Farzandimiz ismidan uyalib qolmasin
Farzandiga munosib, chiroyli ism qo‘yish ota-onaning muhim vazifalaridan biri. Chaqaloqqa munosib ism berish muhim va o‘ta mas’uliyatli masala ekaniga ko‘pchilik e’tibor bermaydi.
Xalqimiz ismlari nihoyatda rang-barang bo‘lib, serma’no hamda tarixiydir. Ota-bobolarimiz chaqaloqning biror belgi bilan tug‘ilganligi, tug‘ilgan sanasi, fasli-yu nasligacha ahamiyat berishgan. Ko‘pchilik tanish-bilishlarining ismlari orasida yoqtirganlarini farzandlariga qo‘yishadi. Xulq-atvori, fe’li shu insonga o‘xshasin, deya niyat qilishadi.
Ammo keyingi payt taqlidiy ismlar qo‘yish kuchaydi. Hatto chet el seriallaridagi qahramonlarning, mashhur futbolchilarning ismlarini qo‘yish holatlari uchramoqda. Maktabga qadam qo‘ygan ayrim o‘quvchilarning guvohnomalaridagi ismlarini ko‘rib, ularning ota-onalari bu ismlarning ma’nosini tushunarmikan, ism berayotganda bobo-buvilari qanday munosabatda bo‘lgan ekan, degan o‘y o‘tadi xayoldan (Messijon, Ishani, Sharlotta, Sanjana, egizak qizlar Zita va Gita kabilar).
Muxlislikning ham, seriallarning ham davri o‘tadi, lekin ism farzandning o‘zi bilan butun umri mobaynida qoladi. Ertaga katta bo‘lib, xalq orasida yurganida unga aka, opa, momo, bobo so‘zlarini qo‘shib chaqirish qanchalik mos bo‘lar ekan? Eng yomoni, insonning o‘z ismini aytishga uyalishidir. Ayniqsa, bolalikda bu juda bilinadi.
Bir ziyoli oila haqida
eshitib qoldim. Ayolning bolasi bir necha marta nobud bo‘lgandan keyin, oxirgi tug‘ilgan qiziga Mahkamtosh deya ism berishibdi. Qiz ulg‘aygach, ismidan uyalib, odamovi bo‘lib qolibdi. Otasi buni fahmlab, qiziga eng yoqtirgan ismingni ayt, shuni senga beramiz debdi. Qizaloq ismi Laylo bo‘lishini xohlashini aytibdi. Shundan so‘ng ota hujjatlarni o‘zgartirgan ekan. Mana aqlli otaning tutgan yo‘li.
Dinimizni, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni hurmat qilgan holda farzandlarimizga o‘zbekona, chiroyli ismlar qo‘yaylik va go‘zal tarbiya beraylikki, ertaga boshqalar oldida o‘z ismlaridan uyalib qolmasin.
Azzatjon AZIMOVA, Xonqa tumanidagi 40-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi