“Do‘stlik”chi do‘stlarim
Do‘st — ko‘ngildosh. Do‘st — suyanchiq…
Har tong ko‘chaga chiqishdan oldin iqlimga mos kiyinish bilan bir qatorda seni qarshi olguvchilqarga mutonosib niqob ham taqishga majbur bo‘lasan. Kim uchundir undaysan, kim uchun bunday. Bor bo‘yingcha har kim ham seni qabul qilolmaydi. Barchasi zeriktirganda, yuraging siqilsa, do‘stingga sim qoqasan, yo yoniga ravona bo‘lasan. Do‘st senga havodek zarur, chunki uning yonidagina o‘zing bo‘lib ko‘rinasan, o‘zing bo‘lib yashaysan. Dunyodagi eng bechora odam — mahramsiz odam bo‘lsa kerak. Do‘stlaring ko‘p bo‘lsa, qanday yaxshi! Nafaqat vataningdan, balki o‘zga yurtlarda ham. Meksika, Mongoliya, Fidji, Nepal… ko‘ngillar bir tilda gaplashadi axir!
“Yakshanba kuni “Do‘stliki” klubining 30 yillik yubileyi bo‘lyapti. Borib keling”…
Balandparvoz gaplar-u, qarsakbozlikdan iborat tadbirlar zada qilgani rost gap. Ammo “Dostlik”. Shu so‘z o‘ziga tortadi. Ortidan beixtiyor ergashasan, u seni shinamgina bir yemakxonaga boshlab boradi.
— Gazetadan keldingizmi? Bemolol o‘tiring. “Do‘stlik”ga kelgan har bir odam bizning do‘stimiz, — deb so‘z boshlaydi. O‘zini Shahnoza deb, tanishtirgan opa. Uning so‘zlaridan samimiylikni his qilasan.
Birin ketin boshqa kishilar ham kirib kela boshlaydi. Qo‘llarida gullar. Har yondan “Alima Ergashevna kelmadimi?”, “Bizning yutuqlarimizga Alima opa sababchi bo‘lgan”, “Otabek, esingdami ustoz bilan Belarussiyaga borganimiz”, degan so‘zlar yangraydi. O‘zgacha bir mehr bilan tilga olingan bu ism egasi bo‘lgan baxtli inson kim?
Yaqin orada qulloqqa chalinmagan “Do‘stlik” klubi ancha oldin faoliyatini tugatgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilasan. Internetdan ma’lumot topolmading. Nima bo‘lganda ham gazetaga u-bu narsa qoralash lozim.
— Surayyo opa, “Do‘stlik” kulubi haqda ozroq ma’lumot bersangiz? — deyman boyagina tanishganim, go‘zal tabassumli opaga yuzlanib.
— Klubimiz 1991-yili Yashnobod tumanidagi 206-maktab qoshida tashkil etilgan. Tez orada “Do‘stlik” ommalashdi. Maktab, tuman, viloyatlar qolaversa, boshqa chet davlatlararo aloqlarni yo‘lga qo‘ydi. Klub azolari do‘stari kun sayin orta bordi. Ular bir birlarining madaniyati, tarixi, tillarini o‘rganishdi. Buning barchasiga sababchi ustozimiz Alima Kurbanbayeva bo‘ladi…, — shu isimning haybatidan bo‘lsa kerak opa hayajonlandi. — Hozir ustoz keladi. Qolganini o‘zlaridan so‘raysiz…
Nihoyat yuzidan nur yog‘ilib turgan, 60 yoshlar atrofidagi bir ayol kirib keldi. Mehr balqib turgan ko‘zlarda o‘zgacha quvonch. Gullar tutqazildi. Men suhbatlshishga tirishdim.
— 206-maktabda rus tilidan dars berardim. Psixologiyaga ham qiziqishim kuchli edi, — deb so‘z boshladi Alima Kurbanbayeva . Shu sabab Maskvadagi “O‘qituvchilar” gazetasiga pedagoglar psixologiyasi haqida bir maqola yubordim. U tez orada bosilib chiqdi. Shundan so‘ng ittifoq bo‘ylab turli seminarlarga taklif qila boshlashdi. U yerlik o‘qituvchilar bilan tajriba almashdim. Shu qatori turli millat vakili bo‘lgan o‘quvchilarning ham mehrini qozana oldim. Turli hududlardan o‘quvchilar menga maktub yozishardi. So‘ng mening o‘quvchilarim ham ular bilan xat almasha boshladi. Ochiq darslarning birida o‘quvchilarga “bir klub tashkil qilsak, qanday bo‘lar ekan”, degan taklif berdim. Shogirdlarim ham rozi bo‘lishdi. Shunday qilib 1991-yil 17-yanvarda “Do‘stlik” klubi tashkil topdi.
Klubda men turli xalqlar madaniyati, tili, tarixi haqida ma’ruza qilish bilan birga o‘z an’analarimizni-da o‘rgatardim. Ularning iste’dodlarini rivojlantirishga, maqsadlari sari ruhlantirishga harakat qilardim. Tez orada “Do‘stlik”ga viloyatning chekka hududlaridan ham o‘quvchilar oqib kela boshladi...
Shundan so‘ng Alima opa “Do‘stlik”ning chet ellarda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan turli seminarlardagi ishtiroki, yutuqlari haqida gapirdi.
— Biz boshqa xalqlarga o‘z madaniyatimiz an’analarimizni namoyish etardik. Ayniqsa, o‘quvchilar ijrosidagi xalq qo‘shiqlari mezbonlarni butunlay o‘ziga rom etardi. 90-yillarning o‘rtalarida mamlakatimizda ham yirik xalqaro festival o‘tkazishga muvoffaq bo‘ldik. Unda 25 dan ortiq mamlakatdan o‘quvchilar qatnashishdi. Festivalimiz Navro‘z bayrami arafasiga to‘g‘ri kelgani sabab mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirgan. Haligacha ijtimoiy tarmoqlar orqali men bilan bog‘lanib turishadi.
Eng asosiysi men o‘quvchilarimga bag‘rikenglikni, o‘zga millat vakillarini ham hurmat qilishni o‘rgatdim. “Yomon odam bo‘lishi mumkin, ammo yomon millat bo‘lmaydi”, deb uqtirardim ularga. Klubimiz ayrim sabablarga ko‘ra 2002-yil faoliyatini tugatdi. Ammo biz haligacha ko‘rishib turamiz.
O‘sha paytlar maktab o‘quvchisi bo‘lgan bolalar hozir uyli joyli, nabira ko‘rganlari ham bor. Ular turli sohalarda vatanimiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Men bundan judayam xursandman.
Alima Kurbanbayeva bilan uzoq suhbatlashdik. Orada “Do‘stlik” klubining faoliyati haqida videorolik namoyish etildi. Tadbirning davomi qizg‘in guringlar, qo‘shiq-u raqslarga ulanib ketdi. Men ham klubning to‘laqonli a’zosidek his qildim o‘zimni. “Do‘stlik”da do‘st orttirganimdan xursandman.