“Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi!”
Har doim shu ovozni eshitganimda Toshkentga birinchi bor kelganim esimga tushadi. Ana, manglayiga “Toshkent” bitilgan avtobus qo‘zg‘aldi. Safarxaltada qishloqning bor noz-ne’matlari, ko‘ngilda bir osmon orzular, yonimda sinfdosh jo‘ram. U qarindoshinikiga, men imtihon topshirishga ketyapman. Avval ham bir-ikki borgani uchun u yo‘l-yo‘lakay poytaxt haqida bilganlarini gapiradi:
— Mahkam bo‘l, jo‘ra. Toshkent senga ammangdi qishlog‘imas. O‘zingdi shaharlikday tut. Uvadang oqib, og‘zingni ochib yursang, hamma ustingdan kuladi… Tog‘ri o‘qishga boraman deysanma?
— Yo‘q, avval metroni ko‘rmoqchiman.
Toshkentdan kelgan tanishlarim aytgani uchunmi, yo televizorda qayta-qayta maqtab ko‘rsatganigami (boshqa arzigulik narsasi bo‘lmasa kerak) poytaxt deganda birinchi bo‘lib metro ko‘z oldimga kelardi.
To Toshkentga yetguncha jo‘ram unday qil, bunday qilma, deyaverib quloq-miyamni qoqib qo‘limga berdi. Konduktorning “Sobir Rahimovga yetib keldik, tushinglar”, degan ovozigina qutqarib qoldi.
— Mayli, sen boraver, o‘zim topvolaman, — dedim yosh boladay yetaklab allaqayoqlarga boshlab ketayotgan jo‘ramga.
— Adashib qolsang, o‘zingdan o‘pkala! — qo‘polroq ohangda gapirgan bo‘lsam
kerak, shunday dedi-yu arazlagan bo‘lib orqasiga qayrilmay jo‘nadi.
— He-ee, senga o‘xshagan shaharlikniyam…
Atrofimni kirakashlar o‘rab oldi. “Oka, Sergelimasmi?”, “Oka, o‘tiring oborib qo‘yaman”... Yaxshimi, yomonmi jo‘ramning “O‘zingni shaharlikday tut!”, degan nasihati qulog‘imda qolgan bo‘lsa kerak, gerdaygannamo bosh chayqab, o‘tib ketdim. Birdan metroga borishim kerakligi esimga tushdi. Bu qurg‘urning qayerdaligini endi odamlardan so‘rash kerak:
— Ok-ka, — dedim kirakashlarga taqlidan yonimdagi olimnamo, ko‘zoynak taqqan bir kishiga qarata, — metrog‘a qaydan tushiladi?
Tilim yaxshi aylanmaganidan yuzim qizarib, kulgili alfozga kirgan bo‘lsam kerak, “ok-ka” ham aft-angorimga jilmaygancha razm soldi-yu, qarama-qarshi tomonga ishora qildi.
Mo‘ltonixaltani orqalagancha metroga kirdim. Melisa akalar o‘zga davlat delegatsiyasini qarshilaganday, ayricha hurmat ko‘rsatib kutib oldi. Keyin bilsam sumkalarimni tekshirmoqchi ekan. Imtihonga ketayotganimni bilgan shekilli meni savolga tuta boshlashdi.
— Bu nima?
— Turshak.
— Bu-chi?
— Mayiz…
Odam ato yaralganda dunyodagi jamiki nimarsalarning nomi o‘rgatilgani kabi, qishloqdan orqalab kelganlarimning hammasi bilan melisa akalarni birma-bir tanishtirdim. Bular qishoqiligimni bilib, jo‘ram aytganday jo‘rttaga ustimdan kulishyapti, deb o‘yladim avvaliga. Lekin rostan ham bilmas ekan. Bu safarxaltaning tubidan o‘rin olgan kitoblarga navbat yetganda oydinlashdi:
— Bu nima?
— Kitob (Yo tavba, kitob nimaligini bilmay turib ham, melisa bo‘lish mumkin ekanda).
— Nima yozilgan?
— Qishlog‘imizdagi Abdusamad shoirning kitobi bu. Ichida she’rlar bor.
Kitob ko‘rmagan sho‘rliklarni noqulay ahvolga qoldirmayin deb, she’rlardan bir-ikkitasini o‘qib ham berdim.
Turna(ri)ketdan o‘tishimning o‘zi alohida bir hikoya. Bu haqida yanagi suhbatlarimizda aytib beraman. Hozir, poyezd qo‘zg‘almay turib chiqib olaylik. Keyingisi qachon keladi, bizga qorong‘i…
Qarama-qarshi eshik yoniga sumkamni qo‘yarkanman “Iltimos suyanmangiz”, degan yozuvga ko‘zim tushdi. O‘zing uchun o‘l yetim dunyo. Iddao qilmasangiz ham Toshkenda suyanadiganimiz yo‘q, dedim ichimda. So‘ng bir opaning “Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopiladi! Keyingi bekat— Chilonzor” degan ovozi yangradi. Baraka topkur shu opa ham qishloqdan kelganimni sezibdi-da. Men uchun alohida tushuntiryapti. Endi u-bu kimdan so‘ramoqchi bo‘lib turgandim. Rahmat!
Menga qarata aytilgan keyingi gaplari haqoratday tuyulib ketdi: “Yosh bolali, nogiron va yoshi kattalarga joy bering”. Opajon, shusiz ham o‘tirganim yo‘q. Qishloq degani Jungli yo o‘zga sayyora emas. Bu nasihatingizni keksalarimiz bolalikdan qulog‘imizga quygan. Aytmasangiz ham bilaman. Undan ko‘ra yonidagi kampirga joy bermay, yolg‘ondakam o‘zini uxlaganga solib ketayotgan hu-uv shaharlik oliftaga ayting!
Manzilimga yetishim uchun “Paxtakor”dan boshqasiga o‘tishim kerak ekan. Metrodan tushib, ko‘p odam qayga harakatlansa, men ham shu tomonga qarab jo‘nadim. Oldimdan o‘ziyurar zina chiqdi. Unga oyoq qo‘yishim bilan g‘oyibdan menga qarata yana bir ovoz yangradi: “Eskalatordan foydalanayotganingizda tutqichlarni ushlab olishingizni so‘raymiz!”.
Xo‘rligim kelib, yig‘lab yuboray dedim. Qishloqi deb buncha yerga uradi bular! Bu matohlaring kecha paydo bo‘lmagandir! Yuz yil oldin Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz ham o‘zining “Qasdi safar”ida eskalatorni tilga oladi. Telefon-u kompyuterlar zamonida meni shu qadar ahmoq deb o‘ylayapsizmi?! Bilib turibman, qishloqdan kelgan deb menga yordam qilmoqchi bo‘lyapsiz. Ming rahmat! Faqat chet eldan kelgan boshqa sayyohlarga ayta ko‘rmang. O‘zbeklar yuz yil oldin yaratilgan eskalatordan foydalanishni hali ham bilmas ekan, deb kulib yurishmasin… Shunday o‘ylar ich-etimni tirnab metrodan chiqdim.
Toshkentga kelganimga ham mana 3-4 yil bo‘libdi. Hali ham shaharlikka kirmayman shekilli, metroda o‘sha opa har safar menga dakki beradi. Mana hozir ham “Eskalatordan foydalanayotganingizda tutqichlarni ushlab olishingizni so‘raymiz”, degan ovozi yangramoqda. Men esa uncha e’tibor bermay, so‘nggi rusumdagi telefonimdan “Ilon Mask Marsda shahar qurmoqchi!”, degan xabarni o‘qib ketyapman…
Humoyun QUVONDIQOV