Bola betarbiya bo‘lib tug‘ilmaydi
Ota va bola munozarasi elimizga begona emas. Mirzo Ulug‘bek va uning o‘g‘li Abdullatif... Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasida ham ana shunday fojia aks etadi. U o‘zbek dramaturgiyasining ilk mevasi.
Behbudiy 1916-yildayoq chor hukumatini ag‘darmoqchi bo‘lgan bolsheviklarning – sovet hukumatining asosiy mafkurasidan ogoh qilmoqchi bo‘lganday tuyuladi. Bolsheviklar ko‘hna Turkistondagi barcha davlatlarni otani o‘g‘ilga, o‘g‘ilni otaga qarshi qo‘yish yo‘li bilan egalladi. “Yosh buxoroliklar” harakati – Buxoro amirligini, “Yosh xivaliklar” esa Xiva xonligini qulatishda sovetlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘ldi. Ota musulmon, o‘g‘il esa kommunist.
Bunda aybdor kim? Aybdor – otalar, katta avlod yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga sololmadi, ularga ilm bermadi, to‘g‘ri tarbiyalamadi.
“Padarkush”da o‘qituvchi otani necha bor o‘g‘lini ta’limga yo‘naltirishga undaydi. Ota esa moddiy boyligi bor odamga ilm kerak emas, deb bildi. Vaholanki, boylikni topish va uni asrash, miqdorini yanada ko‘paytirish uchun ham ilm, malaka kerak. Bolalar tabiatan o‘zgaruvchan, har qanday yangiliklarga ishqiboz bo‘ladi. Yosh avloddagi bunday o‘zgarishlarni vaqtida anglab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash – biz kattalarning zimmamizda.
Mahmudxo‘ja Behbudiy qalamga olgan har qanday muammo avvaliga oriflik, ilm-ma’rifat, zamonaviy bilim, taraqqiy etgan dunyo ahli bilan baravar bo‘lish, hurriyat va muxtoriyat kabi masalalar bilan uyg‘unlashib ketadi. Birgina “Padarkush” dramasi nomiga “o‘qimagan bolaning holi” ilovasining qo‘shilishida ham o‘qishga, ma’rifatga undash bor. Unda o‘qimagan bolaning kelajagi barbod bo‘ladi, el-yurtiga foydasi tegmaydi, oxir-oqibat otasining qotiliga aylanadi, degan g‘oya o‘zining badiiy-sahnaviy talqinini topgan. O‘z otasi o‘limiga sababchi bo‘lgan Toshmurod obrazi – o‘qimagan bolaning ojiz, ayanchli qiyofasi.
Behbudiy o‘zini qiynab kelgan, o‘nlab maqolalarida ta’kidlagan haqiqatni Ziyoli obrazi vositasida drama yakunida shunday bayon etadi: “Agar bularni otasi o‘qutsa edi, bu jinoyat va padarkushlik alardan sodir bo‘lmas edi… Oh, haqiqatda boyni o‘ldirgan bilimsizlikdir. Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdir: bevatanlik, darbadarlik, arosat, faqru zarurat va xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidur. Dunyoda taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi…”.
Men uchun asarning eng ta’sirli joyi Toshmurod va uning shishadoshlari qotillikdan so‘ng ham o‘z maishatlarini davom ettirganlaridir. Otasining tanasi sovimasdan turib aroq ichgan, ishrat qilgan yigitchani kim deb atashni ham bilmaysan kishi. Yana bir achinarli tomoni Toshmurod, Tangriqul, Davlat va Norning 15–17 yashar bolalar ekanligi – uydagilari tomonidan ayni nazorat kuchaytiriladigan yoshdagi bu murg‘aklarning o‘sha paytdagi ishratxonalarda bemalol yurishi aqlga sig‘maydi. Bolalarga, boyga maslahat beradigan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan domla va ziyolining o‘zlari ham tarbiyaga muhtoj – biri nos, biri tamaki chekadi.
Tarbiya – bir kunlik ish emas. Shu bilan birga bola tarbiyani har kimdan olishi kerak emas. Qadimiy kitoblarda “Farzandlaringiz sizning aksingizdir” deyilgan. Tarbiyaning eng samarali usuli bu shaxsiy namuna bo‘lishdir.
Bolaning ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy, iqtisodiy huquqlarini to‘la ta’minlash maqsadida qabul qilingan qonunlarimiz va ularning targ‘iboti hamda ijrosida hali ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Bugungi tez o‘zgarayotgan xatarli dunyoda hushyorligimizni har doim oshirib borishimiz lozim. Targ‘ibotning eng samarali usullaridan foydalanishimiz, qaysi soha vakili bo‘lmaylik, bolalar tarbiyasida qo‘lni qo‘lga berishimiz lozim.
Telekanallarda odobga salbiy ta’sir qiladigan ko‘rsatuvlarga turli cheklovlar o‘rnatish bo‘yicha amaldagi qonunchiligimizga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lsa-da, “7+”, “16+”, “20+” kabi yozuvlar nega faqat efirning boshidagina 5 yo 10 daqiqa namoyish etilishi kerak?
Amaldagi qonunchiligimizda spirtli va tamaki mahsulotlari reklamasi to‘liq taqiqlangan, 20 yoshdan kichiklarga kirish taqiqlangan bunday do‘konlar nega ta’lim muassasalariga juda yaqin joylarda bemalol faoliyat yuritishi kerak?
Milliy qonunchiligimizda ham, qadriyatlarimizda ham taqiqlangan yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh holatlarining uchrayotgani ham qonunchilik targ‘ibotida yetarli ish olib bormayotganimizning oqibati. Yaqin qarindoshlardan tug‘ilgan farzandlar umri davomida o‘zini o‘zi nobud qilishga bahona qidirib yurishi ilmiy tomondan isbotlangan.
Har bir qonun va uning moddasi zamirida inson taqdiri, kelajagimiz bardavomligi turadi. Bizda inson qadri, uning hayoti, haq-huquqi oliy qadriyat hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida fuqarolarimiz, jumladan bolalarning 25 xildan ortiq huquqlari o‘z aksini topgan hamda farzandlarimizning barcha huquqlari har qanday tajovuzdan himoya qilinishini davlat o‘z zimmasiga olgan. Bolalarini barcha xavflardan har tomonlama asragan davlat qudratli bo‘ladi. Qudratli davlatgina o‘z fuqarolarini himoya qila oladi.
Bola betarbiya bo‘lib tug‘ilmaydi. Uni to‘g‘ri tarbiya qilolmagan ota-ona va jamiyat bo‘ladi.
Nargiza HAYITBOYEVA, Olmazor tumanidagi 326-IDUMning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi