Kitobdan kitobgacha
Charchadim. O‘qishdanmi, o‘ylovlardanmi, issiqdanmi, sovuqdanmi bilmayman. Harakatsiz qoldim. Faylasufona xayollar surganimda buyuk kelajagim deya qaraydigan kitoblarim(imtihonga tayyorgarlik qo‘llanmalari)ni qo‘limga ham olgim kelmay qoldi. O‘zimni xafa qiladigan, qiynaydigan odatim yo‘qligi sabab tezda qaror qildim: Samarqandga ketaman! Opamning yonida bir-ikki hafta bo‘lsam, miyam anchagina dam oladi. Ota-onamdan bir amallab ruxsat olgach yo‘lga chiqdim. Nihoyat opam turadigan talabalar yotoqxonasiga kirib borarkanman “miya dam olishi” o‘rniga ko‘nglimga allaqanday g‘ashlik bostirib kirdi. Opam bilan yarim tungacha qilgan shirin suhbatlarimiz-da bu g‘ashlikni daf qilolmadi.
Ramazon oyi edi. Saharlikka uyg‘ondik. Nonushtadan so‘ng opam va xonadoshlari uxlab qoldi. Men esa odatlanib qolganman. Uxlayolmasligimni bilib opamning javonini titkilay boshladim. Qo‘limga Qo‘chqor Norqobilning “AFG‘ON 2-ROTA” kitobi ilindi. Tanlab o‘tirmay, to‘g‘ri kelgan joyini ochib o‘qiy boshladim. Boshladim-u dahshat ichida qoldim. Undagi qahramonlar — afg‘onlar ham, ularga qarshi jon-jahdi bilan, va yana ixtiyorsiz kurashayotgan “biznikilar” ham dahshatli iztirobda, arosatda edi. Bu taqdirlarning ko‘pi menga tengdosh edi. “Ular jasur edi...Ular vatanparvar...”.
Avtobusda uchratganim — bir mast kishining so‘zlari yodimga tushdi. Sakkiz yoshlarda edim. U shirakayf ko‘zlarini chaqchaytirib afg‘on urushi haqida gapirib bergandi. O‘sha onda his qilgan qo‘rquvim umrbod yodimdan chiqmasa kerak. Keyinchalik oyim ham aytib bergan...
Yig‘lab yubordim. Hatto Kumush o‘lganda ham yig‘lamaganman. Endi esa chidolmasdim, chunki bu kitob menga kutilmagan tarsaki tushirdi. O‘zimcha uxlamayapman deb alahlayotgan tushimdan uyg‘otib yubordi. Asardagi dahshatga, iztirobga, qonlarga qorishib ketgan yosh qalblarning orzulariga emas, o‘z holimga, irodasizligimga yig‘layotgan edim. Chunki kitobdan bosh ko‘targanimda hammayoq tinch, kechasi bilan tinmagan mashinalar qatnovi yanada ko‘paygan, men bir-bir qarab chiqayotgan go‘zal qizlar esa talabalikning orombaxsh quchog‘ida shirin uyquda edilar. Tong otyapti. Qaror qildim: Ketaman!
Gulrang UBAYEVA, ToshDO‘TAU talabasi