O‘quvchi sevsa, aybmi?
Gulandom darsdan so‘ng ertangi rejalar ustida xotirjam ishlash uchun to‘garak xonasiga yo‘l oldi. Ish stoliga o‘quv dasturi, darslik va tarqatmalar tayyorlash uchun narsalarni hafsala bilan terdi. Ish rejasidan ertangi dars mavzularini aniqlashtirib oldi. Ammo ruhiy horg‘inlik sabab fikrlari tarqoq bo‘lib, qo‘li ishga bormadi.
O‘quvchi qizlari yuqori sinf bo‘lgani sayin Gulandomning o‘y-tashvishlari ortib borardi. Ayrim qizlarning balog‘at yoshiga o‘tish davri qiyin kechayotganini ularning fe’l-atvori ko‘rsatib turardi. Bugun ham bir o‘quvchi qizi jizzakilik bilan algebra ustoziga behurmatlik qilibdi. Ustoz(erkak ustoz) jahllandi: “Erkalatib yuborgansiz qizlaringizni! Qani edi, o‘g‘il bola bo‘lsa-yu, bir tarsaki tortib, tanobini to‘g‘rilasang!”. Gulandom og‘irlik bilan ustozdan uzr so‘radi-da, o‘quvchisini darsdan olib chiqdi. Yaxshi gap-so‘z bilan qizning ko‘ngliga yo‘l topdi. Aslida uyida akasi bilan tortishib chiqqan qizning kayfiyati dars vaqti ham shu taxlitda turganidan jahldan sapchib ketganini sezmay qolgan… Kunora bo‘lib turadigan bunday holatlardan ruhan charchagan Gulandom yoshi ulug‘ ustozlar suhbatiga borib qo‘shildi. Maslahat olmoqchi bo‘lib, voqeani silliqlab aytdi. Ayol ustozlardan biri voqea qahramoni qolib, yana boshqa o‘quvchi qiz haqida gapirib ketdi: “O‘tgan kuni Sadoqatning ko‘chada Murod(bir sinf yuqori o‘quvchisi) bilan birga ketayotganini ko‘rdim. O‘quvchilarimdan so‘rasam, bir-birini yaxshi ko‘rarkan. Telefonda tinimsiz gaplasharkan. Tavba, senga sevgini kim qo‘yibdi? Siz-chi? Nega surishtirmaysiz? Qattiqqo‘l bo‘lmaysiz? Ota-onasini tartibga chaqiring, bolasiga tarbiya bersin! Maktab sha’nini ham o‘ylang-da!”.
Buni o‘zi ham sezgandi, nima qilsin, ko‘ngil qo‘yish aybmi?
Buning uchun jazolash kerakmi? Axir, bolalarcha muhabbatga to‘sqinlik qilib bo‘ladimi? Sadoqatga mehr bilan tushuntirgandi. Eh, shuncha hamkasblarining oldida tanbeh eshitishi yomon bo‘ldi. Bu yerga nima dardda kelgandi… Xonaga qaytib, ishlarini bazo‘r yakunladi. Ustozlarning maslahatiga kiray deb qizning onasiga qo‘ng‘iroq qildi, bafurja suhbatlashish uchun o‘zining uyiga chaqirdi. Mahallachilik qursin, o‘quvchining uyiga borsa, qo‘ni-qo‘shnilar degandek. Maktabga chaqirsa, o‘quvchisining dili og‘riydi, o‘rtoqlari oldida xijolat bo‘ladi.
Ona kelgach, Gulandom hol-ahvol so‘rab, gapni uzoqdan boshladi. Yoshlik davrlarini bir-bir eslagan bo‘lib kulishdi. So‘ng gapni gapga ulab, Sadoqat shu kunlarda onaning do‘stligiga ehtiyoj sezayotganini aytdi. Ona ham nimalardir bo‘layotganini, qizining tez-tez uyga qamalib olishini aytib: “Uf, nega kuzatmadim ekan-a?” dedi. Gulandom bo‘lsa, onaning yuzidagi o‘zgarishni ko‘rib, qayta-qayta tayinladi: “Ortiqcha gap aytmang, tanbeh bermang, dugonalarcha ko‘nglini biling. To‘g‘ri yo‘naltirsangiz, hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Ertasi kuni Sadoqat maktabga kelmadi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi hamki, onasi go‘shakni ko‘tarmadi. Gulandom xavotir ola boshladi. Oraliqdagi darsi yo‘q soatdan foydalanib, o‘quvchining uyi tomon ketdi. Eshikni ochgan Sadoqat tutqichini ushlagan holda yig‘lab yubordi. Qizni bag‘riga bosib, hovliga kirishdi. Hamma ishga ketgan, uyda bir o‘zi ekan. Bo‘lgan voqeani yig‘lab-yig‘lab aytib berdi:
— Kechki taomga taraddudlanayotgan edim, onam yuz-ko‘zi qizarib kirib keldi. Yuragim shuv etdi. Menga ko‘zi tushdi-da, tezda yonimga kelib, qo‘limdagi kapgirni olib otdi: “Yo‘qol ko‘zimdan, meni sharmanda qilding. Undan ko‘ra, yerga kirayin edi!”. Qo‘rqqanimdan qaltirab qoldim. Rosa koyidi. Ustoz, ayting, men sevib qolib ayb ish qildimmi? Ota-onamning, ustozlarimning yuzini qora qiladigan qanday xato qildim? To‘g‘ri, men Murod akani yaxshi ko‘raman. Ammo bu axloqim buzildi degani emas-ku? Kimnidir qattiq hurmat qilish va unga yaqin munosabatda bo‘lish qiz bola uchun mumkin emasmi? Nega bizni tushunmaydilar? Mana, maktabga ham yubormadi. Ustoz, nima qilay, ayting! Aybimni qanday yuvay?
Gulandomning yuziga ko‘z yoshlari seldek oqdi, o‘quvchisini bag‘riga bosib:
— Qizim, sen xato ish qilmading. Hamma xatolar kattalardan o‘tdi! Sevish ayb emas. Sening qalbingga yaqin borolmagan kattalarda ayb! Bolajonim, kechir meni, katta ustozlarga qarshi borolmaganim uchun, senga yaxshi bo‘lsin deb onangga aytganim uchun kechir. Yig‘lashib olgan “ona-bola” ancha taskin topdi, yengil tin oldi. Gulandom xotirjam bo‘lsa-da, og‘ir yuk bilan o‘rnidan turdi. Shogirdi ma’yusgina kulib, uni kuzatdi.
* * *
Azizlar, bunday voqealar sizlarga ham yot bo‘lmasa kerak. Gulandomning o‘rnida bo‘lganingizda nima qilardingiz? Ayting-chi, o‘quvchi sevsa, aybmi?
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz shahridagi 23-maktab o‘qituvchisi