Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni
14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 272-umumta’lim maktabida 8-“A” va 8-“B” sinf o‘quvchilari sinf rahbarlari Rayxon Rajapova va Nodira Toshboyevalar boshchiligida “Mardlar qo‘riqlaydi, Vatanni” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirini tashkil etdi. Maktab rahbari Elmira Zoitova barchani bayram bilan qutlab, o‘quvchilarga Ona yurtini sevish, uni ko‘z qorachig‘idek asrash, osoyishtaligi va farovonligi uchun kurashish har birimizning burchimiz ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, Vatanni madh etuvchi she’rlar va insonning ruhiyatiga ta’sir etuvchi sahna ko‘rinishlari tadbirga o‘zgacha fayz bag’ishladi.
Tadbirda mahalla faollari, ota-onalar, o‘qituvchilar ham ishtirok etib, o‘z bayram taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Fotima ALIQULOVA, shu maktab o‘qituvchisi