Tiktok ohanrabosi yoxud bilimsizlik tomon ergashayotgan yoshlar
Qadrli zamondosh!
Shiddat bilan odimlayotgan vaqt mashinasida o‘tirib olib, “Tiktok”, “You Tube” tarmoqlaridagi oxiri yo‘q tomoshalariga berilib, qanday katta bo‘lib qolayotganini bilmay qolayotgan yoshlarni ko‘ryapsizmi? Kimingiz ularga ota yoki ona, kimingiz qondosh, kimimiz opa-aka, kimimiz tengdosh-do‘stmiz, ammo befarqmiz. Hayotimizni telefon, kompyuter, turli ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilolmay qoldik — mana shu bizning bahonamiz.
Uchinchi mingyillik avlodi ijtimoiy tarmoqlar qurshovida voyaga yetmoqda. Bloger, tiktoker, youtuber tushunchalari hali tuzukroq savodi chiqmagan bolalarga ham tanish. To‘g‘ri, kun talabi bilan yashash yaxshi, ammo biz me’yorni unutib qo‘ymadikmikan? Uyimizda wi-fi o‘rnatganimizdan beri kitob mutolaasini kamaytirganimiz, yaqinlarimiz muammo-yu fikrlari bilan qiziqmay qo‘yganimiz, uzzukun uyda bo‘lsak-da, faqat ovqat mahali bir joyga to‘planib, qolgan vaqtni alohida xonalarda, bo‘lak olamlarda o‘tkazayotganimizni o‘ylashga ham vaqtimiz yetmay qoldi. Kimningdir bolaligi, kimningdir yoshligi, kimningdir o‘qib-o‘rganish, bilim egallash, kelajakka poydevor qo‘yish davri, yana kimningdir ayni bolalarini shirin go‘daklik davrida erkalash, tarbiya berish soniyalari bo‘lar-bo‘lmas videolarni ko‘rib, “prikollar”u “pranklar”ga qoyil qolish va boshqalarni ham qoyil qoldirishga sarf bo‘lib ketmoqda. Shu behuda narsalar og‘ushida kun qanday tun bo‘lib qolayotganini bilmay qolamiz.
Mutolaa nimaligini esdan chiqarib, uning o‘rniga uzluksiz “tiktok” sahifasini titkilayotgan maktab o‘quvchilaridan “Oxirgi marta qaysi sevimli yozuvchingning asarini mutolaa qilding?”, “Qozog‘istonning poytaxti qayer?”, “O‘zbekiston nechta davlat bilan chegaradosh?”, “Dunyoda nechta okean bor?”, deb so‘rasangiz, mum tishlab qoladi. Lekin tiktoker oyiga qancha pul topyapti, qanday bachkana, maza-matrasiz videolar tomosha qilgani haqida so‘rasangiz, to‘xtatib qolmaguningizcha gapiradi.
Tiktok — dunyo bo‘ylab eng tez ommalashgan ijtimoiy tarmoqlardan. Uning foydalanuvchilarining 41 foizi 16–24 yoshdagi o‘spirinlardir. Tiktok nimaligini kattalardan ko‘ra ko‘proq yoshlar yaxshi biladi, buning sababi, ilova yaratuvchilari avvalboshdan o‘zlarining auditoriyasi sifatida 18 yoshdan kichiklarni tanlagan. “Tiktoker”lar kulgili, bachkana hazillar yaratib, ko‘proq odamlarni jalb qilish orqali mashhurlikka erishib, ham ko‘proq daromad topib, o‘zlarini “yulduz” sanayotganlardir. O‘smirlarni kuzatib turib “tik-tok”ning o‘ziga tortadigan magniti bormi, deb o‘ylab qolasan kishi. Aslida esa bobo-buvilarmiz aytgan gapda jon bor, “Niholni qayerga eksang, o‘sha tomon qarab o‘sib ketadi”. Avji o‘qish, ilm sirlarini egallash davrida o‘smirlarning o‘ziga qo‘yib berilsa, turgan gapki, kitob o‘qish — murakkablikni emas, bachkanalik — yengillikni tanlashadi. Ular hozir bilmaydiki, fursat bu g‘animat, ertaga oila boqish uchun bir ishning boshini tutay, jiddiy bir inson bo‘lay deganda bachkanalik, taqliddan boshqa narsani bilmasligidan afsus chekishini.
Tiktokdagi “ijod” namunalarini tomosha qilayotgan zamondoshim, undan ko‘ra kitob o‘qisangiz, gazeta mutolaa qilsangiz bo‘lmaydimi? Zeriksangiz, muzey, teatrga boring, sport bilan shug‘ullaning, o‘zingiz qiziqqan biror hunarni o‘rganing. Ijtimoiy tarmoqlar qiziq bo‘lsa, undan ham to‘g‘ri maqsadda foydalansa bo‘ladi. Masalan, bilimingizni oshiradigan kinofilmlarni tomosha qiling, sizga nimadir o‘rgatadigan sahifalarga a’zo bo‘ling. Tikish, to‘qish, taom tayyorlash, duradgorlik, zargarlik, musiqa, til o‘rganish — ehhe istasangiz foydali sahifalardan qancha narsa o‘rganishingiz mumkin. Vaqtingizni to‘g‘ri maqsadga yo‘naltiring.
Kuni kecha yurtimizda o‘smir yoshdagi ko‘plab tiktok foydalanuvchilarining qahramoniga aylanib qolgan tiktokerlar bilan kechgan suhbat ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga sabab bo‘ldi. Minglab yoshlarni o‘ziga ergashtirayotganlarning saviyasi, bilim darajasi qanday ahvolda ekani oshkor bo‘ldi.
Ularga ham qarata aytadigan gaplar tug‘ildi qalbimda: hurmatli “yulduzlar”, mayli ijod qiling. Lekin siz hayotni faqat shu kichkina oynadan iborat deb o‘ylamang va bunga murg‘aklarni ham ishontirmang! Yosh avlodning savodsiz bo‘lib qolishiga hissa qo‘shmang. Sizga ergashayotganlar borligini hisobga olib, xalqimiz kelajagi, manfaatini o‘ylab, kuchingizni to‘g‘ri maqsadga yo‘naltiring. Taklifim, tiktokerlik yo‘nalishingizni foydali tomonga o‘zgartiring. Buning uchun avvalo o‘zingiz kitob o‘qing, nimanidir o‘rganing. Foydali, xayrli ishlaringiz endi o‘sib-ulg‘ayayotgan yoshlarning salohiyatli, bilimli bo‘lishiga hissa qo‘shsa, sizlarga rahmatlar yog‘iladi.
Bilaman, bu maqolani tiktokerlar ham, ularga ergashuvchilar ham o‘qimaydi, chunki ular bachkanalik bilan band. Ammo dilimdagi gaplarni maktabga kelgan tiktok ishqibozlari bo‘lgan o‘quvchilaringizga o‘qib berib, yetkazishingizga umid qilaman, aziz Ustozlar!
Dilafro‘z ABDURAJABOVA, ToshDO‘TAU talabasi