“Bemaza qovunning urug‘i ko‘p”
— Yig‘ishtir multfilmingni, “Sevimli”ga ol. “Gunesh qizlari” boshlandi.
— Biroz shoshmang, oyi, qiziq yeriga keldi.
— Bor, kitoblaringni o‘qi. Multfilmdan foyda yo‘q.
Ana nasihat-u, mana “ibrat”. Ba’zi ota-onalarga qoyil qolaman-da. Multfilmdan foyda yo‘g‘-u, ongni zaharlaydigan soni ko‘p, salmog‘i yo‘q seriallardan naf bor ekan.
Bu uyda shu masalada kunda g‘avg‘o. Bunaqa insonlarga qo‘shni bo‘lgandan ko‘ra, cho‘l-u biyobonga borib yashagan ma’qul. Mahalla tomonidan ham bir necha bor ogohlantirish berildi. Zarracha kor qilgan emas.
Qiziq, hozirgi seriallarning qanaqa foydasi bor ekan? Bizda ko‘pincha turk kinolari efirga uzatilyapti. Ularning zamirida na mehr-oqibat va na madaniyat tushunchasi bor. Qaysi kanalga olmang, tuzukrog‘ini topolmaysiz. “Bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi” degan maqolni el bilib aytgan-da.
“Shum bola”, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabi adabiyotimizning durdona asarlari asosida ishlangan filmlar yiliga bor-yo‘g‘i bir-ikki marta efirga uzatiladi. Masalan, oilamiz bilan ularni o‘zgacha bir havas, qiziqish bilan tomosha qilamiz. Orada buvim: shunaqa filmlar juda kamyob-da. Ko‘rib, yoshlik davrlarim yodimga tushib ketadi, deb qoladi.
Hurmatli kinochilar, asl maqsadi yaxshilik bo‘lmagan chet el kinolari qachongacha millatimiz ongini yemiradi?! Siz ham qachongacha qaynotaning o‘z keliniga suqlanib qarashi-yu, er-xotin o‘rtasidagi ikir-chikirlarni ko‘tarib chopasiz?! Bo‘ldi-da endi! Burchingizni munosib o‘tab, ma’naviyatni oshiruvchi tarixiy asarlarni elimizga havola etsangiz, nurli kelajak uchun yanada mustahkam poydevor yaratgan bo‘lardingiz.
Muhayyo SHOYIMOVA, Vobkent tumanidagi 20-maktabning 9-sinf o‘quvchisi