo‘lishimizga qarab baholanadi.
Navbatdagi yo‘riqnoma esa Sizning aynan o‘z oldingizga maqsad qo‘yib yuksalishingizga bag‘ishlanadi:
1. Hech qachon o‘sishdan to‘xtamang.
2. Hech qachon yangilanishdan to‘xtamang.
3. Maqsad qo‘ying: har kuni hech bo‘lmaganda ozgina yaxshiroq bo‘lish. Tanlagan maqsadingiz aniq bo‘lsa, har kuni shu maqsad yo‘lida harakat qiling.
Yaponlarning Kaydzen strategiyasini tavsiya etamiz: har kunlik kichkina o‘sish, albatta katta g‘alabalarga olib keladi!
Harakatlaringizni kichkina deb bepisandlik qilmang. Katta-katta yutuqlar asosi kichkina-kichkina harakatlar hisobiga shakllangan!
Odamlarda baxt hissini olib borayotgan ishlarining muvaffaqiyati bilan bog‘lash an’anasi mavjud. Shunday ekan, muvaffaqiyatli insonlarning o‘ziga xos 10 xislatini o‘rganamiz:
1. Boshqalar omadsizlik deb bilgan narsalarni, ular hayot saboqlari deb hisoblashadi.
2. Ular boshqalar qila olmagan ishni bajarish yo‘lini qidirishadi, shunchaki qo‘l siltab ketishmaydi.
3. Aniq o‘ylangan rejalarni qabul qilishadi.
4. Boshqalar omadni kutib o‘tirsa, ular omadni o‘zlari qidirishadi.
5. Boshqalar kabi ularda ham qo‘rquv bor. Lekin qo‘rquv o‘zlarini boshqarishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Qo‘rquvni shunchaki xavotirlanish deb hisoblashadi.
6. Ular muammolardan qochishmaydi, aksincha, ularga tik qarashadi.
7. Ular nekbin odamlar, shu sababli har narsaning foydali tomonini ko‘ra olishadi.
8. Butun umr o‘rganishda charchamaydilar. Har qanday hayotiy tajriba ular uchun darsdir.
9. O‘z ishlarini ortga surmaydilar, bundan ko‘rinadiki, ular hayotda biror narsani kutib yashashmaydi.
10. O‘zlarini qanday his qilishlaridan qat’i nazar, qilishlari kerak bo‘lgan ishni qiladilar.
Hayotiy saboq:
Qanday qilib kechagidan ham yaxshi bo‘lish mumkin?
Kechagidan ham kuchli, omadli, baxtli, chiroyli, boy bo‘lish mumkinmi? Albatta mumkin!!!
Qarzga botgan, omadsizlikka uchragan tadbirkor bog‘da badantarbiya qilib yurar edi. U hammasidan umidini uzgan, ahvoli endi o‘nglanmasligini o‘ylab tushkunlikka tushgandi. Bog‘da bir qariya yaqinlashib undan nega xafaligini so‘radi. Tadbirkor sharoitini so‘zlab berdi. Shunda qariya o‘zini Jon Rokfeller deb tanishtirib, unga 500 000 $ ga chek yozib berdi va bir yildan so‘ng aynan shu yerda uchrashishni aytdi.
Yigit juda xursand bo‘ldi. Chunki unga eng boy odamlardan biri qayta oyoqqa turishi uchun pul bergandi. U o‘sha chekni seyfga qo‘yib, yangi kuch-g‘ayrat bilan ishga kirishibdi. Yangi biznes rejalar tuzib, shartnomalar imzolab, tez orada
o‘z biznesini qaytadan boshlabdi. Hamma qarzlaridan qutulib, yana yangidan hayot boshlabdi.
Oradan 1 yil o‘tgach, u seyfdagi chekni olib bog‘ga, kelishilgan joyga boribdi. Qariya kelgach, unga minnatdorchilik bildirib, chekni qaytarib beribdi. Shunda hamshira yugurib kelib qariyaning qo‘lidan tutib: “Axiri sizni topdima”, debdi. Yigitga yuzlanib “U nuqul uydan qochib ketadi. Odamlarga men Jon Rokfellerman deb o‘zini tanishtiradi”, debdi.
1 yil davomida yigit qiyin vaziyatdan chiqib yangi biznes boshlashda qiynalsa istalgan vaqti shu chekdan foydalanaman deb o‘ylagan edi. Pullar emas, uning qilgan harakati, shijoati uni mushkul vaziyatdan olib chiqdi. Hal qiluvchi vaziyatlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch katta yordam berdi. Shuning uchun harakat qilishdan to‘xtamang va tashabbusni o‘z qo‘lingizga oling!
Hayotimizni qiyinlashtiradigan 7 ta odatni bilib oling!
XXI asrda insonlar baxtli bo‘lishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Lekin negadir juda kam odamlar o‘zini baxtli sezishadi. Bunga quyidagi 7 odat sababdir:
1. Odamlar bilan yuzma-yuz gaplashmay qo‘ydik. Internet orqali buyurtma qilish yoki TVda barcha ma’lumotlarni ko‘ra olishingiz mumkin. Lekin insonlar faqat boshqa insonlar bilan aloqaga kirishgandagina haqiqatdan yashaydi!
2. Bizga do‘st/dugonalar yetishmaydi. Yo‘q, internetdagi 100–3000 do‘stlar emas, balki sizning qiziqishlaringiz va kechinmalaringizni tushunadigan yaqin do‘stlar yo‘q.
3. SMS eng yaxshi aloqa vositasi emas! SMS yordamida o‘z hissiyotlaringizni 100% yetkazib bera olmaysiz, shuning natijasida turli tushunmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin.
4. Virtual hayotdagi do‘stlar sizning yolg‘izligingizni oshiradi. Aniq bir ma’noda bu virtual hayot yolg‘on ekanligini bilasiz.
5. Bizga haqiqiy baho beradigan odamlarning yo‘qligi. Bu internetdagi “layk”larning soni emas, balki sizning yurish-turishingizga to‘g‘ri baho beradigan yaqinlaringizning yo‘qligi.
6. Doimiy ravishda noshukurlik qilib yashaymiz. Eng asosiysi, qornimiz to‘q, ustimiz but ekanligini unutamiz.
7. O‘zimizni hech nimaga qodirmasman deb hisoblaymiz. Aslini olganda ham shunaqamasmi? Ertalabdan kechgacha o‘zingizning xayollaringizda yashaysiz, orzu qilasiz, lekin harakat qilmaysiz. Balki harakat qilish vaqti kelgandir.
Ibratli rivoyat:
PODSHOHNING KOVUSHI
Rivoyat qilishlaricha, bir podshoh katta davlatni boshqarar edi. Bir kuni u shaharda piyoda sayr qilishni istadi va uzoq masofani yayov bosib o‘tdi. Saroyga qaytish arafasida oyog‘i og‘rib bir joyda to‘xtab dam olishga qaror qildi. Qarasa, ko‘p yurganidan oyog‘i shishib ketibdi. Shu zahoti shaharning barcha yo‘laklariga qalin charmdan tikilgan gilamchalar to‘shashga amr qilmoqchi bo‘ldi. Dono vaziri podshohning maqsadini tushunib, qaror chiqarishidan oldin oqilona maslahat berdi:
– Podshohim, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, bir taklifim bor edi.
– Marhamat.
– Agar xo‘p desangiz, kosiblar oyoq kiyimingizning ostiga qalin charmdan taglik yasab berishsa. Keyingi safar sayrga chiqqaningizda oyog‘ingiz og‘rimas edi.
Qissadan hissa:
Agar baxtli yashashni istasang, dunyoni o‘zgartirishga urinma. O‘zingni o‘zgartir! Shunda dunyo ham yaxshi tomonga o‘zgaradi.
Inson — bekordan bekor quruq gavdani ko‘tarib yurish uchun emas, balki ulug‘ va ko‘lamli vazifalarni bajarish uchun dunyoga keladi.
Baxt — bu siz kimligingiz yoki qanaqa ekanligingizga bog‘liq emas, bu Siz nima haqida o‘ylashingiz va fikrlashingizga bog‘liq.
Obro‘-e’tibor esa bu dunyoda o‘z fikrlaringiz va qo‘ygan maqsadlaringizga erishib, jamiyatga keltirgan foydangiz, xolos.
Ana endi aniqlik kiritgach, o‘zingizga shu savolni qaytadan bering:
Menga avval baxt muhimmi yoki obro‘-e’tibor?
Chunki baxtli yoki baxtsiz bo‘lish, obro‘-e’tiborga ega bo‘lish yoki bo‘lmaslikka tashqi sharoit emas, o‘z xayollarimiz sababchi bo‘ladi. Agar Siz fikringizni boshqarishni o‘rgansangiz, baxtingizni idora qila boshlaysiz va astalik bilan obro‘-e’tibor qozona boshlaysiz.
Fikringiz so‘zingizga, so‘zingiz fe’lingizga, fe’lingiz taqdiringizga ta’sir qiladi. Go‘zal o‘ylang, go‘zal yashang.
Hayotingiz fikringizga qarab quriladi. Agar fikr-u niyatingiz yaxshi bo‘lsa baxtli hayot, yomon bo‘lsa baxtsiz hayot qurasiz.
Vilyam Shekspir aytgan edi:
— Men hamisha o‘zimni baxtiyor sezaman. Bilasanmi nega? Chunki men hech qachon hech kimdan hech narsa kutmaganman.
— Kutish bu – azob, hayot esa qisqa. Shuning uchun o‘z hayotingni sev, unga kulib boq!
— Gapirishdan oldin tingla!
— Yozishdan oldin o‘yla!
— Pul sarflashdan oldin ishlab top!
— Arazlashdan oldin kechir!
— Nafratlanishdan oldin sev!
— O‘lishdan oldin yasha!
Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, baxt ichki dunyongizda!
Feruza AKRAMOVA, Nizomiy nomidagi TDPU “Umumiy psixologiya” kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi, oliy ta’lim a’lochisi,xalq ta’limi a’lochisi, “Shuhrat” medali sohibi