Eng birinchi ustoz onadir!
Har bir insonning taqdiri, hayotdagi muvaffaqiyatlarida onaning beqiyos o‘rni bor. Zero, farzand homila davridayoq onaning ruhiy va jismoniy holatidan ta’sirlanadi. Ona ilmga chanqoq, bilimdon bo‘lsa, farzandlari ham oqil va dono bo‘ladi. Insonning birinchi ustozi bu onadir. Eng sof va pokiza tuyg‘ular, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlar birinchi galda oila bag‘rida, ona tarbiyasi bilan shakllanadi. Ammo bu ustozlikni bugunning onalari qanday uddalamoqda?
Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda katta o‘rin tutadigan va hatto o‘z ta’sirini ko‘rsatadigan davrda yashayapmiz. Facebook, Telegram, Instagram va hatto TikTok tarmoqlarida ham ko‘plab bekalarni uchratamiz. Aksariyat ayollar bu tarmoqlarda doimiy onlayn holatida bo‘ladilar. Bundan bilish mumkinki, ularning har kuni tarmoqlardagi suhbatlarni o‘qish, muloqot qilish, video, audio, fotosuratlarga munosabat bildirish va bu maydonda faol bo‘lish bilan o‘tadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Ular ayol, ona, uy bekasi-ku. Doimiy onlayn bo‘lgan akkaunt egasi bo‘lgan bu ayollar farzand tarbiyasi, onalik vazifalari, o‘zi ustida va bolalari bilan qachon shug‘ullanishadi? Kitob o‘qishadimi, bolalariga ham vaqt topishadimi? Albatta, farzandining kelajagiga katta e’tibor berib, ularning ta’lim-tarbiyasi va qobiliyatini o‘stirishga intilayotgan ayollar ham talaygina, ammo ta’kidlaganimizdek,
ijtimoiy tarmoqlardagi 10–20 mingdan ziyod ayollar(onalar)ni jamlagan guruhlardagi mavzular darajasini kuzatib xavotirga tushasan kishi.
Bir kishi donishmandning oldiga borib: “Hazrat, mening bir o‘g‘lim va bir qizim bor. Ikkalasini o‘qitishga qurbim yetmaydi, faqat bittasini o‘qitishga imkonim bor, qaysi birini o‘qitay?” deb so‘rabdi. Donishmand unga: “Qizingni o‘qit, chunki u kelajakda farzand tarbiya qiladi. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishini o‘qitgan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lasan”, deb javob bergan ekan.
Bugun yurtimizda ayollarning jamiyatda tutgan o‘rnini oshirish, qizlar ta’limiga e’tibor qaratishga katta e’tibor qaratilyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yili O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida buyuk davlat arbobi Indira Gandining “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, degan so‘zlarini xotirlagan holda qishloq joylarda yashayotgan, kam ta’minlangan oilalar qizlarining oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limida davlat granti asosida o‘qishlari uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratilganini ta’kidlagan edi. Kam ta’minlangan oilalar qizlari oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limida davlat granti asosida o‘qishlari uchun o‘tgan yili 940 ta o‘rin ajratildi. Prezident joriy yil boshida Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu kvotalar soni ikki barobarga oshirilishi hamda a’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishini ma’lum qildi. “O‘ylaymanki, qizlarimiz uchun yaratilgan bunday qo‘shimcha imkoniyat yana yuzlab oilalarga bilim va ma’rifat nurini olib kiradi. Bu, o‘z navbatida, yosh qizlarimizning kelajakda jamiyat uchun munosib kasb egalari bo‘lib kamol topishiga puxta zamin yaratadi. Biz bu boradagi ishlarimiz ko‘lamini bundan keyin ham yanada ko‘paytirib boramiz”, degan edi Prezident.
Shunday insonlarni uchratamizki, ishdagi, shaxsiy hayotdagi barcha muvaffaqiyatlarida onasining bergan tarbiyasi, turtkisi, ta’limi poydevor bo‘lgan va ular hayotning har bir jabhasida onasi bergan o‘gitlarni eslab, qayta-qayta uning mohiyatini tushunadilar. Ba’zan bu o‘gitlarning ma’nosini yillar davomida hayotning o‘zi asta-sekinlik bilan bizga tahlil qilib beradi. “Ha, onam shunday der edi, bu bilan nima demoqchi bo‘lganini endi tushundim!” deymiz. Farzand tarbiyasi, hayot saboqlari ularni shunday bilimdonga, faylasufga aylantirib qo‘yadi.
Elektr chiroqni kashf qilgan Tomas Edisonning onasi qanchalik oqila bo‘lganini va uning aql bilan amalga oshirgan birgina harakati farzandining taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartirib yuborgani barcha onalarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Bu hikoyani qancha eshitganimiz sari inson yana xotirlagisi kelaveradi. Keling, oqila ayol haqidagi hikoyani yana bir bor yodga olamiz.
Tomas Edison bolaligida bir kuni maktabdan kelib onasiga ustozining maktubini tutqazadi va “Buni o‘qituvchimiz sizga berib yubordi”, deydi. Ona maktubni o‘qib yig‘lab yuboradi va xatni ovoz chiqarib o‘qiy boshlaydi: “O‘g‘lingiz o‘ta iqtidorli, maktab unga va uning qobiliyatiga torlik qiladi. Shuning uchun uyda ta’lim ola qolsin!”. Shunday qilib, Edison o‘z uyida onasidan ta’lim-tarbiya ola boshladi. Oradan yillar o‘tdi. U o‘z davridan o‘zib ketib, ixtirochi bo‘lib yetishdi. Vaqti-soati yetib onasi vafot etdi. Onasining vafotidan keyin olim uning narsalari turadigan javondan maktub topib oldi. Ancha yil o‘tgan bo‘lsa-da, maktubni darrov tanidi. Bu – o‘sha, maktabdagi ustozi yozib bergan maktub edi. Ammo maktubda mutlaqo boshqacha gaplar yozilgandi: “O‘g‘lingiz o‘ta beaql va qobiliyatsiz bola. Ertadan boshlab maktabga kelmasin!”. Edison ancha vaqtgacha yig‘isini to‘xtata olmadi. So‘ng kundalik daftariga quyidagi so‘zlarni bitib qo‘ydi: “Edison haqiqatan kaltafahm bola edi, biroq onasining go‘zal tarbiyasi sababli iste’dod sohibiga aylandi”.
Bu hikoya insonga zukko Ona tarbiyasining o‘zi buyuklikka yo‘llanma ekanini uqtirgandek bo‘ladi. Edisonning onasi kabi oqila ayollar bugungi zamonamizda, biz yashayotgan jamiyatda ham talaygina.
Samarqandlik Tamara Isoqova ko‘p yillar Payariq tumandagi 74-maktabda ona tili va adabiyot fanidan muallimlik qilgan. Adabiyotga mehr qo‘ygan, o‘zi ham she’rlar bitib turadigan bu ayolni ko‘pchilik ziyoli, bilimli ustoz va farzandlari kamolini ko‘rayotgan ona timsolida yaxshi taniydi.
— Har bir inson muvaffaqiyatlari ortida onaning mehnati-yu zahmati yotadi, — deydi Tamara Isoqova. — Onam hozirgi kunda 92 yoshni qarshilagan bo‘lishiga qaramay, xotirasi juda kuchli. Yoshligida ham kuchli xotirasi bilan otam o‘qib bergan barcha badiiy asarlarning mayda detallarigacha eslab qolardi. Onam o‘zi 5-sinfgacha tahsil olgan. Otam esa adabiyot muallimi bo‘lgan. Otam doim hammamizga ovoz chiqarib kitob o‘qib berardi. Buning ta’sirida onam ham badiiy adabiyotga qiziqa boshlagan. Biror ish bilan shug‘ullanayotib onam bizga badiiy asarlarni ertak qilib aytib berardi. Qaysidir harakatlarimiz ma’qul kelmasa yoki yaxshi ishimizdan mamnun bo‘lsa romanlardagi ijobiy va salbiy obrazlarga qiyos qilib, “sen hozir shunga o‘xshab ketding” derdi. Keyin biz qiziqib o‘sha kitobni topib o‘qishga kirishardik. Doim beshik tagiga biror kitobni qo‘yib qo‘yardi. “Ukangni tebratib o‘tir” deb bizni uyga kirgizib yuborsa, biz beshik tebratish payti uning tagidagi kitobni olib o‘qib o‘tirardik. Bolaning ilmga qiziqishi ko‘p holatlarda onaning ko‘p kitob o‘qishiga bog‘liq. 92 yoshli onamning hozir ham eng qimmatli xazinasi — kitob to‘la tugunchagi bor. Hali ham bu xazinaning usti ochiq, mutolaani va boshqalarni ham bundan bahramand
etishni to‘xtatmagan. Mening adabiyotga qiziqishim ham shu zayl boshlangan. Ko‘p yillar maktabda ona tili va adabiyotdan dars berdim. O‘zim ham bir narsalar qoralab, ijod qildim.
Tamara aya onasi ta’sirida adabiyot muallimi bo‘lgan bo‘lsa, to‘ng‘ich o‘g‘li Vohid Luqmonov ham onasi ta’sirida ijod olamiga kirib keldi. Tamara onaning farzandlarini kitob o‘qish uchun majburlashiga hojat bo‘lmagan. Onasining qo‘lida doim kitob ko‘rgan bolalarning mutolaaga qiziqishi va mehri tabiiy ravishda o‘sib boraverar ekan.
— Faqat kenja o‘g‘lim biroz o‘yinqaroq edi, — deb xotirlaydi Tamara Isoqova. — Shuning uchun mol boqishga dalaga ketsa ham, belbog‘iga biror asarni bog‘lab jo‘natardim. Qaytib kelganida “qayeriga kelding, qani gapirib ber-chi”, deb so‘rardim. Bir yoki ikki bet o‘qisa ham mayli, foydasi bor derdim. Shu farzandimni kitob o‘qitishga sal qiynalgan bo‘lsam-da, ammo nazorat, ko‘rgan choralarim samara berdi. Baribir o‘qishga qiziqib ketdi. Keyin mening qistovlarimsiz ham kitob o‘qiydigan bo‘ldi.
Har bir insonning birinchi ustozi uning onasi bo‘lsa, aksariyat ijodkor insonlarning dastlabki ijod mahsulini baholovchi inson ham bu onadir. Hozir O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanali direktori, jurnalist, shoir Vohid Luqmonni ham ijod olamiga yetaklagan inson Tamara ona Isoqovadir.
— Har qanday ijodkorning birinchi urinishlari “xom”roq bo‘ladi. Uni “pishitish”, takomillashtirish birinchi ustozga bog‘liq. Ham adabiyot muallimasi, ham ona sifatida ijodkor o‘g‘limga qo‘limdan kelgan barcha yordamni qildim, — deydi Tamara ona. — Ijodkor odamning qalbi nozik bo‘ladi. Unga maslahat yoki yordam berish ham noziklik, ehtiyotkorlik talab qiladi. Ustiga-ustak ta’lim-tarbiyaning o‘zi o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashiladigan jarayon. Bu shunday jarayonki, unda hech qachon uzilmaydigan izchillik bo‘lishi kerak. Agar siz, farzandingiz o‘qishlarini bugun nazorat qilib, ertaga qaramasangiz, uning ertasiga yana “kundaligingni olib kel, bir ko‘rib qo‘yay” desangiz, bu harakatingizdan foyda yo‘q. Nazorat izchil bo‘lishi kerak. Va nazorat qiluvchi, ya’ni ona ham boladan talab qilayotgan narsasiga javob bera oladigan darajada ilmli bo‘lishi shart. Shu bois, kelinlarning ham ilm-ma’rifatli, oliy ma’lumotli bo‘lishlari tarafdoriman. Ikki kelinimni o‘rta ma’lumotli holatida kelin qilib olgach, o‘zim oliy o‘quv yurtida o‘qitdim. Uchinchi kelinim ham oliy ta’limdagi tahsilni kelinlik uyida davom ettirdi. Nabiralarim ziyoli inson bo‘lishlari uchun ularning onalari ham o‘qimishli, ma’lumotga ega ayol bo‘lishlari shart deb hisoblaganman.
Tamara onaning 5 nafar farzandi bugun jamiyatda o‘z o‘rniga ega, elga halol xizmat qilib kelayotgan insonlardan. Ikki qizi maktab o‘qituvchisi, o‘g‘illari esa jurnalist, shifokor, pedagoglik kasblarini egallab, oilada va hayotda ko‘p muvaffaqiyatlarga erishib kelishmoqda.
Abdulla Avloniy “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida shunday deydi:
“Emdi ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go‘zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. “Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur?” degan savol keladur. Bu savolga, “birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur”, – deb javob bersak, bir kishi deyurki, “qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar”, der. Mana, bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak, qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qitmak, tarbiya qilmak lozimdur”, – der. Mana bu so‘zni eshitgach, umid qo‘llari qo‘ltuqg‘a urilur”.
Bu afsuslar, bir asr avval bitilganiga qaramay, hamon dolzarb. Agar har bir insonning bir oqila onasi, har bir oilaning bir dono ayoli bo‘lsa, demakki xalqimiz ma’naviyati, yurtimiz istiqboli yuksalaveradi. Farzandi istiqboli uchun mehnat-u zahmatdan qochmaydigan, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, eng birinchi ustozlikni yuksak darajada ado etishga qodir onalar ko‘payaversin.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri