Yosh avlodga e’tibor – kelajakka e’tibor
Har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni boy meros egasi bo‘lgan ajdodlarga munosib tarbiyalash doimo muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Bunda yoshlarini diniy va dunyoviy ilmlardan barobar bahramand etishga alohida e’tibor qaratish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 15-umumta’lim maktabida tashkillashtirilgan “Yoshlar o‘rtasida mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni shakllantirish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishning oldini olishda ta’lim muassasining o‘rni” mavzusidagi o‘quv-seminari ana shu maqsadlarga qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab maktab hayoti, shuningdek, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.
Undan so‘ng darslar festivali boshlandi. Maktabning M.Xudoyberdiyeva, S.Baqoyeva, H.Karimova, D.Haqqulova, N.Bo‘ronova, D.Qo‘ziyeva, D.Murodova, N.Rahmatova, G.Qurbonova singari mahoratli o‘qituvchilari namunaviy ochiq darslari o‘tib, o‘z mahoratlarini ko‘rsatdilar.
— Darsda ko‘proq qiziqarli o‘yinlar va interfaol usullardan foydalanishga harakat qildim, – deydi Ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Nigora Bo‘ronova. – O‘quvchilarni guruhlarga bo‘lib ishlash darslarda yaxshi samara beradi. Mavzuni yaxshi tushuntirib berishda ko‘rgazmali qurollarning o‘rni beqiyos. Ochiq darslar o‘quvchilarning fan mohiyatiga yanada chuqurroq kirishiga yordam beradi.
Shundan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga navbat berildi. Maktabda tashkil etilgan “Zakovat” klubi ishtirokchilari bilan “Bo‘sh o‘tirma – bosh qotir” mavzusida viktorina o‘tkazildi. Aytish kerakki, viktorina o‘quvchilarning intellektual salohiyatlarini yanada yuksaltirish, maktabda olgan bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Qiz bola-jamiyat ko‘rki”, “Farzand tarbiyasida ota-ona mas’uliyati” mavzusilarida o‘tkazilgan tadbirlarda yoshlarning jamiyatda tutgan o‘rni, oilada farzand tarbiyasi, odob-axloq tushunchalari haqida ma’ruzalar qilindi.
Seminar maktabning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan “Buyuk siymolarga munosib vorismiz” mavzusidagi musiqali dastur bilan yakunlandi.
Umidjon Nasriddinov