Har bir kutubxonaning shunday ziyosi bo‘lsin!
Namangan viloyatidagi 26-mehribonlik uyining kutubxona mudirasi Muqaddas Zokirova kasbini juda ham qadrlaydi. Shu bois har kuni erta tongdan ishi tomon oshiqadi. Uning kasbga bo‘lgan ishtiyoqi ustozi, mehribonlik uyi direktori Dilorom Abdurahimovadan olgan o‘gitlari, taassurotlari tufayli hamisha yuqori.
— Muqaddas Zokirova muassasamizning jonkuyar, fidoyi xodimalaridan biri, — deydi mehribonlik uyi rahbari Dilorim Abdurahimova. — U bolalarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni bilimli, zukko qilib tarbiyalash yo‘lida mehnatini ayamaydi. O‘quvchilarga har bir asarni o‘zining asar haqidagi taassurotlari va qisman hikoya qilib berish bilan tavsiya qiladi. Shuning uchun ham kutubxonamiz o‘quvchilar bilan doimo gavjum. Bolalar o‘qib bo‘lgan kitoblari haqida Muqaddas Zokirova bilan suhbatlashishni yoqtirishadi va bu bilan ularning asar haqidafi taassurotlari yanada ortadi. Men haqiqiy kutubxona xodimi mana shunday kitobxon inson bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.
Muqaddas Zokirova tashabbusida mehribonlik uyida ko‘plab adabiy-badiiy tadbirlar tashkil etiladi. Xususan, xalqimizning ardoqli shoirlari Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf ijodini tarannum etuvchi mushoiralar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Yaqinda bolalar yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitobxonlik bayrami ham juda qiziqarli o‘tdi.
Kutubxona ta’lim maskanining yuragi hisoblanadi. Bu yurak doimo urib turishi kerak. Buning uchun esa kutubxonachi haqiqiy ziyoli, mutolaasevar, o‘quvchilarning qo‘liga tushgan barcha kitoblar haqida ularga kerakli mulohaza va tavsiyalarni bera olishga qodir mutaxassis bo‘lishi kerak. Biz Muqaddas Zokirova kabi ana shunday bilimli murabbiy har bir kutubxonada bo‘lishini tilab, uning faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Dilfuza QO‘SHOQOVA